O‘smirlar orasida o‘z joniga qasd qilish

Ruhiy salomatlik haqida gapirmaslik yoshlar hayotini xavf ostiga qo‘ymoqda.

O‘z joniga qasd qilish 15 dan 29 gacha bo‘lgan yoshlar orasidagi o‘limga sabab bo‘luvchi ikkinchi yirik omildir. Lekin shunga qaramay, jamiyatlarda bu mavzu tabu deb hisoblanadi, ya‘ni ochiq-oshkor gapirilmaydi. Hozirda mutaxassilar virtual dunyo orqali ro‘y berayotgan tahdid-haqoratlar va ijtimoiy tarmoqlar vositasida tarqayotgan g‘oyalar muammoni chuqurlashtirib yuborganligini aytib, hukumatlarni bunga e‘tibor qaratishga da‘vat qilmoqdalar.

Image caption "Bu mening yodimdan hech qachon ko‘tarilmasa kerak". Gabbi Diks

"O‘z joningga qasd qilish ilinjida bo‘lsang, odamlar buni jinoyat deb o‘ylashadi. Aslida bunday emas", deydi o‘z joniga qasd qilishga bir necha bor qo‘l urgan 20 yoshli Louren Boll.

Aniqroq aytsak, u bunga olti marotaba uringan. Oxirgi marotaba 2014 yili.

"Oilam uchun bu juda murakkab vaqt edi", deydi u BBC bilan suhbatda.

Gabbi Diks ham yakkayu-yagona farzandi Izzi o‘smir sifatida qiyin vaqtni boshidan kechirayotganidan xabardor edi. Ammo o‘z joniga qasd qiladi deb hech o‘ylamagandi.

"Bu mening yodimdan hech qachon ko‘tarilmasa kerak", deydi bundan ikki yil avval 14 yoshida Britaniyaning Devon mintaqasida o‘zini o‘ldirgan Izzining onasi.

Ba‘zi jamiyatlarda ruhiy kasalliklar mavzusi oxirgi vaqtlarda ko‘tarila boshladi. Lekin ba‘zilarida hanuz sukut saqlanmoqda. Ayni vaqtda mutaxassilar bu "epidemiya" borasida zudlik bilan chora ko‘rilishi kerakligini aytmoqdalar: o‘smirlar orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paymoqda.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotiga (JST) ko‘ra, bu mavzu juda ko‘pdan beri tabu bo‘lib kelgan.

Oxirgi vaqtlarda keng quloch yoygan ijtimoiy "trendlar" - virtul olamdagi haqorat va po‘pisalar, g‘oyalarning ijtimoiy virus kabi tarqashi bu tilga olinmas muammoni yanada chuqurlashtirib, ko‘proq sondagi yoshlar hayotini havf ostiga qo‘ymoqda.

"O‘z joniga qasd qilish juda murakkab muammo. Aksar hollarda unga itaruvchi omil yagona bo‘lmaydi. Bundan tashqari, yoshlar o‘rtasidagi o‘z joniga qasd qilish hollari yaxshi o‘rganilmagan va tadqiq qilinmagan", deydi Britaniyada suiqasdlarning oldini olish bilan shug‘ullanadigan Samaritans tashkilotining boshqaruvchi direktori Rut Sazerland.

Bir narsa ayon - JST ma‘lumotlariga ko‘ra, yiliga jahon bo‘ylab 800 ming inson o‘z joniga qasd qiladi. Va har bir olamdan o‘tgan shaxsga yana 20 nafar suiqasd urinishi muvaffaqiyatsiz bo‘lgan inson to‘g‘ri keladi

Image copyright DIX FAMILY
Image caption 14 yoshli Izzi Diksning o‘z joniga qasd qilishi Britaniyadagi keng bahslarga turtki berdi

Umuman olganda yoshi 70 dan oshganlar orasida o‘z joniga qasd qilish hollari keng tarqalgan. Lekin ba‘zi mamlakatlarda bu holat ko‘pincha yoshlar orasida uchraydi. Ahvol shunga borib yetganki, 15 dan 29 gacha bo‘lganlar orasidagi o‘limga olib keluvchi sabablar orasida o‘z joniga qasd qilish ikkinchi yirik omil hisoblanadi.

"Bu yoshdagilar orasida o‘z joniga qasd qilish yo‘l harakati falokatlaridan so‘ng ikkinchi o‘rinda turadi. Bundan tashqari, jins nuqtai nazaridan qarasangiz, 15-29 da bo‘lgan ayollar orasida o‘z joniga qasd qilish o‘limga olib keluvchi omillar orasida birinchi o‘rinda turadi", deydi JST mutaxassisi Aleksandra Fleyshmann.

Lekin bu hol butun jahon bo‘ylab teng ma‘noda emas

2012 yili JST tomonidan chiqarilgan ma‘lumotlarga binoan, o‘z joniga qasd qilish global muammodir.

Rost, farovon va kambag‘al mamlakatlardagi raqamlar teng emas. Aslida, jahonda sodir etilgan o‘z joniga qasd qilish hollarning 75 foizi kambag‘al davlatlarda ro‘y beradi.

Muhimi yana shuki, farovonlik darjasidagi farq, ayniqsa, o‘smirlar hayotiga katta ta‘sir ko‘rsatadi.

Bu ma‘lumotlarga asoslangan grafikka ko‘z tashlasangiz, u qadar farovon bo‘lmagan mamlakatlarda o‘z joniga qasd qilish hollari aynan 15-29 yosh orasida ro‘y berishini ko‘rish mumkin.

Lekin farovon mamlakatlarda bu holat kuzatilmaydi va yoshlar hayoti ko‘proq kambag‘al mamlakatlarda xavf ostida ekanligi haqidagi xulosaga yetaklaydi.

Endi jins nuqtai nazaridan qaraylik: o‘z joniga qasd qilganlar orasida ayollarga qaraganda erkaklar ko‘proq.

"Qizlar orasida o‘z joniga qasd qilish urinishlari ko‘proq, lekin yigitlar ko‘proq "ishni oxiriga yetkazadilar", deya tushuntiradi doktor Fleyshmann.

"Bu farqning ortida turgan omil jamiyatlarda "erkaklarning erkak bo‘lishlari kerak"ligi borasidagi qarashlardir", deya tushuntiradi Sazerland.

Lekin kambag‘al mamlakatlarda erkak va ayollar orasida o‘z joniga qasd qilish hollari o‘rtasidagi farq kamroq ekan.

Farovon mamlakatlarda erkaklar ayollarga qaraganda, uch marotba ko‘proq o‘z joniga qasd qilsalar, kambag‘al va o‘rtahol mamlakatlarda bu farq atigi yarim barobar.

Ro‘yxatning boshida

Xavotirli yeri shuki, jahonninng ba‘zi mintaqalarida o‘z joniga qasd qilish 15-19 yoshda bo‘lganlar orasidagi o‘limga sabab bo‘luvchi asosiy omilga aylangan. Masalan, Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlarida.

O‘smirlik yoshida bo‘lgan va olamdan o‘tgan har olti qizdan biri o‘z joniga qasd qilgan.

"Taxminimiz shuki, u mintaqada o‘z joniga qasd qilishning “samaraliroq” yo‘llariga yetishish osonroq va yordam yetkazish imkonlari kamroq", deydi Fleyshmann.

Ogoh beruvchi belgilar

Mutaxassislarning aytishlaricha, o‘z joniga qasd qilish "birdaniga bir kuni" ro‘y berib qolmaydi. O‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, o‘zini o‘ldirgan o‘smirlardan 90 foizi qaysidir darajada ruhiy salomatlik muammosiga ega bo‘lganlar.

Bu o‘rinda tushkunlikdan (depressiya) tortib, vos-vos, zo‘ravonlik va giyohvand moddalarga mukkasidan ketish tilga olinadi.

Lekin boshqa tomondan yashash sharoitining o‘zgarishi, maktab va do‘stlar bilan muammolar va jinsiy moyillik yuzasidan noaniqlik ham omillar sifatida keltiriladi.

Shuning uchun mutaxassilar erta ogoh beruvchi xavotirli belgilarga e‘tibor qaratish kerakligini aytmoqdalar.

Bu hafta Britaniya oliygohlariga yangi talabalarning kelib qo‘shilishlari kuzatilar ekan, Samaritans tashkiloti yoshlar orasida o‘z joniga qasd qilish hollarining oldini olish bo‘yicha kampaniya o‘tkazmoqda.

"Oliygohdagi hayot ko‘pda quvnoq, jo‘shqin va o‘z-o‘zini bilish tomon safar sifatida taqdim etiladi. Ko‘plar uchun shunday bo‘lishi mumkin, lekin ba‘zilar uchun uydan boshqa joyga ko‘chishning o‘zi katta bir muammoga aylanadi", deydi tashkilot boshqaruvchi direktori.

Lekin ruhiy muammolarga yuz tutayotgan har bir o‘smir ham o‘z joniga qasd qilavermaydi. Bundan tashqari, muammo haqida oshkora gapirmaslik va hatto ba‘zi mamlakatlarda noqonuniy deya ko‘rilishi aniq ma‘lumotlarni qo‘lga kiritishni mushkullashtiradi.

Ijtimoiy fojea

Haqorat va oxirgi vaqtlarda Internet orqali po‘pisa-tahdidlar o‘z joniga qasd qilish hollariga qarshi kurashuvchilar tomonidan yaqindan o‘rganilmoqda.

Image copyright THINKSTOCK

AQShning Jarohatlarning oldini olish agentligiga ko‘ra, haqorat va o‘z joniga qasd qilish orasida bog‘liqlik bor, lekin bu bog‘liqlik sodda va to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik emas.

"Haqoratga uchragan o‘smir va yoshlar o‘z joniga qasd qilish bilan bog‘liq amallarga qo‘l urganlari haqida ham ko‘proq xabar beradilar... Lekin o‘z joniga qasd qilishning asosiy omili haqorat, deya aytish to‘g‘ri emas va hatto zararlidir. Chunki "haqoratga tegishli javob o‘z joniga qasd qilish ekan" degan fikrni keltirib chiqarib, ustiga-ustak bu amalga taqlid qilish kabi xavfli holatni ham keltirib chiqarishi mumkin".

Ba‘zi taxminlarga ko‘ra, o‘z joniga qasd qilishlar haqida matbuotdagi "olamshumul" xabarlar ham taqlid qiluvchilarga turtki berishi mumkin. Mutaxassislar buni "ijtimoiy virusning tarqashi" deya ataydilar.

Sazerlandning aytishicha, matbuotda o‘z joniga qasd qilishni yoritishning ijobiy yo‘llaridan biri odamlarni lozim taqdirda yordam so‘rab murojaat qilishlariga da‘vat qilishdir.

Bundan tashqari, ekspertlar hukumatlar tomonidan qo‘llangan va moliyalangan o‘z joniga qasd qilishlarning oldini olishning uzoq muddatli strategiyasi mavjud bo‘lishi kerakligini aytmoqdalar.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, bu kabi strategiya hozircha jahonning 28 mamlakatida mavjud.

"Masalan Finlyandiyada jahonda birinchilardan bo‘lib bu kabi strategiya ishlab chiqilgan va oxirgi 10 yil mobaynida u yerda o‘z joniga qasd qilish hollari 30 foiz kamaygan", deydi doktor Fleyshmann.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio