O‘zbekistonlik do‘stdan javob yoki "yashasin yalang‘och ashulachilar!"

Image caption Bu Lola Yo‘ldosheva...

Assalomu alaykum, do‘stim, maktublar uchun rahmat, bir emas, bir necha maktub yo‘llabsan, endi men ham bir zamondoshing sifatida javob yozishga qaror qildim.

Avvaliga, sening maktublaringga qoldirilgan izohlar orasidan bittasi menga juda yomon ta‘sir qilganini aytsam, o‘quvchilardan biri "yozganingiz bilan biror narsa o‘zgarmaydi, foydasi yo‘q", debdi.

Ehtimol foydasi bo‘lmas, rostdan, jamiyat uch-to‘rtta maktub bilan o‘zgarib qolmaydi, ammo shu maktublar nimalargadir turtki beradi degan umid, ochig‘ini aytsam, senda ham, menda ham hali beri so‘nadigan ko‘rinmaydi.

Oh, bu mavzuga til tekizmagan odam qolmadi, ziyoli deganmi bilan o‘tirsang ham soatlab "milliylik", "ma‘naviyat", "buyuk tarix" haqida...bir ezilib, bir kuyunib, bir shu zamonaga qarab va‘zxonlik qilishadi.

Bir oycha avval shunaqa davralarning biriga tushib qoldim, endi Lola bilan Rayhondan boshlashganida shartta "aqlli" telefonimni oldimda, "Gulnora Karimova" deb rasmlar qidiruviga berdim! Ana chiqib keldi rasmlar, mana chiqib keldi, ishon, rasmlarni ko‘rib, o‘tirganlarning orasida bir nafari qizarib ham ketdi! Keyin telefon qo‘lma-qo‘l bo‘ldi, eng kulgilisi ziyolinamolardan biri "endi, buyog‘i siyosat..." deb qolsa bo‘ladimi?!

Image caption Bu esa Gulnora Karimova

Nimaga siyosat bo‘ladi? Og‘iz ko‘pirtirilayotgan "milliy qadriyat"lardan prezidentning qizi ustunmi?

Boshqa bir ziyoli esa birdan o‘rnidan turdi. Do‘q-po‘pisa bilan menga qarata, "manga qarang, prezidentimiz qizi bo‘lsa ham tanobini tortib qo‘ydimi, qo‘ydi, qamab ham qo‘ydimi, qo‘ydi, bir ota bo‘lsa, shuncha bo‘lar! Hammamizga o‘rnak bo‘ldilar", dedi.

Ishqilib, yengildim. Alam qilgani esa, butun mamlakatda bugun ashulachining ishtonu kuylagidan boshqa mavzu, boshqa muammo yo‘q. Ha, aytgancha, bor yana bir muammo, Koreyaning seriali yaxshimi, O‘zbekistonnikimi degan muammo...Yotvolib bahs qilinadi bu masalada!

Ammo bilasanmi nima, do‘stim, malades Lola, Rayhona, Manzura, Nilufar, Munisa va Yulduz!

Ziyolilar qalami, vijdoni va tili bilan qilmagan jihodni shular qilsin!

O‘zbekistonni temir pardalar ortida saqlayotgan, xalqni "hashar", korruptsiya va adolatsizlik bilan ezayotgan hukumat va hukumatparast bir hovuch ziyolilarga qarshi yarim yalang‘och bo‘lsa ham, shu ashulachilar Inqilob bo‘lsin!

Image copyright AFP
Image caption Bu O‘zbekiston emas, ammo...

Arab diyorida bahoriy va sobiq ittifoqda rangli inqiloblar bo‘lsa...O‘zbekistonda ashulachilar "yalang‘ochlar inqilobi" bo‘lsin! Harna inqilob, harna o‘zgarish...O‘zbekistonda ham FEMEN izdoshlari chiqib qolar!

Ehtimol o‘shanda ... hech qursa Rossiyaning "Orel i reshka" degan ko‘rsatuvi ijodkorlari Toshkentu Samarqandni kezishsa, hali ham YeTMIShINChI YILLARDAGI ShO‘ROLAR zamonasiga tushib qolganlaridan nolimaslar! Mazax qilmaslar!

Sen G‘arbning ta‘lim tizimini maqtaysan, men esa butun O‘zbekistonning ta‘lim tizimi haqida ikkita so‘z aytaman, qolgani o‘zingga ma‘lum, xullas mana o‘sha ikki so‘z:

PAXTA

PORA

Image caption Bu esa O‘zbekistonning paxtasi!..

Prezidentning "O‘zbekiston - kelajagi porloq davlat" degan arzon shiorining kelajagi ham ana shu ikki so‘z bilan qorong‘ulashib qolganday...

Shu ikki so‘z haqida gapiramagan degan ziyolini kunduz kuni sham yoqib topolmaysan!

Ana shunaqa gaplar, omon bo‘l, do‘stim!

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq