O‘zbeklarni Suriyaga nima tortmoqda?

Internetga chiqarilgan videoda o‘zbek yigitining go‘yoki xudkushlik hujumi sodir qilgani ta‘kidlanadi Image copyright none
Image caption Internetga chiqarilgan videoda o‘zbek yigitining go‘yoki xudkushlik hujumi sodir qilgani ta‘kidlanadi

Suriyadagi go‘yoki ilk o‘zbek yigitining zirhli mashinada xudkushlik hujumi sodir qilishi muhokamalarga sabab bo‘ldi. Suriya tuproqlarida o‘zbeklardan tashkil topgan bir necha jangari guruh borligi aytiladi. Mutaxassislarga ko‘ra, ularni turli maqsad boshlab kelgan.

Ko‘rinishidan 17-18 yosh atrofidagi o‘zbek yigiti asosan shialar yashaydigan Fua qishlog‘idagi binoga borib o‘zi va bomba ortilgan zirhli mashinani portlatgani aytiladi.

Suriya tuproqlarida o‘zbeklardan tashkil topgan bir necha jangari guruh faoliyat yuritishi ta‘kidlanadi.

E‘tiborli tomoni ular Suriya hukumatiga qarshi kurashayotganini ta‘kidlayotgan bo‘lsa-da, fikriy jihatdan bir biriga zid zid qarashlarni bildirishadi.

Londondan ilmiy xodim Joanna Parashuk sobiq Sovet hududlaridan Suriyada jang qilayotgan xorijiy jangarilarni tadqiq qilish bilan shug‘ullanadi.

Unga ko‘ra, Suriyaga ketgan Markaziy osiyoliklarning raqamlari borasidagi turli rasmiy bayonotlarga shubha bilan qarash kerak.

Joanna Parashuk: Avvalambor shuni ta‘kidlash kerakki, Suriyada jang qilayotgan xorijiy jangarilarning aniq sonini bilish o‘ta mushkul. Ularning raqamlarini bilish uchun imkon yo‘q. Ikkinchidan, Suriyaga jang qilish uchun ketayotgan odamlar haqida gapirganimizda, ular o‘zlari bilan oilalarini ham olib ketayotganlarini inobatga olishimiz kerak. Shuningdek, jangarilar orasida ularni qo‘llab quvvatlashga otlangan ayollar, jangchilarning xotinlari, bola-chaqalari ham bor. Raqamlar qanchalar ishonchli degan savolingizga, biz aniq raqamlarni umuman qo‘lga kiritish kontekstida yondashimiz kerak. Gohida ularning sonini ko‘paytirib ko‘rsatish Marakaziy Osiyo hukumatlarining manfaatiga xizmat qiladi. Ya‘ni rasmiylar bor muammoni xaddan tashqari bo‘rttirib ko‘rsatishmoqchi. Yoda vaziyat ularning nazorati ostida ekanini namoyon etish maqsadida jangarilarning sonlarini kamaytirib ko‘rsatishga moyillik ham kuzatilmoqda.

BBC: Suriyadagi Markaziy osiyoliklarning umumiy jihatlarini ta‘riflashga urinsak, xususan o‘zbeklar, haqida nima deya olasiz. Ular o‘zi kim?

Joanna Parashuk: Qiziq jihati shuki - biz Suriyaga ketayotgan turli xil odamlarni ko‘rayapmiz. Birinchi guruhga tajribali jangchilar kiradi. Misol uchun ular orasida Salohiddin Al O‘zbeki mashhur. U o‘zbek jangarilarining Imom Buxoriy jamoati amiri sanaladi. Uning guruhi Aleppo viloyatida joylashgan va Afg‘onistondagi Tolibon bilan ittifoqdosh. U sirli shaxs bo‘lib, u haqida ko‘p narsa bilmaymiz. Uning aytishicha, Afg‘onistonda Tolibon saflarida yillab kurashib kelgan. Ya‘ni u harbiy amaliyotlarda katta tajriba orttirgan askar. Ikkinchi guruhga jang qilishda tajribasi bo‘lmagan va Suriyaga Moskva orqali borgan mehnat muhojirlari kiradi. Bular Rossiyada ishlab yurganida radikallashgan va shu orqali Islomiy Davlat tashkilotiga qo‘shilib ketgan. Ularda harbiy amaliyot tajribasi mutlaq yo‘q. Umuman Suriyadagi o‘zbeklarni tahlil qiladigan bo‘lsak, u yerda o‘zbekistonlik o‘zbeklar, Markaziy Osiyo mintaqasidan bo‘lgan etnik o‘zbeklar va Rossiyaning turli hududlaridan boshqa o‘zbeklar ham bor. Masalan, Al Qoida ittifoqdoshi bo‘lgan Jabhat al Nusra guruhida ko‘zga ko‘ringan jangchi – tataristonlik o‘zbek Abu Rafiqdir.

BBC: Siz Imom Buxoriy guruhini tilga oldingiz. Ular bilan birga Suriya hukumatiga qarshi kurash olib borayotgan o‘zbeklarning boshqa guruhi ham bor, shundaymi?

Joanna Parashuk: Bu guruhning nomi Tavhid al Jihod bo‘lib, o‘zbeklardan tashkil topgan. Ular ham Imom Buxoriy guruhiga o‘xshab Suriyaning Aleppo viloyatida joylashgan. Biroq ko‘rinishidan Tavhid al Jihod o‘zini hammadan mustaqil tutgan guruh. Qaysi shaxs yoki guruhga sodiqlik qilayotgani aniq emas. Biroq shuni ta‘kidlash kerakki, bu guruh Jabhat Al Nusra bilan birgalikda jang olib borib, Al Qoidaga yaqin qarashlarni izhor etmoqda deb talqin qilishimiz mumkin. O‘zbeklardan iborat mazkur ikkala guruh Asad hukumatiga qarshi kurash olib bormoqda. Yana bir muhim jihat - Islomiy davlat guruhida ham o‘zbek jangarilari bor.

Image caption Suriyada asosan o‘zbek jangarilaridan tashkil topgan guruhlar o‘rtasida ziddiyat borligi aytiladi

BBC: Markaziy osiyoliklar qanday mafkura ta‘siriga ko‘proq tushishmoqda? Ularni nimalar jalb etmoqda? Ular uchun xalifalik g‘oyasi qanchalar kuchli?

Joanna Parashuk: Aftidan ularni ko‘p narsa jalb etadi. Aksar odamlar xalifalik qurish g‘oyasiga berilib, qiziqib Suriyaga boradilar. Boshqa odamlar islomiy hayot tarzini faqat IShID nazorati ostida bo‘lgan hududlarda yuritish mumkin, deya u yerga ketadi. Bundan tashqari Suriyadan yopirilib kelayotgan tashviqot ham, ya‘ni Asad rejimi muslumonlarni bombardimon qilayotgani borasidagi tasvirlar va videolar ham o‘zining katta rolini o‘ynamoqda. Ba‘zi Markaziy osiyoliklar buning ta‘siri ostida suriyaliklarga yordam berish uchun ham borishlari mumkin. Ya‘ni "agar sen Suriyaga kelib jihod qilsang, boshqa musulmonlarga ko‘mak berishing mumkin" degan ma‘noda.

BBC: Yaqinda Suriyada guyoki birinchi o‘zbek xudkush hujumchi amali tasvirlagan video internetda paydo bo‘ldi. Siz videoni tahlil qilib, ta‘riflab berolasizmi?

Joanna Parashuk: Ha, bu juda shokga keltiruvchi video. Videoni Suriyaning Fua nomli shialar qishlog‘iga qarshi jang qilgan Imom Buxoriy guruhi janglardan so‘ng chop etgan. Biz videoda o‘zbek jangarilarining bir guruhi juda yosh o‘zbek yigitni zirxlangan mashinaga qo‘yayotganlarini ko‘rayapmiz. U juda ham qo‘rqqan qo‘rinadi. Mashina lyukiga tushganida yig‘lay boshlaydi. Uning atrofida bo‘lgan yoshi kattaroq erkaklar unga "yig‘lama, sen Ollohning yo‘lidasan" deyishmoqda. Video oxirida biz yirik portlashni ko‘ramiz, ya‘ni bu yigit o‘zini portlatib, amaliyotni bajarganini anglab olamiz. Ilk bor bu guruhdan biz xudkushchini ko‘rdik. Men birinchi marta o‘zbek yig‘itni o‘zini portlatishdan oldin kameraga tushganini ko‘rdim. Bu juda ham xavotirli moyillik.

BBC: Siz tadqiqot uchun ma‘lumotlarni qayerdan olasiz? Jangarilarga bevosita bog‘lanib muloqotda bo‘lasizmi?

Joanna Parashuk: Ha, ular bilan gaplashib turaman. Masalalan, yaqinda Imom Buxoriy jamoatidan jangchilardan biri bog‘lanib, jihod haqida yozgan maqolalarimga e‘tiroz bildirdi. Uning aytishicha, biz Suriyadagi voqealarni noto‘g‘ri yoritayapmiz, kerakli darajada maqtamayapsiz deb tanqid qildi. "Odamlar hamisha IShID haqida gapirishadi, biz Imom Buxoriy jamoati hech ham IShIDga o‘xshamaymiz, chunki biz musulmonlarni o‘ldirmaymiz" deb aytgan. Bu uning so‘zlari edi. Mazkur guruh ijtimoiy tarmoqlarda juda faol, suratlar va videolarni chop etadi. Ular tashqaridagi odamlar guruh haqida bilishlarini juda xohlashadi. Qachon ular bilan bog‘lansam o‘z xikoyalarini gapirib berish uchun imkon paydo bo‘lganidan xursand bo‘lishadi. Chunki ular olib borayotgan jihod kurashiga qattiq ishonishadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio