"Paxta bizning boyligimiz, bizning faxrimiz ekanligini bilmaysizmi?"

O‘zbekiston rasmiylari paxta terimi jarayonini qattiq nazorat ostida ushlab turishni davom ettirmoqdalar. Yaqinda paxta terimiga safarbarlik va majburiy mehnat holatlari monitoringini olib borgan angrenlik inson huquqlari faoli Dmitriy Tixonov militsiya xodimlari tomonidan kaltaklangan edi. Tixonovga ko‘ra, Angren aholisini shahardan qariyb to‘qson kilometr uzoqlikda joylashgan Bo‘ka rayoniga paxta terish uchun olib borishadi. Biroq Bo‘ka tumani bir xususiyatga ega. Bu haqida Dmitriy Tixonov BBC bilan suhbatda gipirib berdi.

Dmitriy Tixonov: O‘zbekistonda faoliyat yurgizayotgan Jahon Banki bir necha viloyatlarda ziroatchilik loyihalarining amalga oshirilishiga mablag‘ ajratgan. Toshkent viloyatining Bo‘ka tumani Jahon Bankining sarmoyalari bilan o‘z ziroatini rivojlantirayotgan yagona tumandir. Eng muhimi shuki, Jahon Banki moliyalagan hududda majburiy mehnat qo‘llanmasin, degan shart bilan mablag‘ ajratadi. Biroq o‘tmishdan qolgan udumga ko‘ra, Angren shahri hamisha Bo‘ka tumanini paxtakorlar bilan ta‘minlab keladi. Monitoring raqamlarimga ko‘ra, paxtakorlarning 90 foizi Bo‘ka tumaniga olib ketiladi. Bular orasida davlat xizmatchilari, ishlab chiqaruvchilar, xullas, davlat korxonalarida ishlayotgan odamlar talaygina.

BBC: Siz monitoring qilgan kunlarda qancha odam yig‘ilgani va qancha avtobuslarni ko‘rdingiz?

Dmitriy Tixonov: Men Angrenda monitoring o‘tkazganimda, bir kunlik paxtaga safabarlik tashkillashtirilganiga guvoh bo‘ldim. Dam olish kunlari edi. Shahar hokimiyati binosi oldida odamlar yig‘ilgandi. Men paxta kampaniyasi qanday o‘tayotgani, odamlar bilan muloqotda bo‘lish uchun u yerga borgandim. Men gaplashib bo‘lganimdan so‘ng, ikki ayol oldimga kelib, asabiylashgan holda menga "Siz nima sababdan paxtaga qiziqyapsiz? Kim uchun ma‘lumot yig‘ayapsiz? Axir, paxta bizning boyligimiz, bizning faxrimiz ekanligini bilmaysizmi?" deya baqira boshlashdi. "Vatanimizga yordam berish o‘rniga, paxta terimiga hissa qo‘shish o‘rniga, bizga xalaqit berayapsiz", deb aytishdi. Qarasam, ular o‘ta tajovuzkor ruhda edilar, shuning uchun men orqaga qaytdim.

BBC: Ertasi kuni sizni militsiya xodimlari olib ketib, u yerda sizga qo‘pol munosabatda bo‘lishgan, shundaymi?

Dmitriy Tixonov: Meni ertasi kuni shahar militsiya bo‘limiga olib kelishganida, meni 22-xonada ikki operativ xodim terimchilar oldiga borishdan qanday maqsad ko‘zlaganimni so‘rab, tergov qilishdi. O‘sha paytda kabinetga militsiya boshlig‘i kirib keldi. Ustida formasi bo‘lmagan, o‘zini tanishtirmagan, biroq men bu kishini ko‘p marta UVDda uchratganman va boshliqlardan biri ekanligini bilardim. Xullas, eshikdan kirmasdan meni sensirab, so‘kib, jismoniy kuch ishlatishga tahdid qilib, baqira boshladi. Men jim o‘tirdim. So‘ng u menga yaqinlashib, mushtlarini ko‘tardi. Tabiiyki, men o‘zimni himoya qilmoqchi bo‘ldim, lekin o‘sha zahoti, o‘zimni qo‘lga oldim, agar biron bir joyiga tegib ketsam, keyinroq, "militsiya xodimlariga hujum qildi" deya ayblashlari mumkin edi. Bunday vaziyatda hech narsani isbotlab berolmaysan. Shuni nazarda tutib, qimirlamasdan o‘tirdim. Keyin o‘sha odam qo‘liga ikki yuztacha qog‘ozlarni olib, boshqa ikki xodim hozirligida meni yuzim va boshimga ura boshladi. Urayotganda, "paxta bizning boyligimiz, bizning faxrimiz" deb baqirdi.

BBC: Sizga aynan shu so‘zlarni rus tilida aytdimi?

Dmitriy Tixonov: Ha, aynan rus tilida, urayotib, "paxta boyligimiz va sen bizga xalaqit berayapsan", dedi. Urib bo‘lgandan keyin, kabinet ostonasida menga qarab "nima haqqing bor bizning ishlarimizga aralashishga?!" deb chiqib ketdi. Xonada guvoh bo‘lgan ikki xodim, darrov "biz hech narsani ko‘rmadik" deb aytishdi. Yarim soatdan keyin tez yordam mashinasi kelib, ikki ayol shifokor meni ko‘rikdan o‘tkazishdi. Men ularni chaqirmagandim, ularni militsiya chaqirgan, o‘zlarini kelajakda saqlab qolish uchun, himoya qilish maqsadida.

BBC: Endi siz nima qilmoqchisiz? Monitoringni hozirda to‘xtatib turasizmi?

Dmitriy Tixonov: Meni militsiya xodimlari ushlaganlari va kaltaklanganim borasida hozirda advokatlar bilan maslahatlashayapman. Lekin monitoringni to‘xtatmayman. Davom ettiraman. Biroq agar ketimdan odam qo‘yib, mening har bir harakatimni poylab yurishsa va turli po‘pisalar bilan menga xalaqit berishsa, monitoring natijalari samarali chiqmasligi mumkin. Men hamisha majburiy mehnat bilan bog‘liq holatlarni kuzatganman va bu ishlarni davom ettiraman. Men bilan sodir bo‘lgan hodisa faoliyatimni to‘xtatish uchun asos bo‘la olmaydi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio