BBCga aytaman: Ko‘ngli haqqa talpingan shoir

SO‘Z ummonida yuzib yurgan yuzlab shoirlar bor. Ammo "...sultonu gadoning qa‘rini ko‘rdim, G‘azzoliy sig‘magan tuban olamda shaytondan to‘ralgan g‘ayirni ko‘rdim", - deya dadil ayta oladigani kamdir.

Buning uchun "Faqat ishq… Faqat ishq… Boshqasi sarob, boshqasi shamolning oniy suroni" ekanligini anglagan, ko‘ngli samoviy ishqqa bog‘lanib MUNOJOT aylagan, "Tuhmat murdalari qalashib yottan, ig‘volar qurtlagan sho‘rlik diyorda zamonu makonin butkul yo‘qotgan bir ulug‘ faryodning bolasi" bo‘lib zoru nido qiladigan , G‘azzoliy hazratlarining ma‘no dengiziga cho‘mib, poklangan yuragi bo‘lishi kerak shoirning.

Zamonaviy o‘zbek adabiyotining yorqin vakili Shavkat Rahmon ana shunday "musaffo chashma"ning tashnasi, "gunafsha atirli tansiq tuyg‘ular" muallifi.

"O‘shni kezganda o‘ylaganlarim" she‘ri orqali mayda manfaatlar uchun katta haqiqatlarini boy berib kelayotgan insoniyatning achchiq fojeasini ko‘zguday "yarq" etkizib, ko‘zingizga tutqazadi:

qani ular,

zamin alqagan,

umidvor tikilgan mitti daholar?

Birining ko‘zida g‘alat dard ko‘rdim,

birining ko‘zida ko‘rdim jaholat.

Tobora kichrayib ko‘rinar ular

kichkina tashvishlar iskanjasida.

Shundoq so‘nib borar yer orzulari

hirsu ta‘malarning kir panjasida.

Na‘ra tortaymikin

to‘qson to‘qqiz ming

pahlavon bobomning ovozin yig‘ib,

dahmalar qopqog‘in taqillataymi,

faryod qilaymikin osmonni yirtib?!

Bu faryodlarlarga to‘la SO‘Zning o‘tkir tig‘i nogahon yuragingizni shig‘illatib kesib yuboradi... "Oh" deyishga ulgurmay qolasiz nur tezligida ko‘nglingizni kesib yuborgan So‘zning shiddatidan. Jismu joningiz sirqirab ketadi, qorachiqlaringiz beixtiyor kengayib ketadi go‘yo dunyoni endi ko‘rayotgandek. Aslida ham shoirning so‘zlari sizning hali kashf etishga ulgurmaganingiz yoxud nazar tashlashga jur‘at etolmaganingiz – dunyoning asl haqiqatlariga tik qarashga, uni qaytadan kashf qilishga majbur etadi. Ammo o‘quvchi bu "majburiyat"dan – shoirning yurakka "sanchilgan" so‘zlaridan malollanmaydi, aksincha, qalbini simillatib bo‘lsa-da, g‘aflat to‘sinidan xalos etgani, she‘riyatning shirin azoblaridan bahramand etgani uchun minnatdorlik hissini tuyadi.

Hech kim aytmagan, hech kim e‘tirof etmagan taqdirda ham komillikka, insoniy yetuklikka intilgan ijodkor o‘zini yuksaklikning qay nuqtasida turganligini o‘zi yaxshi biladi, chuqur his qiladi. Uni e‘tirof etmasliklari, eta olmasliklarining sababini ham to‘g‘ri tushunadi va hech kimdan ranjimaydi. Aksincha hali oldda komronlikning inson qadamini, ma‘naviy jasoratini kutib yotgan hiyla baland dovonlari borligini his etarak, shu olis, yuksak dovonlarga havas va shahd bilan tikilarkan, ayni damda zabt etgan yuksaklik nuqtasida bir dam o‘yga cho‘mib, bosh egadi. Zamondoshlarining ham ana yuksalish sharafiga muyassar bo‘lishini chin yurakdan istaydi. Ammo qadamlar tezligi, xayolot uchqurligi, fikriy o‘sish darajasi hammada bir xil emas...

"Sulaymontog‘da o‘ylaganlarim" she‘rida ana shu holatning nozik chizgisini ko‘ramiz. O‘z xalqini shovqin solmay, mehru muhabbatini iddao etmay, minnat qilmay, chuqur bir qayg‘u, chuqur ehtirom bilan seva olgan jo‘mard INSONning nekbin va o‘ychan qiyofasi ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi.

Yuksakda bo‘lsa-da

boshim egilgan —

yuksakka chiqdim deb kerilganim yo‘q.

Bir dam kulganim yo‘q,

suyulganim yo‘q,

sokin lahzalarga berilganim yo‘q.

Yo beg‘am yonboshlab to‘ralar kabi,

o‘tkir konyak ichib,

qazi yemadim

yoki barmog‘imni pastlikka nuqib:

"E, afsus, shular ham xalqmi?" demadim.

O‘yladim

yuksakka chiqqan chog‘imda

o‘z zotin,

o‘z otin unutganlarni,

qadimiy buloqlar ko‘zini ko‘mib,

azim daryolarni quritganlarni...

Shavkat Rahmon o‘z fikriy yuksakligidan turib o‘tmish va kelajak orasiga solingan ko‘prikning shonli, mustahkam, shu bilan bir qatorda zaif, ojiz, chirik nuqtalarini ham teran nigohlari bilan aniq ko‘ra olgan va o‘quvchiga ko‘rsata olgan fozil, rostgo‘y va jasoratli shoir. Uning lirik qahramoni fano ko‘chasidan bizdan avval ot solib o‘tganlarning xatolari sabab yuzaga kelgan ba‘zi ma‘naviy o‘pirilishlar, siniqliklarni butlash o‘rniga uni ko‘rib-ko‘rmaslikka olayotgan, katta orzu-umidlar bilan kelayotgan saf-saf avlodlarni tap tortmay ana shu xatarli yo‘llarga boshlab borayotgan "hay, barakalla"chilarning haliyam borligidan, "eng qattol dushman ham qilmagan ishni to‘ng‘izfe‘l bir nokas bajarib ket(d)ishi" mumkinligidan hasrat chekadi, xavotirlanadi. "Abadiyatning nurli izlarini yo‘qotayotganlar, elning qalbin buzib, yodini buzib, qarg‘ishu la‘natga botib yotganlar"dan nafratlanadi. "Ko‘rib bo‘larmikan bu nokaslarning qora kursilarga o‘tirar chog‘in?"- deya haqli savolni o‘rtanish ila o‘rtaga tashlaydi. Satrlarda hech bir sirg‘anishsiz tafakkur cho‘qqisi sari o‘rlab borarkan, fojeani qamrab yotgan sabablarni piyozning po‘sti kabi bir-bir "archib" tashlab, haqiqatning tiniq shakli va mohiyatiga e‘tiborni qaratadi: "...Ammo to‘larmikin ko‘ngil shu bilan, shu bilan ketarmi xotirdan g‘ashlik, yuraklar kularmi, qularmi butkul shu bilan yuksakda o‘sgan pastkashlik?"

O‘ta jiddiy bo‘lgan bu mulohaza qoshida fano mulkining aqli, iymoni bo‘lgan har bir yo‘lovchisi bir lahza bo‘lsa-da to‘xtaydi. O‘z suvratiyu siyratiga, bosib o‘tgan yo‘liga bir nazar tashlab, ma‘naviy kemtikligini to‘ldirishga, xatolari uchun tazarru qilishga, botiniy va zohiriy olamini isloh qilishga kirishadi. Lekin, afsus, zamon sahnidagi yo‘lchilikda shunday toifalar ham borki, ular o‘z pastkashliklaridan voz kechmaydilar, yaltoqiliklaridan uyalmaydilar, aksincha o‘z gumrohliklari va gunohlaridan g‘ururlanadilar, bu "g‘urur"larining naqadar chirkinligini his etmaydilar ham. Bunday bedodlikdan "Agar men baqirsam, yorilar osmon –har damim olamning damin to‘zitar", - deya isyonga kelgan shoir elning ko‘ziga qarashga uyaladigan hech bir aybi yo‘qligini yaxshi bilsa-da, bedillarga dil ochish benafligiga iqror bo‘larkan, el, millat uchun bor mas‘uliyatni mardlik, bag‘rikenglik bilan o‘z bo‘yniga olib, ulug‘ bir odamiylik so‘zini aytadi: "...Baroko‘hda boshim egildi, qarashga or qildim elning ko‘ziga..."

Or-nomusni tug‘day baland tutgan shoir – ko‘ngli Haqqa qaragan shoirdir. Bunday shoirlar har bir so‘zini goh o‘ngga, goh so‘lga qarab og‘ib turadigan siyosatning qosh-qabog‘iga qarab emas, Haqqa qarab aytadilar. Milliy she‘riyatimizning jasur siymolaridan biri, "elning baxti uchun umrini tikkan" Shavkat Rahmonning Haqqa qarab aytilgan haqiqatlari ham zamonlar osha olis avlodlarning yuragiga qadar yetib boradi, deya aytishga haqlimiz.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Your contact details
Disclaimer