Saudiya Arabistoni haj tartibini o‘zgartirmoqchi

Mino vodiysidan Jamarotga olib boruvchi yo‘l Image copyright none
Image caption Mino vodiysidan Jamarotga olib boruvchi yo‘l

Saudiya podshosi Salmon ibn Abdulaziz Makkadagi taloto‘pda kamida 717 odam halok bo‘lganidan so‘ng haj xavfsizlik masalasini qayta ko‘rib chiqish haqida qaror chiqardi. Minodagi halokatda yana 863 odamning jarohat olgani aytilmoqda.

Bu yilgi haj mavsumida 2 million musulmon qatnashgan.

Ushbu fojea hojilar o‘rtasida so‘nggi 25 yil ichida sodir bo‘lgan eng halokatlisi bo‘lgan.

Qirol "tashkilotchilik darajasi va harakatlanish boshqaruvini yaxshilash" kerakligini aytgan.

Makkada so‘nggi 2 haftada ikki halokat sodir bo‘lgan. Jome masjididagi kran qulab tushishi oqibatida 109 odam nobud bo‘lgandi.

Haj rusumlari bo‘yicha ziyoratchilar Makkadan 5 chaqirim uzoqlikdagi Mino vodiysiga yurib borishadi. U yerdagi shaytonga tosh otish marosimi bo‘ladi. Jamarot deb atalmish joydagi ustunlar shayton Ibrohim payg‘ambarni yo‘ldan urushga harakat qilgan joyga o‘rnatilgani aytiladi.

Eronning g‘azabi

Halok bo‘lganlar va jarohatlanganlarning yaqinlariga o‘z hamdardligini bildirgan qirol Salmon ibn Abdulaziz "Allohning mehmonlari o‘z ibodatlarini qulay va oson o‘tkazishlari uchun mas‘ul rasmiylarga haj amallarini rejasini qayta ko‘rib chiqishni va tashkilotchilik hamda boshqaruv darajasini ko‘tarishni topshirdik", degan.

Haj qo‘mitasini boshqaruvchi Saudiya Arabistonining valiahd shahzodasi Muhammad ibn Noyif halokat bo‘yicha surishtiruv ishlarini boshlagan.

Halok bo‘lganlar quyidagi davlatlarning fuqarolari bo‘lgan:

  • Eron: 131
  • Hindiston: 14
  • Pokiston: 6
  • Turkiya: 4
  • Indoneziya: 3
  • Nigeriya va Chad fuqarolarining soni hali aniqlanmagan.

Ichki ishlar vazirlining so‘zchisi Mansur al Turkiy halokat joyida ko‘p sonli ziyoratchilarning to‘planib qolgani sabablari hali aniq emasligini bildirgan.

Sog‘liqni saqlash vaziri Holid al Falih tezkor surishtiruv o‘tkazishga so‘z bergan va halokatga ayrim ziyoratchilarning rasmiylar tomonidan ko‘rsatilgan yo‘riqnomaga amal qilmagani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Eron Saudiya Arabistonini haj marosimini o‘tkazish bo‘yicha qattiq tanqid qilgan.

Mamlakatda uch kunlik motam kuni e‘lon qilgan Eron Oliy rahbari Oyatulloh Ali Homanai "Saudiya Arabistoni ushbu qayg‘uli fojea uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi kerak. Boshboshdoqlik va nomaqbul harakatlar mana shu halokatga sabab bo‘ldi", - degan.

Halokat payshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 9 da sodir bo‘lgan. Ziyoratchilar ustunlarni o‘rab turgan va Jamarot ko‘prigi deb atalmish 5 qavatli yo‘lakda yurayotgan bo‘lgan.

Mansur al Turkiyning aytishicha, ziyoratchilarning ikki yirik guruhi bir ko‘chaning boshqa boshqa tomonidan kelib qolgan.

"Men kimningdir nogironlar aravachasidagi odamni bosib ketganini ko‘rdim va bir qancha odam un bosib qoldi. Odamlar nafas olish uchun bir birining ustiga chiqib ketdi", - degan Misrdan Abdulloh Lofti.

Suratlarda yuzlab jasadlarning yerda yotganini ko‘rish mumkin, ularning ayrimlari uyilib yotibdi. Ular haj mavsumida kiyiladigan oddiy oq ehromga o‘rangan bo‘lgan.

"Mening ko‘zlarimga jasadlar cho‘zilayotgandek ko‘rindi", - degan BBCning Minodagi muxbiri Bashir Saad Abdullo

Britaniya Tashqi ishlar vazirligi britaniyaliklar ham bor yo‘qligi borasida tezkor ma‘lumot kerakligini aytgan.

AQShga sayohat qilayotgan Rim papasi Frantsis musulmonlarga "yaqinlik hissini" bildirgan.

Image copyright none

Hajdagi halokatlar:

  • 2006: Minodagi Jamarot ko‘prigida 364 ziyoratchi nobud bo‘lgan.

  • 1997: Minodagi chodirli shaharchada to‘fon natijasida kelib chiqqan yong‘in 340 kishining umriga zomin bo‘lgan.

  • 1994: Shaytonga tosh otish marosimida kelib chiqqan taloto‘p natijasida 270 ziyoratchi halok bo‘lgan.

  • 1990: Tonnelda kelib chiqqan taloto‘p natijasida asosan osiyolik bo‘lgan 1426 kishi vafot etgan.

  • 1987: Maxsus kuchlar eronlik ziyoratchilarning Amerikaga qarshi namoyishini bostirishi davomida 402 odam o‘lgan.

Saudiya qirolligi bu kabi hodisalarning oldini olish uchun naqliyot va boshqa infrastrukturani yaxshilash maqsadida milliardlab dollar sarflab keladi.

Haj amali Islomdagi besh farzdan biri hisoblanadi. Musulmon kishi imkoniyatiga qarab umrida kamida bir marta hajga borishi kerak.

Saudiya Arabistoni Statistika va Axborot markaziy departamentining ma‘lumotlariga ko‘ra, hajga keluvchilar soni 1921 yildagi 57 ming kishidan 2012 yilda 3 million 200 minggacha ko‘tarilgan.

Ta‘mirlash ishlari olib borilishi sababi bilan o‘tgan yili ushbu raqamlar 2 millionga tushgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq