Yangilandi: Qunduzga endi Nato harbiylari ham tashlangan

Image copyright f

Tolibon bosib olgan Qunduz shahri uchun janglar og‘irlashib borarkan, shaharga Nato qo‘shinlari ham yetib borishgan.

Yuzlab jangarilar dushanba kunining o‘zida shaharni bosib olishgan, hukumat kuchlari esa ularga qarshi kecha seshanba kuni maxsus amaliyotga qo‘l urishgandi.

Ammo, Qunduzdan olingan so‘nggi xabarlarga ko‘ra, shaharni qaytarib olish afg‘on xavfsizlik kuchlari uchun oson kechmayotir.

Shaharda, ikkinchi kundirki, qaqshatqich janglar davom etmoqda.

Aytilishicha, AQSh harbiylari tomonidan uyushtirilgan qo‘shaloq havo hujumi jangarilarga pisand bo‘lmagan va ular shahar aeroporti sari ilgarilashmoqda.

Image copyright Reuters

AQSh Qurolli kuchlari voizining bayon qilishicha, afg‘on xavfsizlik kuchlariga maslahat berish uchun endi Qunduzga Nato harbiylari tashlangan.

O‘tgan yil oxirida rasmiy Vashington va Kobul o‘rtasida imzolangan muhim xavfsizlik bitimiga muvofiq, Afg‘onistonda ommaviy safarbarlik ortidan o‘n mingdan ortiq xorijiy askar qolgan.

Ular Nato vakolati ostida ish yuritishadi va ehtiyoj tug‘ilgan paytda afg‘on xavfsizlik kuchlariga havodan turib madad berishga haqli sanalishadi.

Mazkur kelishuvga muvofiq, ular aksariyatining afg‘on tuprog‘ida jangovar amaliyotlar olib borishlari taqiqlangan.

Ammo, Afg‘onistondagi vaziyat yomonlashib borarkan, prezident Barak Obama o‘tgan yil yakunida Nato qo‘shinlari saflaridagi harbiylariga bunday huquqni bergandi.

Image copyright Reuters

Har ikki tomon ham o‘zlarining qo‘llari baland kelayotganini iddao qilisharkan, ikkinchi kundirki, Afg‘onistonning Tojikistonga bevosita qo‘shni Qunduz viloyati markazida toliblar va afg‘on hukumat kuchlari o‘rtasida qaqshatqich janglar davom etmoqda.

Yuzlab Tolibon jangarilari turli tomondan hujum qilib, shu hafta dushanba kuni Qunduz shahrini bosib olishgandi.

Kecha seshanba kuni afg‘on hukumat kuchlari AQSh harbiylari ko‘magida shaharni qaytarib olish uchun o‘z amaliyotlarini boshlashgan, ammo eng so‘nggi xabarlarga ko‘ra ham, hamon bunga muvaffaq bo‘lishmagan.

Image copyright Reuters

Afg‘oniston Josuslik Xizmatining iddao qilishicha, havo hujumlari natijasida Tolibon harakatining Qunduz viloyatini lideri va uning muovini o‘ldirilgan. Ammo harakat ularning bu da‘volarini rad etgan.

Qunduz shahrining bosib olinishi – 2001 yildan buyon jangarilar qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan eng yirik g‘alaba sifatida baholanmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, o‘tgan tun ham Qunduz atrofida janglar kechgan va hozirga qadar shaharning qancha qismi kimning qo‘lida ekani ma‘lum emas.

Qunduz politsiya boshqarmasi voizi Sayid Anvar Husayniyning "Reuters" axborot agentligiga aytishicha, "yuzlab Tolibon jangarilari o‘ldirilgan va ularning jasadlari shahar ko‘chalarida cho‘zilib yotibdi".

Image copyright Reuters

Afg‘oniston Mudofaa vazirligi esa, shahar politsiya boshqarmasi idorasi va qamoqxona hozir yana o‘z nazoratlari ostida ekanini iddao etishmoqda.

Ammo Tolibon e‘lon qilgan videotasvirlarda jangarilarning tanklar, zirxli va politsiya mashinalarida shaharni bemalol keziyu yurishgani aks etadi.

Qunduzdagi shohidlardan birining BBCga aytishicha, toliblarga ham qo‘shimcha madad kuchlari yetib kelgan va shahar aholisining hayoti yanada xatar ostida qolgan.

Odamlarning asabiy ekanliklari, ham jangarilar va ham janglarning ko‘chalariga ko‘chishi ehtimolidan xavotirlanib, asosan o‘z uylariga qamalib olishgani aytiladi.

Afg‘oniston Tolibon harakatining yangi lideri Mulla Axtar Muhammad esa, afg‘on hukumati o‘z mag‘lubiyatini tan olishi shart, demoqda.

Image copyright AFP

Kecha seshanba kuni qudratga kelganiga roppa-rosa bir yil bo‘lgan Afg‘oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani esa, o‘zining televizion murojaatida Qunduzda ancha oldinga siljishgani, ammo toliblarning shahar aholisidan jonli qalqon sifatida foydalanayotgani o‘z xavfsizlik kuchlariga to‘sqinlik qilayotganini aytgan.

Eng so‘nggida eslatib o‘tish joiz, toliblarning Qunduzdagi yirik g‘alabasi Afg‘oniston Tolibon harakatiga yangi lider tayin etilishi va yangi rahbarning nomzodi harakat saflarida jiddiy bo‘linishlarga sabab bo‘lganiga oid xabarlardan qisqa vaqt o‘tmay kuzatilmoqda.

Shu yil iyul oyida Afg‘oniston Tolibon harakatining uzoq yillik rahbari Mulla Muhammad Umarning bundan ikki yil qazo qilgani rasman ma‘lum bo‘lgan va oradan qisqa vaqt o‘tmay, uning yaqin safdoshlaridan biri bo‘lgan Mulla Axtar Muhammad uning o‘rnini egallagandi.

Buning ortidan Qurbon Hayiti munosabati bilan afg‘on xalqiga yo‘llagan ilk tabrigida esa, Mulla Axtar Muhammad oddiy odamlarning janglardan ziyon chekmasliklari lozimligi haqida so‘z yuritgan va afg‘on mojarosiga tinch yo‘l bilan barham berishga moyil ekanliklariga ham ishora qilgandi.

Ammo buning uchun xorijiy qo‘shinlar "o‘zlari ishg‘ol qilib turgan" Afg‘onistonni butkul tark etishlari shart ekanini urg‘ulagandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq