Futbol: "Bosh murabbiy ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlardan xabardor"

Ahmedovni jamoadoshlari yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylagan Image copyright anzhi
Image caption Ahmedovni jamoadoshlari yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylagan

Rossiyaning "Krasnodar" klubi tayanch yarim himoyachisi Odil Ahmedov O‘zbekiston milliy terma jamoasi ichida yashirin ovoz berish yo‘llari bilan o‘tkazilgan saylovda eng ko‘p ovoz olgan holda sardor bo‘lgan.

Terma jamoa Jahon chempionatiga saralash musobaqasida ilk o‘yinda Shimoliy Koreyaga yutqazib qo‘ygach Mirjalol Qosimov o‘rniga Samvel Babayan tayinlangandi.

Babayan ikki marta rasmiy o‘yin o‘tkazdi. Uning ikkalasida ham O‘zbekiston termasi g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, muxlislar orasida murabbiyga nisbatan ozroq ishonch bildirilayotgani aytiladi.

O‘zbekiston Futbol federatsiyasi matbuot kotibi Sanjar Rizayev BBC bilan suhbatda terma jamoa bosh murabbiyi Samvel Babayanning ijtimoiy tarmoq va matbuotda bildirilayotgan fikrlardan muntazam xabardor bo‘lib turishini bildirdi.

Biz O‘zbekiston Futbol federatsiyasi matbuot kotibidan terma jamoaga sardor saylash jarayoni qanday o‘tganini so‘radik.

Sanjar Rizayev: Odatda terma jamoada sardorlarni murabbiy emas, futbolchilarning o‘zi saylaydi. Murabbiy futbolchilarga ko‘rsatma beradi Lekin maydonda futbolchilarga ta‘sir qila oladigan va butun jamoani oldinga yetaklay oladigan futbolchini jamoaning o‘zi saylaydi. Bu safar milliy terma jamoa a‘zolari Odil Ahmedovga yashirin ovoz berish yo‘li orqali mana shu qarorga kelishdi. Murabbiy futbolchilarning bu qarorini, umumiy fikrini qabul qildi.

BBC: O‘zbekiston milliy terma jamoasining bir necha yildan buyon sardori Server Jeparov edi. Futbolchilar o‘zgarmadi, ya‘ni murabbiydan boshqa o‘zgarish bo‘lmadi. Futbolchilar nima uchun Serverni emas, Odilni saylashga qaror qilishgan?

Sanjar Rizayev: Terma jamoada birinchi yig‘inga chaqirilgan 30 futbolchi, keyinchalik qisqartirilgan tarkib – 23 futbolchining ovozi inobatga olingan. Ular nima uchun Server Jeparovga ovoz berishmadi, tabiiyki, bunga men sharh bildira olmayman. Chunki bu ularning tanlovi.

BBC: Bosh murabbiy Babayan tomonidan ham qandaydir aralashuv va tavsiya bo‘lganmi?

Image copyright twitter
Image caption Sanjar Rizayev bosh murabbiy jamoatchilik fikri bilan tanishib borishini aytadi

Sanjar Rizayev: Tabiiyki, futbolchilar bilan yig‘ilish bo‘lganida yangi murabbiy jamoa tuzish va uni shakllantirish asnosida sardor, vitse kapitan – agar Ahmedov almashtriladigan bo‘lsa, yoki o‘yin o‘tkazib yuboradigan bo‘lsa, uning o‘rniga jamoani sardor sifatida boshqaradigan o‘yinchilarni aniqlab oladi. Misol uchun, Shimoliy Koreyaga qarshi o‘yinni oladigan bo‘lsak, garchi vitse kapitan boshqa futbolchi bo‘lishiga qaramasdan, o‘sha o‘yinda Ignatiy Nesterov terma jamoani sardor sifatida maydonga boshlab tushgan. Har xil holatlarga qarab, futbolchilarning tarkibi yoki murabbiyga qarab bu narsa o‘zgarishi mumkin. Lekin birinchi navbatda sardorning kim ekanligi jamoaning o‘zida o‘tkaziladigan ichki so‘rovnomaga bog‘liq.

BBC: Terma jamoaga yangi murabbiy tayinlanganidan so‘ng Babayanga Yamandan keyingi o‘yinda ham nisbatan ishonchsizlik bildirildi. Jamoa Flippinni 5:1 ga yutganidan so‘ng, munosabat qanday bo‘lyapti?

Sanjar Rizayev: Shaxsan o‘zim jamoatchilik fikrini ijtiomiy tarmoqlar, turli saytlardagi muxlislarning fikrlari, qolaversa, futbol federatsiyasiga qo‘ng‘iroq qilib turadigan ishqibozlar orqali o‘rganishga harakat qilib boraman. Muxlislarni ikki toifaga bo‘lish mumkin. Kimdir yangi bosh murabbiy, umuman terma jamoa o‘yiniga yangi o‘yinni olib kirgan murabbiyni yoqlab chiqayotgan bo‘lsa, yana kimdir bundan xursand emas. Ya‘ni o‘sha Yamanga qarshi kichik hisobdagi g‘alaba. Lekin shunga qaramasdan, Filippinga qarshi ishonchli g‘alaba qo‘pol qilib aytganda sal "yig‘loqi" futbol ishqibozlarimizni yoki hissiyotga beriluvchi futbol ishqibozlarimizning xavotirlarini biroz chekintirgandek tuyuldi. Lekin baribir O‘zbekiston terma jamoasining asosiy o‘yinlari oldinda. Yaqinlashib kelayotgan 8 oktyabrda Bahrayn va Shimoliy Koreya bilan o‘yinlardagi natijalar jamoatchilik fikrining yanada o‘zgarishiga sabab bo‘ladi. Ya‘ni biz ikkiga bo‘layotgan toifalarning qaysidir biri yiriklashishiga xizmat qilsa kerak.

BBC: Milliy terma jamoa Bosh murabbiyi Samvel Babayan bildirilayotgan fikrlardan xabardor bo‘lib turadimi, ularni e‘tiborga oladimi?

Image copyright none
Image caption Babayanning terma jamoaga bosh murabbiy etib tayinlanishini hamma ham iliq kutib olmagan

Sanjar Rizayev: Albatta, tarqalayotgan tanqidiy bo‘ladimi yoki to‘g‘ri ish qilinayotgani haqida omma orasida jarang berayotganini bosh murabbiyga uning yordamchilari doimiy ravishda yetkazib turishadi. Qolaversa, men ham tizimli ravishda, deyarli har kuni, bir necha marotaba turli fikrlar yoki maqolalar chop etilgan web linklarni jo‘natib turaman. Bosh murabbiy ular bilan tanishib, muhokama qiladi. Bu shubhasiz.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio