Qozog‘istonni kelajakda Nazarboyevlar sulolasi boshqaradimi?

Image caption Darig‘a Nazarboyeva uzoq yillik siyosiy intilishlarga ega

Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevning to‘ng‘ich qizi Darig‘ani bosh vazir o‘rinbosari etib tayinlashi Markaziy Osiyoning energiya zahiralariga boy ushbu davlatida sulolaviy merosxo‘rlikka doir farazlarning kuchayishiga sabab bo‘lgan.

75 yoshli Nazarboyev sobiq sovet respublikasini 1990 yildan buyon daxlsiz boshqarib keladi. Mamlakatda siyosiy faoliyat qattiq nazorat ostida, Nazarboyevning prezidentlik muddati esa cheklanmagan.

Ayni paytda Nazarboyev xalq orasida haqiqatan ham mashhur.

Qozog‘istonda sovetlardan keyingi tinch o‘tish davri va muvaffaqiyatli bozor islohotlari Nazarboyev nomi bilan bog‘lanadi.

Shu yilning aprelida u 97 foiz ovoz bilan beshinchi marta prezidentlikka saylangan.

Saylovlardan avval Nazarboyev siyosiy islohotlar o‘tkazish, jumladan, hokimiyat vakolatlarini prezident, hukumat va parlament o‘rtasida tengroq taqsimlashga va‘da bergan edi.

Bu esa Prezident hokimiyatni topshirishga hozirlanayotganining belgisi sifatida ko‘rilgan.

Ko‘pchilik Nazarboyev uchun merosxo‘r tanlashda eng muhimi o‘z oilasi manfaatlarini himoya qilish va siyosiy guruhlar hamda oligarxlar o‘rtasidagi qudrat muvozanatini buzib yubormaslik, deb ishonadi.

Beqaror Markaziy Osiyoning eng farovon va barqaror davlati bo‘lgan Qozog‘istonda hokimiyatning qay yo‘sin bir qo‘ldan ikkinchi qo‘lga o‘tishi muhim.

Chunki Rossiya, Xitoy, Afg‘oniston va Eron o‘rtasida joylashgan mintaqaning strategik ahamiyati katta.

Uzilgan siyosiy parvoz

Image copyright Reuters
Image caption Qozog‘istondagi muvaffaqiyatli bozor islohotlari Nazarboyev nomi bilan bog‘lanadi

52 yoshli Darig‘a Nazarboyeva 11 sentyabrda bosh vazir o‘rinbosari etib tayinlangunicha parlament voizining o‘rinbosari edi.

U uzoq yillik siyosiy intilishlarga ega.

1990-yillarning boshidan e‘tiboran 10 yil davomida Nazarboyeva nochor jihozlangan "Xabar" davlat telekanalini mamlakatning eng yirik media xoldingiga aylantirish bilan mashg‘ul bo‘ldi.

2003 yilda u o‘zining siyosiy partiyasi "Asar"ni tuzdi va bir yil o‘tib, parlamentga saylandi.

Ammo Nazarboyevaning siyosiy parvozi uning qudrat va boylikka o‘ch marhum turmush o‘rtog‘i Rohat Aliyev mojarosi sabab to‘xtab qoldi.

2006 yilda Darig‘a o‘ziga qarashli axborot vositalarida turmush o‘rtog‘ini muxolifat rahbari Oltinbek Sarsenbayevning o‘limiga aloqadorlik ayblaridan himoya qilishga urindi.

U shuningdek, otasiga eng sodiq mulozimlardan, xavfsizlik xizmati rahbari Nurtay Abikayevning iste‘fosini talab qilib chiqdi.

Bundan g‘azabga kelgan Prezident Nazarboyev qizining siyosiy va media imperiyasini parchalab tashladi.

Nazarboyevaning asosiy telekanali "Xabar" davlat tasarrufiga o‘tdi va uning partiyasi otasining "Nur Otan" partiyasiga qo‘shib yuborildi.

Darig‘a "Nur Otan" rahbarining muovini etib tayinlandi.

Ammo 2007 yilda turmush o‘rtog‘i o‘zi nazorat qilgan "Nur Bank"ning ikki boshqaruvchisi o‘limiga aloqadorligi haqidagi da‘volar tufayli Nazarboyeva lavozimidan ayrildi.

Image copyright AFP
Image caption Prezident Nazarboyev qiziga yana bir imkoniyat berayotgan ko‘rinadi

Aliyev o‘sha yilning o‘zida mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldi va Darig‘a rasman u bilan ajrashdi.

2014 yilda Rohat Aliyev o‘zini Avstriya rasmiylariga topshirdi.

Uni 2015 yil fevralida, qotillik ayblari bilan mahkamani kutib turgan bir paytda, Vena qamoqxonasida o‘lik holda topishdi.

Avstriya rasmiylari Aliyev o‘z joniga suiqasd qilgan, degan xulosaga kelganlar.

Yangi imkoniyat?

Endilikda o‘zboshimcha kuyovi siyosiy sahnadan ketgan ekan, Prezident Nazarboyev qiziga yana bir imkoniyat berayotgan ko‘rinadi.

Darig‘aning bosh vazir o‘rinbosari etib tayinlanishi aftidan, uning iqtisodni qanchalik uddalashi va boshqa qudratli shaxslar bilan naqadar til topishishini sinovdan o‘tkazish maqsadini ko‘zlaydi.

Sulolaviy merosxo‘rlik Nazarboyev oilasi manfaatlarini kafolatlaydi.

Nazarboyevning Darig‘adan tashqari yana ikki qizi bor.

Ularning ikkalasi ham yirik biznes manfaatlariga ega deb ishoniladi.

Nazarboyevning o‘rtancha qiziga uylangan Timur Quliboyev Qozog‘iston neft sanoatidagi muhim shaxslardan.

Darig‘a Nazarboyevaning ikki o‘g‘lidan biri - Nurali poytaxt Ostona hokimining muovini.

Ammo o‘tmishda bo‘lgani kabi, agar Darig‘a otasininng chizgan chizig‘idan chiqsa,uning siyosiy kelajagi yana savol ostida qolishi mumkin.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio