Shinjon: "Oshpichoq faqat ruxsatnoma bilan berilsin!"

Qassoblarning pichog‘i 15 sm uzun bo‘lmasligi kerak Image copyright Reuters
Image caption Qassoblarning pichog‘i 15 sm uzun bo‘lmasligi kerak

Shinjon Uyg‘uristoni rasmiylari fuqarolardan oshpichoq sotib olish uchun maxsus ruxsat olish kerakligini talab qilmoqda. Rasmiylar mintaqada pichoq bilan hujumlar soni ortishi ortidan isyonni bostirish manzarasida tig‘li asboblar savdosi nazoratini kuchaytirgan.

"Erkin Osiyo" radiosining xabar berishicha, Qoshg‘ar shahar politsiya departamentining 26 avgustda chiqargan e‘lonida, oshpichoqni sotib olishni istovchi har qanday shaxs ruxsatnoma olishdan oldin o‘zining ismi sharifi, millati, manzili va guvohnoma raqami va telefon nomerini yozishi kerak.

E‘lon surati tarqab ketgan WeChat xabar almashish tarmog‘i va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda aytilishicha, xaridor sotib olish manzili, qancha pichoq sotib olishi va ularni nima uchun ishlatishi haqida tushuntirish ham berishi kerak.

Pichoq sotib olish uchun to‘ldiriladigan arizada pichoqlar soni "raqamlar bilan emas, Xitoy harflari bilan to‘liq yozilishi kerak". Ruxsatnomalar chop qilingan sanadan boshlab kuchga kiradi. Omadli arizachilarga ruxsatnomaning nusxasi beriladi, uning originali politsiya mahkamasida saqlanadi.

Qoshg‘ar politsiyasi yangi tartiblar borasida jurnalistlarga izoh berishdan bosh tortgan.

Image caption Pichoq yordamida hujumlar kuzatilgach hukumat o‘tkir tig‘li asboblar savdosini nazorat ostiga olgan

Mahalliy aholi vakillari pichoq, bolta, chopqi va boshqa o‘tkir tig‘li asboblar shuningdek, Qoshg‘arning Yengisarida hunarmandlar yasaydigan mashhur pichoqlar savdosi 2014 yili kiritilgan cheklovlardan so‘ng keskin tushib ketganini aytishmoqda.

Xo‘tan viloyati Qoraqosh tumanida yashovchi qassob Abdukarim Ohun "Erkin Osiyo" radiosiga yangi nazorat hattoki kasb egalariga ham taalluqli ekanligini aytgan.

"Hokimiyat qassoblarning pichog‘i 15 santimetrdan qisqa bo‘lishi kerakligini aytdi. Uzunroq pichoqlar olib qo‘yiladi va egasi jazoga tortiladi", - degan Ohun.

Ushbu tartib joylarda o‘ta qattiq nazorat qilinayotgani va politsiya pichoqlarning uzunligini o‘lchash uchun maxsus asboblar olib yurgani aytilmoqda.

Qassob Abdukarim Ohun hududdagi ayrim politsiya xodimlari qassoblar ishini tugatib do‘konini yopgach ularning pichog‘ini yig‘ib olayotganini va ertasi kuni ish boshlangach yana qaytarib berayotganini aytgan.

"Bizning kasbimiz qassobchilik va bir necha avloddan beri tirikchiligimiz qassobxona orqali o‘tib kelyapti. Biroq ota bobolarimiz bu kabi taqiqlar hech qachon duch kelishmagan. Bu shunday asabiy va noqulayki men qassob sifatida faoliyatimni tugatishga qaror qildim", - degan u.

Xitoy g‘arbida joylashgan Shinjon viloyati aholisi aksarini turkiy qavmga mansub uyg‘ur musulmonlari tashkil qiladi.

Oxirgi yillar etnik uyg‘urlar va hukumat orasidagi tanglik kuchaygani kuzatildi.

Uyg‘urlar va mintaqaga ko‘chirib o‘rnashtirilgan xitoy xanlari o‘rtasida kelib chiqqan zo‘ravonliklarda o‘nlab insonlar nobud bo‘ldi.

Xitoy hukumati bunday hujumlarda xorijdan dastaklangan uyg‘ur bo‘lginchi diniy mutaassiblarini ayblaydi.

Uyg‘urlar esa, o‘z haqlari toptalayotgani va qadim madaniyatlarining butkul yo‘q bo‘lib ketishidan xavotirda ekanlarini aytishadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq