"Qur‘on borasidagi ishda hakam adashgan bo‘lishi mumkin"

Yujno-Saxalinsk shahri mahkamasi Qur‘onning ayrim suralarini ekstremistik deb topgandi Image copyright RIA Novosti
Image caption Yujno-Saxalinsk shahri mahkamasi Qur‘onning ayrim suralarini ekstremistik deb topgandi

Yujno-Saxalinsk mahkamasi rahbari Aleksandr Chuxray Qur‘on suralarini ekstremistik deb topilishi noto‘g‘ri qaror bo‘lishi mumkinligini aytgan. Shahar mahkamasining hukmi Checheniston rahbari Ramzan Qodirovni g‘azablantirgan edi.

Sal oldinroq hakam Natalya Perchenko "Allohga duo: uning ma‘nosi va Islomdagi o‘rni" nomli kitobni Qur‘oni karimdan ayrim iqtiboslar keltirilgani uchun ekstremistik material deb topgan edi.

Shundan so‘ng Qodirov hakamni javobgarlikka tortishga chaqirdi. U o‘z Instragramida joylashtirgan postida ushbu qarorni qabul qilgan mas‘ul shaxsni "mamlakatimizdagi vaziyatni izdan chiqarishga" harakat qilayotgan "millat xoini" deya atagandi.

"Albatta, hakam xato qilishi mumkin, buni nazardan qochirmaslik kerak. Shunga qaramasdan hakamlarimiz tomonidan ko‘rib chiqilayotgan ishlarning sifati yuqori - 80 foizni tashkil qiladi", - deya Aleksandr Chuxrayning so‘zlaridan iqtibos keltiradi Interfaks.

Unga ko‘ra, hakamlarning hukmlarida siyosiy omillar yo‘q.

Chuxray shuningdek, Checheniston rahbariga "qonuniy yo‘l bilan borishni" va hakam qarori yuzasidan shikoyat yozishni maslahat berdi.

Bundan oldinroq Bosh prokuratura vakili Marina Gridneva hakam va prokurorlarni haqoratlashga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini bildirgan edi.

Bu orada Qodirov ijtimoiy tarmoqlarga yana fikr qoldirdi. U Saxalinsk hakamining qarorini ahmoqona deb bilishini va bu qaror bilan u "millionlab rossiyalik va dunyodagi bir yarim milliard musulmonni haqorat qilganini" aytdi.

Qodirovni Rossiya muftiylar Kengashi hamraisi Nafig‘ulla Ashirov ham qo‘llab quvvatladi. U muftiyatning Yujno-Saxalinsk shahar sudi qarori ustidan shikoyat qilishini bildirdi. "Govorit Moskva" radiosiga gapirgan Ashirov, dunyoviy davlatning mahkamasi "muqaddas matnlar ustidan" hukm chiqarmasligi kerak degan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio