"Bozor iqtisodiniyam maynavozchilikka aylantirib tashlashgan"

Image caption Gulnora Karimova bois biznesni tekshirishga kelgan "maski shou" tashabbuskorlari Internetda "sazoyi" ham qilingandi

BBC "Ijtimoiy minbar"ining navbatdagi mavzusi O‘zbekistondagi biznes muhitiga bag‘ishlandi.

8 sentyabr kuni O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Rustam Azimov mamlakatda tadbirkorlarlar o‘z faoliyatlariga qilinadigan aralashuvdan aziyat chekayotganini aytdi.

"O‘zbekiston biznes sohasi bugungi kunda tadbirkorlarning faoliyatiga noqonuniy aralashuv, ortiqcha buyruqbozlik hamda poraxo‘rlik va ta‘magirlik kabi ko‘plab muammolarni boshidan kechirmoqda. Bunga ko‘plab faktlar dalolat qilmoqda", - deb aytgan Toshkentda bo‘lib o‘tgan iqtisodni isloh qilishga qaratilgan anjumanda so‘zlagan Rustam Azimov.

Azimovga ko‘ra, qonunchilikni qo‘pol buzilishi kabi muammolar juda keng tarqalgan.

Janob Azimov aytishicha, bu muammolar qo‘shimcha ishchi o‘rinlarining ko‘payishiga to‘sqinlik qilishi, daromadlarni kamaytirishi, aholining iste‘molchilik layoqatiga putur yetkazishi mumkin.

O‘zbekiston biznes yuritish bo‘yicha xalqaro reytinglarda, jumladan, Jahon Bankining reytingida eng so‘nggi o‘rinlarda turadi.

Xorijiy tahlilchilarga ko‘ra, bu O‘zbekistonda o‘ta qiyin biznes muhiti shakllanganidan va tadbirkorlar uchun muammolar ko‘p ekanligidan darak beradi.

Mahalliy tadbirkorlar esa turli davlat organlarining haddan tashqari aralashuvi va ta‘magirligi, raqiblar buyrug‘i asosidagi "maski-shou" reydlari va konvertatsiya kabi muammolardan arz qiladilar.

Biz ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilaridan O‘zbekistondagi tadbirkorlik muhiti haqidagi fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashishini so‘radik.

O‘zbekistonda biznes qilish osonmi, degan savolga Odnoklassnikidagi SAROYMULKXONIM ismli foydalanuvchi shunday fikr bildirgan: Qiyin, o‘ta qiyin. Afsus, ko‘z ochirmaydi. Do‘konlarni buzoviradi, yana qaytadan sotaveradi.

STRELETs: Oson, faqat hokimiyatdan yoki MXX dan biror suyanchiq, hamkor bo‘lsa, bu qonunlarni "chetlab" o‘tish imkonini beradi.

Krutoy paren: To‘g‘ri, yana bir gap - pora berasan yoki laganbardor bo‘lasan, keyin ish bitadi. Qonuniy biznesmen bir oyda bankrot, joyi olinadi yana birovga sotiladi.

Tiemur Tim: Bozor iqtisodiniyam maynavozchilikka aylantirib tashlashgan. Qishloq joylarda paxta deb, magazinlarni yopib qo‘yadi, lekin soliqni har doimgidak talab qiladi.

Dilmurod Yusupov: Qonun va qonunosti hujjatlari quyi ijrochilari tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinib, tadbirkorlarga qiyinchilik tug‘dirmokda...

Muxammed Ugizxan Ugli: Ish kuni boshlanmasdan oldin, sizga qancha inkassatsiya qilishni aytib qo‘yishadi! Savdo bo‘ladimi-yo‘qmi, ularni qiziqtirmaydi! Bu narsani ular xronometraj deyishadi, agar topshirmasangiz, delo tikib sudga jo‘natishadi.

Ali Sher: Tadbirkorlik sohasida muammo ko‘pligidan, tadbirkorlik qilishni o‘ylash ham qiyin. Lekin soha bo‘yicha chiqqan qarorlar rivojlantirish yo‘lida, bu qarorlar joylarda ijro qilinmayapti.

Alisher Aytu: Sud va soliq tizimlari reketchilar. Sal narsaga tizimlar biznesni chiritadi .

Muxammad Mirzo: OSON EDI BUNDAN 15 YIL AVAL.

Toxir Abdullayev: Haqini talab qilgan fermerga viloyat hokimini gapi: "haqqingayam, o‘zingayam tupurdim". Tupirtirib yuribmiz!

Qahramon Aminov yozadi: Eksport-import patenti bor, valyuta hisobi esa yo‘q. Absurd. Xorijda hamma narsa bank orqali bo‘lishini xohlashadi. Bizda qonunlar bor, lekin ular ishlamaydi. Hammasini qayta ko‘rib chiqish kerak. Hamma tadbirkorlar xohlagan paytda qonunga zid bo‘lib qolishi mumkin. Bu atayin shunday qilingan bo‘lsa kerak, deb yozadi u.

Abdulla Ahmadjonov: O‘zbekistonda hamma narsa monopoliya qilingan. Birinchidan, soliq kodeksini qayta ko‘rib chiqish kerak. Juda ko‘p to‘siqlar qo‘yilgan. Shuning uchun sarmoyalar kam. Chet ellik investorlardan hech qaysisi sarmoya kiritishni xohlamayapti. Konvertatsiya kim uchundir bor, boshqa bir kishi uchun esa to‘siqlar ko‘p. Hatto bankda kredit olish qiyin. Albatta, "shapkasi"ni berish kerak. Yana eksport bo‘lsa va ishlab chiqarish bo‘lmasa, valyutaning 25 foizini davlat kursida bankka sotish kerak. Nima uchun? Bir so‘z bilan aytganda, shularning hammasini osonlashtirib bo‘lmaydimi? Import zavodi bor(tovarlar oziq-ovqat emas) bojxonadan o‘tdi, talab qilingan barcha soliqlar, bojlar to‘landi. Endi nimani xohlasang, shuni qilishing kerak: xohlasang, naqd pulga sot, xohlasang pul o‘tkazish yo‘li bilan. Xohlasang birovga tekinga ber, xohlasang uloqtirib yubor. Bizda esa bankka pul qo‘ydingmi, bo‘ldi. Bu pul endi sening o‘zingniki emas. Tovar olib kirding, buyam endi o‘zingniki emas. Masalalar, muammolar shunchalar ko‘pki(tovar qaysi skladda, eksportdan pullar nega tushmadi va hokazo) Axir men hamma soliqlar, poshlinalar va qolganini to‘lab qo‘ydim-ku, endi davlatning nima ishi bor? Qisqasi, qonun bo‘yicha biznes qilish qiyin.

Dilshodbek Alimdzhan: Biznesni yana ham liberallashtirish kerak, banklarni xususiylashtirib kreditlashtirish sistemasini ommabop qilish kerak.Tadbirkorlik patentlarini solig‘ini minimalga tushirish kerak.

Ubaydullo Salimov: Poraxo‘rlini yo‘qotishsin, qolgan hammasi izga tushib ketadi.

Meena Kothari: Soliq hamma davlatlarda va har doim bo‘lgan, ya‘ni undirilgan. Xonlik davrida ham xalqdan undirilgan. Lekin daromadga qarab hamda shariatga bo‘ysunib undirilgan.

Jamilahon Sunny tadbirkorlarni majburiy o‘qitish taklifini ilgari suradi: Tadbirkorga yoki yangi firma rahbariga guvohnoma berishdan oldin Tadbirkorlar palatasida majburiy 2 oy o‘qitilsin, imtihon olib keyin biznesga kiritilsin. Yuqoridagi kurslarda nalog, biznes yuritish, marketing asoslari, O‘zbekiston respublikasining biznesga doir ayrim qonunlari, bank bilan ishlash sxemalari, jinoyat kodeksi va shunga o‘xshash mavzular o‘rgatilib imtihon olib keyin guvohnomalar berilsa, tadbirkorlarning sal savodi oshadi, qanday qilib biznes yuritish kerak va kim unga ta‘magirlik qilayotganini tushunadi. Juda ko‘p holatlarda tadbirkorlar o‘z huquqlarini bilmaydi-da unga nalogdan kelgan bir tirranchani gapiga kirib o‘zi "na lapu" beradi! Shu holatda kim aybdor?! Bu holatlar bankda ham, hokimiyatda ham boshqa organlarda ham shunaqa.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Your contact details
Disclaimer

Bu mavzuda batafsilroq