Paxta - 2015: O‘zbek huquqbonlari jinsiy taxqirlangan

Huquq faollari dalada kollej talabalari qoniqarsiz sharoitlarda paxta terayotganini aytadi Image copyright Malohat Eshonqulova
Image caption Huquq faollari dalada kollej talabalari qoniqarsiz sharoitlarda paxta terayotganini aytadi

Majburiy ravishda paxtaga chiqarish holatlarini o‘rganayotgan huquq faollari Xazorasp tumanida jinsiy taxqirlanganini aytmoqda. Malohat Eshonqulovaning BBCga aytishicha, tuman Ichki ishlar boshqarmasiga taklif qilingan ginekolog ularni qip-yalang‘och qilgan holda jinsiy a‘zolaridan rasm va audio tushirilgan fleshka qidirgan.

"Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining xonasiga har kim kiradi, turli infektsiyalar bo‘lishi mumkin. Agar tekshirish niyatingiz bo‘lsa tuman shifoxonasiga olib borib tekshiring, deb iltimos qildim. Lekin hech narsa bo‘lmaydi, deb o‘sha xonanini o‘zida yechintirib, qo‘llari va uskunalar bilan paypaslab fleshka izlashdi. Ginekologning yonida yana bir ayol ham bor edi. Lekin hech narsa topisha olishmadi", - deydi Malohat Eshonqulova.

Eshonqulovaning aytishicha, oldinroq ularni ushlash jarayonida bir nechta fleshka va fotoaparatni olib qo‘yishgan. Ammo ushbu holatni oldindan sezgan faollar terimchilar va ularning sharoitlarini aks etgan fleshkani mahalliy odamlarga berib qo‘yishga ulgurgan.

"E‘tiborimni tortgan tomoni majburiy mehnat va taxqirlashlar oddiy odamlarning joniga shunday tekkanki, ular o‘z xavfsizligini xatarga qo‘yib biz uchun fleshkani yashirib qo‘yishga rozi bo‘lishdi".

Huquq faollari ichki ishlar boshqarmasida 14 soat ushlab turilgan va so‘roq qilingan. Ularga nisbatan hech qanday ayblov ilgari surilmagan.

Image copyright Malohat Eshanqulova
Image caption Huquq tartibot organi xodimlari terimchilarning rasmlarini izlagan

Eshonqulovaning aytishicha, ularni ushlash jarayonida kuch ishlatilgan, haydovchining boshi yorilib qon oqqan. Ammo hech qanday tibbiy yordam ko‘rsatilmagan.

Faollar Yelena Urlayeva va Malohat Eshonqulova Xalqaro Mehnat Tashkilotining kuzatuvchilar guruhi monitoring o‘tkazgan Xorazm viloyatining Xazorasp tumanida mustaqil ravishda kuzatishga ahd qilganini aytmoqda.

"Biz bilan gaplashgan shifokor va o‘qituvchilar XMT kuzatuvchilari kelgan vaqtda nimalar sodir bo‘lganini aytib berishdi. Ularga ko‘ra, xalqaro tashkilot kuzatuvchilar kelishidan oldin daladagi kollej talabalari va shifokorlar olib chiqib ketilgan. Kuzatuvchilar kelib ketganidan so‘ng ular yana qaytarilgan", - deydi Malohat Eshonqulova.

Huquq faollari Xazorasp tumanida kollej talabalarining yotoqqa paxtaga olib chiqilganiga guvoh bo‘lishgan. Ularning sharoitlari va oziq ovqatlari bilan yaqindan tanishishgan.

Ular Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ellikqa‘la va Beruniy tumanlarida ham monitoringni davom ettirish niyati bo‘lgan. Biroq turli bosimlar va to‘sqinliklar ortidan Toshkentga qaytishga majbur bo‘lishgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio