Tojikiston: Islomiy partiya rahbarlari hibsga olindi

Image caption Muhiddin Kabiriy islomiy partiyaning zo‘ravonliklarga aloqasi borligini qat‘iyan rad etgan

Tojikistonda Islom Uyg‘onish partiyasining 13 nafar faol a‘zolari xavfsizlik kuchlariga hujumlarda gumon qilinib, hibsga olingan.

Bosh prokuratura e‘lon qilgan bayonotda aytilishicha, ular "yangi terror hujumlarining oldini olish va qurolli guruhlar tuzish yo‘li bilan vaziyatni beqarorlashtirishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida" ushlangan.

Chorshanbadan payshanbaga o‘tar kechasi hibsga olinganlar orasida, xabarlarga ko‘ra, Islom Uyg‘onish partiyasi raisining uch muovini, bir necha huquqshunos va partiyaning matbuot kotibi ham bor.

Bosh prokuraturaning aytishicha, "yashirinish yoki Tojikiston hududidini tark etish niyatida bo‘lgan" ushbu shaxslar hozirda davlatga xiyonat va boshqa jinoiy harakatlarda ayblangan isyonchi general Nazarzodaga qarshi jinoyat ishida gumondor sifatida ko‘rilmoqda.

Chorshanba kuni hukumat kuchlari mamlakat Mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari Abduhalim Nazarzoda doxil 33 nafar isyonchini o‘ldirgani xabar qilingan.

Rasmiy Dushanbe isyonchi general va tarafdorlarini shu oy boshida 14 harbiyning o‘limiga sabab bo‘lgan zo‘ravonliklarda ayblaydi.

Hukumat avvalroq lavozimidan chetlatilgan Nazarzoda muhojirotdagi Islom Uyg‘onish partiyasi rahbarining ko‘rsatmasi asosida amal qilganini da‘vo qilgan.

Image copyright newsgid.net
Image caption Chorshanba kuni hukumat kuchlari Nazarzoda doxil 33 isyonchini o‘ldirgan

Ammo islomiy partiya zo‘ravonliklarga aloqadorligini qat‘iyan rad etadi.

Nazarzoda 1990-yillar boshida tojik islomiy muxolifati bilan bir safda dunyoviy hukumatga qarshi jang qilgani aytiladi.

1997 yildagi milliy yarashuv bitimi asosida sobiq muxolifat jangchilari mudofaa vazirligi kuchlari bilan qo‘shilgan.

Tojik hukumati shu oy boshida mamlakatdagi eng yirik muxolifat partiyasi bo‘lgan Islom Uyg‘onish partiyasi faoliyatini taqiqlagan.

Hukumat mo‘‘tadil musulmon faollaridan tashkil topgan muxolifatni "Islomiy davlat" guruhi bilan aloqalarda ayblagan.

Islom Uyg‘onish partiyasi fuqarolar urushi nihoyasiga yetganidan buyon shu yilning martidagi ziddiyatli parlament saylovlarida ilk bor bironta ham o‘rin olmagan.

Ayni paytda islomiy partiyaning muhojirotdagi rahbari Muhiddin Kabiriy "na o‘zi va na partiyasining oxirgi voqealarga hech qanday aloqasi yo‘qligi"ni aytgan.

"Ozodlik" radiosining Tojik xizmatiga yo‘llagan bayonotida janob Kabiriy Nazarzoda "hech qachon Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi a‘zosi bo‘lmagani va partiya bilan hech qanday aloqasi yo‘qligi"ni ta‘kidlagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio