Suriya: Muhabbat qissasi

Image caption Amer va Rag‘da...baxtli kunlarda

Britaniyalik hujjatli filmlar muallifi Shon Makalister 2011 yili Suriyada maxfiy xizmatlar tomonidan hibsga olingan vaqti tilga tushgandi.

Shon o‘sha vaqtda Suriyadagi ikki oshiq haqida film olayotgandi. Uni hisbga olganlaridan so‘ng, oshiqlar mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldilar.

Lekin Shonni ozod qilganlaridan keyin yana birgalikda filmni oxiriga yetkazishga qaror qilishdi.

Qamoqda bo‘lgan vaqti Shon Makalister faollar va namoyishchilarning qiynoqqa tutilishlariga guvoh bo‘ldi.

"Yoshlari 20 larda bo‘lgan xavfsizlik xizmati xodimlari soatlab mahbuslarni kabellar bilan urishardi. Keyin o‘tirishga ham deyarli joy yo‘q, derazasiz kameraga tashlashardi".

Ozodlikka chiqqanidan so‘ng, Shonning bergan guvohliklari jahon bo‘ylab axborot agentliklarining bosh sarlavhalariga aylandi. Ammo u Suriyada suratga olishni boshlagan filmini tugatishga bel bog‘lagandi. Hozirda ikki faol Amer Doud va Rag‘da Hasan o‘rtasidagi muhabbat haqida olingan bu hujjatli film tamoshabinlar e‘tiboriga havola etildi.

2011 yili Shonni hibsga olishgan vaqti Amer va Rag‘daning namoyishlarni tashkil qilganlari haqida va Suriya hukumatiga qarshi gapirganlari tushirilgan tasmalarni ham qo‘lga olishgandi.

Politsiya Shondan Amer va Rag‘daning qayerda ekanliklarini aytishni talab qilgan vaqti, u politsiyani adashtirib, Amer va Rag‘daga Livanga qochishlariga fursat yaratib berdi.

"O‘shanda o‘zimni qattiq aybdor his qildim. Axir ular meni deb, mamlakatni tashlab chiqib, Bayrutda azob chekayotgan edilar".

Lekin ozod bo‘lganidan so‘ng filmni davom ettirishiga qarshilik bildirmadilar.

"Men shaxsan Shonni biz uchun umid uchquni sifatida ko‘rdim", deydi Amer. "Chunki biz siyosiy faollar edik. Faol sifatida sizning hayotdagi maqsadingiz yuksakroq bo‘ladi. Sizning aytar so‘zingiz va yetkazmoqchi bo‘lgan mujdangiz bo‘ladi".

Amer Doud Falastin Ozodlik Harkatining a‘zosi bo‘lgandi.

Rag‘da bilan avvalgi gal qamoqda o‘tirgan vaqti tanishgan.

Rag‘da Suriya prezidenti Bashar al Asadning alaviylar mazhabi a‘zosi, ammo ularga muxolif, inqilobchi kommunist edi.

Ular qo‘shni kamerada o‘tirgandilar.

O‘rtadagi devorda tuynuk ochib, oylarcha o‘sha tuynuk orqali muloqot qildilar. O‘rtada sevgi paydo bo‘ldi.

Qamoqdan chiqqandan so‘ng oila qurib, farzandli bo‘lishdi.

Image caption Film Shon Makalister va Amer Doudni do‘st tutintirdi

Lekin Shon ularni uchratgan vaqti Rag‘da yana qamoqqa tushgandi. Uni yozgan asarlari, jumladan Amer bilan sevgisi haqida yozgan asari uchun hibsga olishgandi.

Rag‘dani 2011 yili ozod qilishdi.

Shundan so‘ng Livanga hijrat qilishga majbur bo‘ldilar va muammolar o‘sha yerda boshlandi...

Inqilob g‘oyalaridan uzoq bo‘lishga o‘rganmagan Rag‘da Suriyaga qaytdi. Usiz esa Amer Ovro‘poda farzandlari bilan boshpana so‘ray olmasdi.

Oxir-oqibat ular birgalashib Fransadan boshpana topishdi. Lekin hijrat oilaga baxt keltirmadi.

Shu kunlarda festivalda asosiy mukofotlardan birini qo‘lga kiritgan hujjatli filmning asosiy sahnalari aynan ularning Fransadagi uylarida olingan.

Oilada bevafolik yuz beradi...O‘z joniga qasd qilishga urinish...

"Buni kuzatish juda g‘alati edi...Fransaning eng go‘zal go‘shalaridan birida yashayotgandilar... Orzulariga yetishgandek edilar. Lekin bu erkinlikka yetishgunga qadar… ular shu qadar ko‘p narsani va bir-birlarini yo‘qotgandek edilar", deydi Shon Makalister.

Yuz berayotgan hodisalarni tushunish uchun bot-bot Shonga murojaat qiladilar. Fransaga kelib o‘rtada vositachi bo‘lishni, kim haq, kim nohaq ekanligini belgilab berishni so‘rardilar.

"Qamoqda ekanligingda u seni sevardi", dedi Shon bir kuni Rag‘daga.

"Hamma suriyaliklar qamoqdagilarni sevadilar", deb cho‘rt kesdi Rag‘da.

Filmda Amer va Rag‘da tashlab chiqqan hayot, mamlakat, yaqinlari va do‘stlari tez-tez namoyon bo‘ladi.

Hozir Rag‘da Hasan Turkiyada yashamoqda va Suriyaning muxolifatdagi hukumatida vazifaga ega. Amer Doud esa farzandlari bilan hanuz Fransada.

Filmning nihoiy nushasini Shon bilan qahvaxonalardan birida tamosha qildi.

"Filmni tomosha qilar ekanman, "mana turmush o‘rtog‘im, mana farazndlarim" degan bir his paydo bo‘ldi. Ko‘z yoshlarimni to‘xtata olmadim. O‘zim, hayotim, farzandlarim va Rag‘da uchun ichim achib, soatlab yig‘ladim".

Doudning ishonishicha, agarda Suriyada tinchlik bo‘lganida uning oilasi barbod bo‘lmas edi. "Chunki bizning sevgimiz yuksak edi", deydi u.

Shon Makalister 2010 yili filmni surtaga ola boshlagan vaqti Suriya yaqin orada fuqarolar urushi girdobida qolishini bilmagandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio