Bangkokdagi hujumlarni kim amalga oshirgan?

Bangkokdagi ibodatxonada 17 avgust kuni sodir etilgan hujum natijasida 20 kishi halok bo‘lib, 120 dan ortiq inson jarohatlangandi.

Lekin bu hujumlar ortida kim turganligi yuzasidan tekshiruv mobaynida qarama-qarshi bayonotlar va adashtiruvchi ma‘lumotlar taqdim etildi.

Hujumdan olti hafta ham o‘tmasdan politsiya asosiy gumondorni aniqlaganini e‘lon qildi.

Qarama-qarshi bayonotlar

Hujumlarning ertasi kuni Bangkokdagi kanallardan birida yana bir portlash ro‘y berdi. Bu gal qurbonlar yo‘q edi. Keyinchalik politsiya bu hujum ham ibodatxonadagi hujumda foydalanilgan bombaga monand bomba orqali amalga oshirilganligini da‘vo qildi.

Image copyright AP

19 avgust kuni esa ibodatxonadagi kameralarda aks etgan tasvirlar e‘lon qilindi. Unda sariq sport maykasi kiygan va ko‘zoynak taqqan shaxs o‘tirgichlardan birida ryukzagini qoldirib, o‘zi jo‘nab ketgani ko‘rinadi. Sal o‘tmay portlash ro‘y beradi.

Bu vaqtda politsiya ibodatxonadan bir chaqirimcha uzoqlikda mototsikl taksichi tomonidan tashlab ketilgan bu shaxs haqida hech qanday ma‘lumotga ega emasdi.

22 avgust kuni esa 4 kun oldin portlash ro‘y bergan kanalga bir kishining ryukzakni tepib tushirgani aks etgan video tasma e‘lon qilindi. Bu hodisa birinchi portlashdan 30 daqiqa o‘tib ro‘y berdi.

Politsiya bu vaqtda hujumchilar guruhi ish tutganligini aniqladi. Lekin politsiya tomonidan berilgan qarama-qarshi bayonotlar ularning ma‘lumotlariga ishonchni bir oz zaiflashtirdi.

24 avgust kuni tekshiruv jarayoni to‘xtab qoldi. Politsiya guvohlar tomonidan noaniq ma‘lumotlar va videolarning aniq emasligi ularning ishiga xalaqit berayotganligini aytdi.

Politsiya rahbari gumondorlar hanuz Taylanddami yoki yo‘qligini bilmasligini aytdi.

Hibslar. "Asosiy gumondor ushlanmagan"

29 avgust kuni esa dastlabki guvohni qo‘lga olganliklarini aytishdi. U Turkiya pasportiga ega xorijlik edi. Uni Bangkok yaqinidagi bomba yasovchi uskunalarga to‘la uydan topishgan.

Keyingi kuni esa yana bir uydan bomba yasovchi uskunalar topilib, taylandlik musulmon ayol va uning turk turmush o‘rtog‘i gumondor sifatida e‘lon qilindi. Ularni Turkiyada bo‘lsalar kerak, deb aytishdi.

31 avgust kuni politsiya rahbari namoyishkorona ravishda 82 ming dollarga teng pulni olib chiqib, aybdorlarni topganlarga mukofot, deb hammaning ko‘z o‘ngida politsiyachilar qo‘liga berdi.

1 sentyabr kuni esa ikkinchi gumondor qo‘lga olindi. Uni Kambodja rasmiylari chegarada tutib berdilar.

Image copyright AP
Image caption Shinjonlik Yusufi Mirali asosiy gumondorlardan biri sifatida taqdim etildi

Uni Xitoy pasportiga ega shinjonlik musulmon Yusufi Mirali ekanligini aytdilar. Politsiya uni aynan bombani yasagan shaxs, deya gumon qildi. Sariq maykadagi hujumchi esa hanuz ochiqda dedilar.

5 sentyabrga kelib yana 10 kishini hibsga olish uchun buyruq berildi.

Gumondorlar xorijlik. "Trafikingchilar aybdor"

9 sentyabr kuni hujumlarni rejalashtirib, ulardan bir kun avval Bangladeshga qochib ketgan "Izan" ismli gumondor e‘lon qilindi.

Image copyright European Photopress Agency

Uning pasportidagi haqiqiy ismi Abdulsattor Abdurahmon, Shinjondan bo‘lgan xitoylik deyildi.

Bu vaqtga kelib gumondorlarning aksari xorijlik ekanligi aytilsa ham Tailand politsiyasi bironta xorij davlati politsiyasidan yordam yoki hamkorlik so‘ragani yo‘q.

Gumondorlar bilan uchrashgan manbalar ularning Shinjondagi tazyiqlar haqida gapirishgani va radikal g‘oyalarga berilganliklari haqida aytishdi. Lekin politsiya hujum ortida siyosiy sabablar yo‘qligini uqtirishda davom etdi. Ularga ko‘ra, bu amallar go‘yoki odam savdosiga qarshi kurashdan norozi bo‘lgan jinoiy guruhlarning "qasdi" edi.

Lekin tahlilchilar bu hujumlar ko‘proq Tailand rasmiylari tomonidan 109 nafar uyg‘ur boshpana izlovchini Xitoyga deportatsiya qilinishiga javoban amal ekanligini aytmoqda edi.

Sariq maykadagi gumondor. "Biz uni allaqachon ushlagandik"

25 sentyabr kuni politsiya dastlab qo‘lga olingan gumondorni "sariq maykadagi hujumchi " Bilol Muhammad ekanligini e‘lon qildi. U go‘yoki hujumni amalga oshirganligiga iqror bo‘lgan va videotasvirdagi "sariq maykadagi hujumchi" ekanligini tan olgan. Buni go‘yoki Yusufi Mirali kamerasidagi tasvirlar ham tasdiqlagan.

O‘sha vaqtgacha Bilol soxta Turkiya pasporti bilan Malayziyaga yashirinchi qochib ketganligini aytib kelgandi. Uning kutilmagan iqrori harbiy mahkamada himoyachilar hozir bo‘lmagan sharoitda yangradi. Uning iqroriga guvoh bo‘lgan manbaning BBCga aytishicha, uni iqrorga majburlashganiga ishonadi.

Image copyright AFP

Hozirda Xitoy, Turkiya, Tayland va Pokiston pasportlariga ega bo‘lgan 17 gumondorni hibsga olish uchun buyruq chiqarilgan. Ulardan 15 nafari hanuz ochiqda ekanligi aytilmoqda. Xorijda bo‘lishlari mumkinligi aytilgan bu gumondorlarni tutish uchun Tayland politsiya urinadimi yo‘qmi ma‘lum emas.

28 sentyabr kuni politsiya rahbari jinoyat ochilganligi va asosiy ayblanuvchilar hisb ostida ekanligini e‘lon qildi. Yana 82 ming dollarlik mukofot namoyish qilindi.

Image copyright Reuters

Politsiya shuningdek, birinchi marotaba sobiq bosh vazirga sodiq bo‘lgan "siyosiy guruh" bilan bog‘liqlik va 2010-2014 yilgi portlashlar bilan bu galgi portlashlarning aloqasi haqida aytdi.

30 sentyabr kuni politsiyaga atigi bir yil rahbarlik qilgan Somyot iste‘foga chiqayotganligini e‘lon qildi. U Bangkokdagi hujumlar ortida uyg‘urlar deportatsiyaga qarshi bo‘lganlar emas, balki inson savdosiga qarshi kurashga qarshi bo‘lganlar mas‘ul ekanligini yana bir bor ta‘kidladi.

Bu da‘voga politsiyaning o‘zidan boshqa ko‘pchilik ishonmaydi. Hibs ostidagi ikki gumondorga nisbatan hanuz rasman ayblovlar qo‘yilmagan.

Ayblovlar qo‘yilgan vaqtda esa ular harbiy mahkamaga tortilishi mumkin. Inson huquqlari faollari bu kabi mahkama o‘ta murakkab ko‘rilgan ishni yuritishga qobil bo‘lmasligini aytmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio