Moskvada Ovro‘padagi eng katta masjid ochildi

Masjid ochilish marosimida prezident Putin musulmonlarni tabriklagan Image copyright Reuters
Image caption Masjid ochilish marosimida prezident Putin musulmonlarni tabriklagan

Masjid ochilish marosimida Rossiya, Turkiya va Fapastin davlat rahbarlari va minglab musulmonlar ishtirok etgan. Masjidda 30 ming odam bir vaqtning o‘zida namoz o‘qishi mumkin. Kuzatuvchilar ko‘ra, yangi masjid namoz vaqti joy yetishmaslik muammosini yechmaydi.

Vladimir Putin masjid muhim ma‘naviy markaz bo‘lishiga ishonch bildirgan.

Rossiyalik musulmonlarni yangi masjid bilan tabriklagan davlat rahbari uning qurilishida ishtirok etgan barchaga o‘z minnatdorchiligini bildirgan.

Ibodat maskani eski jome‘ masjidining o‘rnida qayta tiklangan va maydoni 20 barobar kengaytirilgan. 6 qavatdan iborat binoda lift va imkoniyati cheklanganlar uchun sharoitlar yaratilgani aytilmoqda.

Bir necha zalga mehrobdagi imomni ko‘rsatib turuvchi katta ekranlar o‘rnatilgan.

Moskva jome‘ masjidi 1904 yili qurilgan. Masjid 2004 yili rekonstruktsiya qilindi. Biroq bu vaqtga kelib Moskvada musulmonlarning soni keskin o‘sib ketishi va masjidlarning yetishmasligi sabab ibodat qiluvchilar masjidga sig‘may qolgan.

2004 yili Moskva ma‘muriyati masjidni kengaytirish va yangidan solish haqida qaror qabul qildi. 2005 yilning may oyida qurilish ishlari boshlandi.

Image copyright RIA Novosti
Image caption Masjidni qurish va bezash ishlarida turli mamlakatlardan kelgan ustalar ishtirok etgan

2011 yilga kelib eski masjid kabaga to‘g‘ri yo‘naltirilmaganligi va eskirib nurab ketganligi sabab qilinib uni butunlay ko‘chirib tashlashdi.

Yangi masjidning maydoni 31 ming kvadrat metrdan ko‘proqni tashkil qiladi. Uning ichida 10 ming, hovlisida yana 20 ming odam bir vaqtning o‘zida namoz o‘qishi mumkin.

Xayriya pullar evaziga qurilgan masjidnning umumiy qiymati 170 million dollarni tashkil qilgan.

Bu kabi katta masjidning qurilishi hayit bayramlarida musulmonlarning masjidlarga sig‘masdan namoz o‘qish uchun ko‘chalarga chiqib ketayotganligi sabab bo‘lgani aytiladi.

Biroq kuzatuvchilar katta masjid joy yetishmaslik muammosini bartaraf etmaydi.

Image copyright AFP
Image caption Kuzatuvchilarga ko‘ra, 30 ming o‘rinli masjid Hayit bayramlariga keladigan jamoatni sig‘dira olmaydi

Moskvada yerlik musulmonlardan tashqari Rossiya poytaxtiga ishlash uchun kelgan Markaziy osiyolik musulmon muhojirlar ham ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Rossiya poytaxtida 2 million musulmon istiqomat qiladi. Bu ko‘rsatgich bilan u Ovro‘padagi eng ko‘p musulmoni bor shahar maqomiga ega. Biroq yirik shahardagi 6 masjid musulmonlar uchun yetarli emasligi aytiladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio