Shinjondan yana xavotirli xabarlar

Image copyright BBC World Service
Image caption Butun Shinjon bo‘ylab xavfsizlik choralari o‘tgan yildan boshlab yanada kuchaytirilgan

Shinjon Uyg‘uristoni Oqsuv viloyatida ro‘y bergan zo‘ravonlikda kamida besh politsiya xodimi o‘ldirilgani haqida xabarlar kelmoqda.

Turli ommaviy axborot vositalarida zo‘ravonlik qurbonlari haqida har xil raqamlar berilmoqda.

Lekin hozircha Xitoy rasmiylari ushbu hodisa haqida hech narsa aytganlari yo‘q.

AQShda joylashgan va Shinjonda o‘z manbalariga ega "Erkin Osiyo" radiosi xabar qilishicha, hodisa o‘tgan juma kuni Oqsuv viloyatining Sog‘an toshko‘mir konida ro‘y bergan.

Hujumni bo‘lginchilar sodir etganlar, deb aytgan Oqsuvdagi politsiya xodimlaridan biri.

Pichoqlar bilan qurollangan shaxslar ko‘mir koni qo‘riqchilariga hujum qilgani, so‘ng kon ma‘muriyati xodimlariga tashlangani xabar qilingan.

Ko‘mir koniga yuborilgan politsiya xodimlari avtomobiliga ko‘mir tashiydigan og‘ir yuk avtomobilini borib urib, so‘ng yaralangan politsiyachilar pichoqlangani aytilgan.

"Erkin Osiyo" radiosi 40 inson halok bo‘lgani, hujumchilar ko‘mir konidagi portlovchi moddalarni qo‘lga kiritgani haqida aytgan boshqa bir ko‘mir konini qo‘riqlaydigan uyg‘ur millatiga mansub politsiyachi.

Hududga ko‘p sondagi xavfsizlik xodimlari yuborilgan, hozir ham ayrim hujumchilar qochib yurgan bo‘lishi mumkinligi aytilgan.

Bunday zo‘ravonliklar haqidagi xabarlar birinchi bo‘lib xorijdagi ommaviy axborot vositalarida e‘lon qilinadi, so‘ng Xitoy rasmiylari bu borada ma‘lum qiladilar.

Ba‘zi hollarda umuman hech narsa xabar qilinmaydi.

Shu yil iyun oyida ham pichoqlar bilan qurollangan uyg‘urlar Qashg‘ar shahridagi tekshirish nuqtasiga hujum qilgani, oqibatda kamida 18 inson nobud bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgan.

Ushbu zo‘ravonlikni Shinjon rasmiylari umuman tasdiqlaganlari yo‘q.

Biroq Xitoyda bo‘lgan xorijiy diplomatlar aytishlaricha, iyun oyida Qashg‘arda jiddiy hujum ro‘y berganiga ishonishadi.

Yaqinda Xitoy hukumati Shinjonda oshxona pichoqlari faqat ruxsatnoma bilan sotilishi haqida qaror qabul qildi.

Ushbu qaror ham pichoq yoki xanjarlar Xitoy rasmiylarida jiddiy xavotir uyg‘otayotganini tasdiqlaydi.

So‘nggi yillarda Shinjonda uyg‘urlar bilan bog‘liq qon to‘kilishi hodisalari soni ko‘paygan.

Yuzlab insonlar halok bo‘lgan, Xitoy hukumati yuzlab uyg‘urlarni zo‘ravonliklarda ayblab o‘lim jazosi yoki uzoq yillik qamoq jazolariga hukm etgan.

Rasmiy Pekin zo‘ravonliklarda Shinjon Uyg‘uristonini Xitoydan ajratib mustaqil davlat qurishni xohlayotgan bo‘lginchi, islomiy ekstremistlar aybdor, deydi.

Lekin muhojirotdagi Uyg‘ur tashkilotlariga ko‘ra, oxirgi yillarda Xitoy hukumati uyg‘urlarning dini, madaniy o‘zligiga nisbatan zug‘umni kuchaytirgan.

Bu esa oddiy uyg‘urlarni zo‘ravonlikka majbur qilayapti, deyishadi uyg‘ur faollari.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq