"Sinfda parta yetishmaydi. Doskaning oldigacha parta qo‘yib tashlashgan"

BBC o‘zining an‘anaviy haftalik "Ijtimoiy minbar" ruknida o‘zbekistonliklarga "Bir sinfda necha o‘quvchi bo‘lgani ma‘qul?" degan savol bilan murojaat qildi.

Savolning tug‘ilishiga yangi o‘quv yili boshlanib ota-onalar orasida sinfdagi o‘quvchilar soni muammosi yana ko‘tarilgani sabab bo‘ldi.

O‘qituvchi paxta yig‘im-terimiga olib chiqilgani ikki sinf bolalarini qo‘shib dars o‘tishni ham taqozo etmoqda.

Xalqaro ta‘lim andozalariga ko‘ra, bir sinfda 20, eng ko‘pi 24 o‘quvchi bo‘lishi sanitariya qoidalari, shuningdek, bolalarning sifatli bilim olishi uchun ma‘qul raqam deb ko‘riladi.

Biz muxlislarimizga quyidagi savollarni berdik:

Sizning farzandingiz sinfida necha o‘quvchi bor?

Yoki siz bola soni ko‘p sinfga duch kelayapsizmi?

Ko‘p o‘quvchi muammosi va maktab bilan bog‘liq boshqa mushkulliklar qanday hal qilinayapti?

Quyida ba‘zi yurtdoshlarimizning fikrlarini e‘tiboringizga havola qilamiz.

Umid Sharofiddinov: "Bir sinfda 20, eng ko‘pi 24 o‘quvchi bo‘lishi sanitariya qoidalari, shuningdek, bolalarning sifatli bilim olishi uchun ma‘qul raqam deb ko‘riladi" - debdi BBS. Kimga ma‘qul ekan bu raqam, BBSgami? Britaniya davlat byudjetiga xam ma‘kul ekanmi bu raqam? Nimaga unda Britaniyani o‘zida xar bir sinfda o‘rtacha 27.4 ta o‘quvchi o‘qiydi: www.gov.uk? Masalan, O‘zbekistonda shusiz xam davlat xarajatlari katta, daromad yetmaydi, ayollar esa tug‘ib yotibdi:), xamma chet elda pul ishlab uyiga yuboradi, lekin xech kim soliq to‘lamaydi... Qisqasi, O‘zbekistonda xar bir sinfda o‘quvchilarning eng kam soni 35 ta qilib belgilangan, aks holda o‘qituvchi, sinf xonalari va ajratiladigan mablag‘ yetmay qoladi. Masalan, 100ta o‘quvchini o‘qitish uchun 5ta o‘qituvchiga oylik to‘lagan foydaliroqmi yoki 3ta o‘qituvchiga? Kim 3ta desa, oldin barcha yurtdoshlari soliqlarni to‘liq va bankka to‘lashini ta‘minlasin! Shunda bu niyat amalga oshadi. Yevropada ahvol boshqacha, kim soliq to‘lashdan qochsa va qulga tushsa - qamaladi. O‘zbekistonda esa soliqchi bilan kelishvoladi. Qirg‘izistonda ham axvol bir xil ekan (bir sinfda 40-45 ta o‘quvchi)"

BBC bir sinfda 20-24 o‘quvchi bo‘lishi ma‘qul deya o‘z fikrini emas, balki xalqaro qabul qilingan andozalarni nazarda tutgandi. Britaniyada ham maktab yetishmasligi va o‘quvchilar soni oshishi muammosi mavjud, ammo Britaniya hukumati, O‘zbekistonnikidan farqli o‘laroq, muammo mavjudligini tan oladi.

Lola Kadirova: "Mening kenja qizim ikkinchi sinfda o‘qiydi. Uning sinfida 46 o‘quvchi bor. Avvaliga 52 edi, keyin olti o‘quvchini o‘zbek sinfiga o‘tkazishdi".

Ozoda Fayzullayeva: "O‘g‘limni sinfida 45ta, qizimni sinfida 42ta o‘quvchi o‘qiydi. Parta yetishmaydi. Doskani oldigacha parta kuyib tashashgan".

G'ayrat Karimov: "Maqsad mablag‘ni tejash. Bola soni Moliya tomonidan hal qilinadi".

Nazokathon Ahmadjonova: (Rus tilidan tarjima) "Agar sinfdagi o‘quvchilar soni muammosi bilan direktorga murojaat qilsangiz, ularda javob bitta: "Bizda sizga yoqmayaptimi, istagan vaqtingiz bolangizni olib ketishingiz mumkin, sizni hech kim ushlab turgani yo‘q, bizda shundoq ham bola ko‘p"... Balki shuning uchun hamdir, pul yig‘ilganda, ota-onalar pul berishga majburlar. Lekin, bir narsa meni xotirjam qiladi, yaqinda o‘g‘lim o‘qiydigan maktabning direktori bilan suhbatlashganimda, u ikki marta ta‘kidladi - "bo‘ldi, mani endi son emas, SIFAT qiziqtiradi, har chorakda ulardan imtihon olib, g‘alvirdan o‘tkazaman" ... ana shunaqa :-)"

Gulnoza Akhrarova: "Bizani sinfda yani qizimni sinfida 40ta o‘quvchi. 15, uzog‘i bilan 20ta bo‘lsa yaxshi bo‘lardi. Unaqa bo‘lishi uchun sinflar ko‘proq bo‘lishi kerak. Maktablarga o‘kuvchilar sig‘mayapti, shuning uchunam ikki smenli darslar bo‘lyapti. VVS, o‘zi nimaga so‘ravosiz, tolk bormi bundan? Yordam berolmisiz baribir".

Sanjarbek Ataxanov: "Nima qipti 30 ta 35 ta o'quvchi bo'lsa, men ham 32 ta o'quvchi bn o'qiganman. Xudoga shukur hozirgi kunda Milliy Universitetda 3-bosqich talabasiman. Bu maqola ota-onalarda norozilik hissini uyg'otish uchun yozilgan".

Isroil Tillaboev: "Vaziyat taqozosi buyicha turli sonli o'quvchisi bor maktabkarni ko'rdik. Moliya bo'limlari yil boshida maktablarga ruxsat berishda asosan o'quvchilar sonini 40 taga yetkazib byudjet mablag'larini tejash xayolida bo'lishadi. Qat'iy o'quvchilar soni esa hozirda faqatgina IDUMIlarda (ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari): 30 ta o'quvchi har bir sinfda!

Dilfuza Tashbayeva: Sinflarda o‘quvchi soni 20, 25ta bo‘lgani ma‘qul. 1999 yil 352-qaror chiqqan. Sinfda o‘quvchi 35 bo‘lsin degan. Shu qonun kuchida turibdi, 40 emas 36 qilib ham o‘qitish mumkin emas".

Hasan Abduqayumov: "Maksimum 25 bo'lishi kerak, undan oshishi o'zlashtirish ko'rsatkichini pasaytiradi".

Gulchexra Alimjanova: "Ustozlarga ming raxmat!!! Bolalarga bilim berish oson ish emas. Xamma gap maktab rahbarlariga bog‘liq. Maktab sharoitidan kelib chiqqan holda o‘quvchilarni qabul qilish kerak. Shuncha 40-30ta o‘kuvchini hech qaysi o‘kituvchi o‘qita olmaydi. Ko‘pi bilan 20ta o‘quvchi yetadi bitta sinfga. Shunda a‘lochilar soni ham ortadi. O‘qituvchiga ham dars berish osonlashardi".

Munirahonim Nur: "Nima farki bor, baribir o‘qituvchilar pul kabobi bo‘lib qolishgan. Darsni o‘tmasdan koridorda gaplashib turishadi. Darsni va bolalarni shogirdlari nazorat qilishadi. Bu toshkentda eng ixtisoslashtirilgan maktabning xarakteristikasi... Direktor xonasiga kirsangiz, sekretari pullarni sortirovka qilib hisoblayotganini guvohi bo‘lasiz".

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio