O‘zbekiston: "Tappi davri keldi"

Image copyright Thinkstock
Image caption Afrika yo Hindistonda yoqilg‘i yo‘qligi uchun tappi yoqishadi, ammo chetga gaz sotayotgan o‘zbekning kuni nega tappiga qolgani noma‘lum

"Gaz O‘zbekistonda tekindan ham besh battar" - deb yoqilg‘i arzonligiga ishora qiladi ijtimoiy tarmoqda fikr qoldirgan o‘quvchimiz Jamoliddin Xanafiy.

"Bir yilga 15-20 ming to‘lanadi. Shukrona qilish o‘rniga noliysizlar".

Ayni fikr boshqa o‘quvchilarda norozilik uyg‘otgan.

"Oydan tushmaganmisiz?" - deb savol qo‘ygan Bozorboy Rustamov - "Uchastkamda hali 2014 yilda 1 million so‘mdan to‘lardim. Hozir kvartirada gaz puli kam, ammo issiq suv va isitish to‘lovi chaqib tashlaydi".

Odatdagidek, qator o‘quvchilar O‘zbekistonni tanqid qilmasdan, tinchlikka shukr qilish zarurligini urg‘ulashgan.

Ammo Xayrullo Husanov ayni fikrlarga qarshi chiqadi.

"Dunyoning 93% davlatida tinchlik. Hadeb hamma narsaga tinchlikni ro‘kach qilavermanglar va undan ko‘ra savolga javob beringlar" - deb yozadi.

Hukumat qallobmi?

Shu o‘rinda Tohir Bilolov ismli foydalanuvchi savolga javob izlaydi va dunyoda gaz narxi o‘tgan yil uchdan bir qismga arzonlaganini, neft bahosi esa ikki baravarga tushib ketganini ta‘kidlaydi.

"Ammo bizda narxlar teskari yo‘nalishda harakatlanadi" - deb O‘zbekistondagi ahvolni izohlaydi bu o‘quvchi.

"Bu yerda ikki sabab bo‘lishi mumkin. Bittasi - hukumatning qallobligi, ikkinchisi esa - iqtisodimizning yopiqligi. Xalqimiz shunga badal to‘lamoqda".

"Dunyo bozoridagi narxlarga solishtirganda gaz va neft mahsulotlari O‘zbekistonda haliyam arzon" - deb ayni fikrga e‘tiroz bildiradi Shamsitdin Nuriddinov.

Image caption O‘zbeklar hukumat yetkazib berolmayotgan yoqilg‘ini qoramoldan olishmoqda

"Pensiya oshirilishi bilan birga barcha narxlar oshadi" - shu yerda mavzuni davom ettiradi To‘raboy Madaminov - "Nafaqador va byudjetdan oylik oluvchilarning boshi qotgan".

"Gaz narxini oshirish uyat emasmi?" - savol qo‘yadi Mumu Mumu laqabli foydalanuvchi - "Qo‘shnilarga sotamiz, ammo o‘zimiz qishda sovqotib chiqamiz".

Gaz narxi oshishi ustida boshlangan fikr-munozara ilgarilari ham kuzatilgani kabi tanqidchilar va hukumatparastlar o‘rtasidagi haqoratomo‘z bahsga aylanib ketgan.

Ko‘pchilik vatanimiz rivojlanmoqda, chetdagi vatangadolar yutuqlarimiz va tinchligimizni ko‘rolmayapti, deb ayblaydi.

Ularga qarshi mavqedagi o‘quvchilar esa "sizlar faxrlanib o‘tiraveringlar, shu uchun ham chet ellarda millionlab o‘zbeklar mardikor bo‘lib yurishibdi ekan-da" qabilidagi fikrlarni izhor etganlar.

O‘zbegim, tappingdan qolma!

Nafisa Elchiyeva ismli o‘quvchi gaz va elektr narxi oshishi bois bildirilgan shikoyat va nolishlardan bezganini yozgan.

"Hammasi yurtboshimiz nazoratida. Vaqtincha uzilishlar hali yo‘lga tushadi" - ishonch bilan ta‘kidlaydi Nafisa.

"Bioyoqilg‘i ishlatadigan davr keldi, o‘zimizning quritilgan tappi" - Azlar Fridom taxallusi bilan fikr qoldirgan bir o‘quvchi.

"Kamiga g‘irt tekin" - deb uning fikrini quvvatlaydi Sardorbek Hasanov.

"Nega odamlar bir yarim ming dollarga ayfon olayotganini hech kim gapirmaydi?" - deydi Sevara Xalmuxamedova - "Gaz va svetning narxi oshishi ko‘zga ko‘rinadi".

"Ayfon tutmayotganlar nima qiladi?" - unga qarshi savol qo‘yadi Feruza G‘ulomova - "Topgan puli faqat to‘lovga ketayapti! Oyiga 130 ming so‘m pul bilan qandoq yashaysiz?"

"Yoki biror tirikchilik, yoki qalloblik!!! Boshqa yo‘li yo‘q!"

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq