Tolibon Qunduzni deyarli egalladi

Tolibon Qunduzning aksar qismini egallagan
Image caption Tolibon Qunduzning aksar qismini egallagan

Tolibon shimoliy Afg‘onistondagi O‘zbekiston va Tojikistonga yaqin Qunduz shahrining aksar qismini ishg‘ol qilgan. Isyonchilar strategik muhim shaharga har tarafdan hujum qilib, hukumat idoralari va qamoqxonani o‘z nazoratiga olgan.

Tongda shaharning uch tomonidan hujum qilgan Toliblar shaharning asosiy kirish yo‘lidan ichkariga kirgan va shahar shifoxonasini qo‘lga kiritgan. Xabarlarga ko‘ra, rasmiy idoralar ham Tolibon qo‘liga o‘tgan.

Qunduzdagi qamoqxonani egallagana jangarilar u yerdagi 500 dan ortiq Tolibonga xayrixoh mahbuslarni ozodlikka chiqargan.

Qunduzning ayrim tumanlarida Afg‘on kuchlari va Tolibon o‘rtasida janglar davom etmoqda.

Qaqshatgich janglar bois shahar va atrofidagi ko‘chalar bekilib qolgan. Har ikki tomondan ham insoniy talofatlar borligi aytilmoqda.

BBCning Taloqandagi muxbiri Mo‘‘bin G‘afuriyning aytishicha, Tolibon jangarilari shahardagi rasmiy idoralarni egallab bo‘lgan.

"Ayrim mahallalarda janglar ketayapti. Lekin hukumat kuchlari tomonidan ko‘rsatilayotgan qarshiliklar uncha shiddatli emas. Agar shaharga qo‘shimcha yordam kuchlari yetib kelmasa shahar butunlay Tolibon qo‘liga o‘tishi mumkin", - deydi Mo‘‘bin G‘afuriy.

Muxbirimizga ko‘ra, insoniy talofatlar borasida aniq raqamlar yo‘q. Ammo yuzdan ortiq odamning jarohat olib shifoxonaga keltirilgani aytilmoqda.

Qunduzga Tolibon bostirib kirishi ortidan imkonini topgan insonlar shaharni tashlab chiqishga intilayotgani aytiladi.

Lekin shahar ichida avtomobil yo‘llari yopiqligi aytiladi. Ba‘zilar esa aeroport orqali mamlakatning boshqa shaharlariga borishga intilmoqda.

Afg‘oniston parlamentining qunduzlik deputati Shukriya Paykon shahar havo qo‘nalg‘asida ko‘plab rasmiylar qatori uchoq kelib ularni olib ketishini kutmoqda.

"Uchoq qaysi shaharga olib ketsa o‘sha yerga uchish uchun kutib turibmiz. BMTning Afg‘oniston uchun yordam missiyasi o‘z odamlarini olib chiqib ketdi, ammo bizni olmadi", - deydi Shukriya Paykon.

Tolibon jangarilari Taxor viloyatidagi Ishkamish tumaniga ham har tomondan hujum qilgan. Taxor hokimining voizi Sunatilloh Timur jangarilarning tuman markazigacha kirib kelganini aytgan. Unga ko‘ra, hukumat tomonidan qo‘shimcha kuchlar tashlanmasa tuman to‘liq Tolibon nazoratiga o‘tishi mumkin.

Bu tumanda O‘zbekiston Islomiy harakati keng faoliyat yuritishi aytib kelinadi.

Qunduz o‘z paytida Tolibonning shimoldagi tayanch nuqtasi sanalgan. So‘nggi paytda Toliblar shimolda faollasharkan, ular aynan yana Qunduzga e‘tibor berib, bu shaharni qo‘lga kiritishga qattiq tirishmoqda.

Harbiy tahlilchi Asadullo Volvolijiy Tolibon uchun Qunduzning strategik ahamiyati muhim ekanligini aytadi.

"Tahor va Bag‘lon viloyatlari Qunduz bilan chegaradosh. Agar Tolibon Qunduzni egallasa ham Tohar ham Bag‘longa hamla qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu hududlarni egallagach Tojikiston va O‘zbekiston chegaralariga chiqish imkoni paydo bo‘ladi", - deydi Asadullo Volvolijiy.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq