Putin Tojikistonga yordam qo‘lini cho‘zmoqchi

Image copyright sco

Dushanbega safarini boshlayotgan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin zo‘ravonliklar ichida qolgan Tojikistonga yordam taklif qilishi kutilmoqda.

Bu haqda Kreml matbuot xizmati ma‘lum qilgan.

Reyter agentligining Rossiya Prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakovdan iqtibos keltirishicha, 14-15 sentyabr kunlari Dushanbeda bo‘lishi kutilayotgan Prezident Putin Prezident Rahmon bilan muzokaralar chog‘ida Moskva so‘nggi zo‘ravonliklar to‘lqinini bartaraf etishda Tojikistonga qanday yordam berishi mumkinligi masalasini muhokama qiladi.

"Biz Tojikistonga siyosiy dastak bilan bir qatorda u yoki bu shaklda yordam ko‘rsatishga tayyormiz", - deb aytgan Kreml mulozimi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni masala Putini va Rahmon muzokaralari kun tartibining markazida bo‘ladi.

Tojikistonda shu oy boshidan buyon davom etayotgan zo‘ravonliklar hozirga qadar 20 dan ortiq insonning umriga zomin bo‘lgan.

Rossiya Tojikistonga harbiy yordam berishi mumkinmi, degan savolga janob Ushakov "bu muhokamalar qaysi yo‘nalishda borishiga bog‘liq" deya javob qaytargan.

Tojikistonda o‘z harbiy bazasiga ega bo‘lgan Moskva Nato qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etganidan so‘ng mintaqadagi vaziyatning beqarorlashishidan xavotirda.

Shu kunlarda Rossiyaning 40 tonnalik insonparvarlik yordami Tojikistonga yetib kelgan.

Ayni paytda tojik rasmiylari isyonkor general Abduhalim Nazarzodaning o‘ldirilgani haqidagi xabarlarni tasdiqlashmagan.

Tojik matbuotining rasmiylarga tayanib xabar berishicha, hukumat kuchlari Dushanbedan 150 kilometr sharqdagi Romit darasida olib borayotgan mahsus amaliyot "hal qiluvchi bosqichga kirgan".

Mahsus aksilterror kuchlari general Nazarzoda va uning qurolli tarafdorlarini qurshab olgani xabar qilinadi.

Abduhalim Nazarzoda 4 sentyabr kuni Dushanbe va Vahdat shaharlarida militsiya postlariga hujum uchun mas‘ul ko‘rilmoqda.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, ushbu hujumlarda 9 nafar militsiya xodimi o‘ldirilgan va hujumdan so‘ng Nazarzoda o‘z tarafdorlari bilan Romit darasida yashiringan.

Mamlakat Prezidenti ularni vaziyatni beqarorlashtirishga harakat qilishda ayblagan.

Tahlilchilarga ko‘ra, 1990-yillar o‘rtalarida fuqarolar urushini boshdan kechirgan Tojikiston uchun bu kabi voqealar rivoji anachayin xavotirlidir.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio