Eron: 'Saudiya Hajdagi qurbonlar uchun kechirim so‘rasin!'

Image copyright EPA

Eronning oliy ruhoniy rahbari Oyatulloh Homanaiy Saudiya Arabistonini o‘tgan payshanba Haj ziyorati chog‘ida yuz bergan halokatli izdihom uchun uzr so‘rashga chaqirgan.

Ayni paytda Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy BMT Assambleyasidagi chiqishida hodisa yuzasidan tergov o‘tkazilishi kerakligini aytgan.

"Bu fojia unutilmaydi", - deb aytgan Eron ruhoniy rahbari.

"Uni-buni ayblagandan ko‘ra, saudiyaliklar javobgarlikni o‘z zimmalariga olishlari va musulmon dunyosi hamda qurbonlarning oilalaridan kechirim so‘rashlari kerak", -degan janob Homanaiy.

Shanba kuni Eron Bosh prokurori Said Ibrohim Raisiy davlat televideniyesi orqali chiqish qilib, Eron Saudiya podsholigi oilasini sodir etgan "jinoyatlari" uchun "xalqaro mahkama"ga tortilishini talab qilishini aytgan.

Saudiya Arabistoni esa Eronni fojiadan siyosiy maqsadlarda foydalanishda ayblagan.

Shanba kuni Saudiya Arabistonining oliy muftiysi Abdul Aziz ibn Abdulla ash-Shayx hodisa yuzasidan Saudiya rasmiylarini himoya qilib chiqqan.

Uning aytishicha, ziyoratchilarning o‘limiga olib kelgan izdihom "odamzod nazoratidan tashqaridagi narsa bo‘lgan".

"Odamzod nazorati ostida bo‘lmagan narsalar borki, buning uchun siz aybdor bo‘lmaysiz. Taqdir va qismat qochib qutulib bo‘lmaydigan muqarrar narsalardir", deb aytgan Oliy muftiy Abdul Aziz ibn Abdulla ash-Shayx.

Izdihomda halok bo‘lgan 769 ziyoratchining 140 nafari eronliklardir.

Hodisa oxirgi 25 yildagi eng yirik fojiaga sabab bo‘lgan.

Izdihom payshanba kuni tongda Jamarotda shaytonga tosh otish marosimi chog‘ida ziyoratchilarning ikki yirik guruhi to‘qnashib ketishi oqibatida sodir bo‘lgan.

Saudiya podshosi Salmon ibn Abdulaziz Haj ziyorati chog‘ida xavfsizlik qoidalariga qanchalik rioya etilganini tekshirishga buyruq bergan.

U shuningdek, Haj tartibi qayta ko‘rib chiqilishini aytgan.

Halok bo‘lganlar orasida 20 dan ortiq davlatlar fuqarolari bor.

O‘zbekiston hukumati qoshidagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita izdihomda o‘zbekistonlik hojilarning talofat ko‘rmaganliklarini ma‘lum qilgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio