"Rossiyaning Turkiya havo hududiga kirishi tasodif emas"

Image copyright
Image caption Rossiyaning Suriyadagi havo hujumlari o‘tgan chorshanba kuni boshladi

NATOga ko‘ra, Rossiyaning Turkiya havo hududiga iznsiz kirishi "tasodif" emas.

NATO Bosh kotibi Yyens Stoltenbergning aytishicha, Rossiya hukumati mazkur ikki holat uchun "haqiqiy" tushuntirish bermagan. U bu holatni "qabul qilib bo‘lmas" deya tariflagan.

Janob Stoltenbergning aytishicha, NATO va Rossiya harbiylari o‘rtasidagi aloqa liniyalari ochiq bo‘lgan, biroq bundan foydalanilmagan.

NATO Bosh kotibi Rossiyaning Suriyadagi "katta harbiy hozirligi", jumladan, quruqlikdagi qo‘shinlar va harbiy dengiz floti aralashuvi haqida gapirgan.

U Rossiyaning harbiy safarbarligi "qattiq xavotir" ekanini aytarkan, Moskvani NATO bilan o‘rtasidagi taranglikni kuchaytirishdan qochishga undagan.

Oldinroq, Turkiya hukumati ham Rossiyaning Suriyada amaliyot olib borayotgan qiruvchi uchoqlari o‘z havo hududiga ikkinchi bor iznsiz kirganiga norozilik bildirgandi.

Rossiya elchisi ikkinchi marta Anqaradagi Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan. Aytilishicha, hodisa yakshanba kuni yuz bergan.

Turkiya kuni kecha Rossiya harbiy uchoqlari birinchi marta shanba kuni Hatay mintaqasidagi Yayladag‘i hududiga kirganini aytgandi.

NATO Moskvadan "Suriya muxolifati va fuqarolariga" qaratilgan havo hujumlarini to‘xtatishni so‘ramoqda. Rossiya tarafi esa, o‘zini "Islomiy Davlat" atayotgan guruh va boshqa jangarilarni nishonga olayotganini aytadi.

"Ob-havo sabab"

Shanba kuni Turkiya havo hududiga kirib ketilganiga izoh berilar ekan, bu bor-yo‘g‘i bir necha daqiqaga ob-havo yomonligi bois yuz berganini aytgan. Yakshanba kuni hodisaga hali tushuntirish berilmagan.

NATOning Turkiya doxil 28 a‘zosi nomidan berilgan bayonotda Rossiya "bu kabi mas‘uliyatsizlik bilan amalga oshirilgan xatar"dan "tiyilishga" chaqirilgan.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Turkiya ushbu qiruvchi uchoqlarni urib tushirishga haqli bo‘lganini aytgan.

"Turkiya Qurolli Kuchlariga aniq ko‘rsatma berildi, uchib o‘tayotgan qush bo‘lsa ham, to‘xtatib qolinadi", deb aytdi Turkiya telekanaliga gapirgan Bosh vazir Ahmad Dovuto‘g‘li.

Ammo, u "Turkiya-Rossiya" inqirozi ehtimoliga ahamiyat bermaslikka uringan va ikki mamlakat orasidagi aloqalar saqlanib qolishini aytgan.

BMT voizi Stefan Dyujarrik Suriyada "turli mamlakatlar va turfa koalitsiyalar" havo hujumlari olib borishidan xavotir izhor qilgan. U vaziyatni "xatarga to‘la" deya ta‘riflagan.

BMT rasmiysi ziddiyatga siyosiy yechim topishga diqqat qaratishga undagan.

Rossiyaning Suriyadagi havo hujumlari o‘tgan chorshanba kuni boshlangandi. Moskva amaliyotlarda ID va boshqa Islomiy jangarilar mavqelari nishonga olinayotganini ta‘kidlaydi. Suriyaga ko‘ra, ushbu havo hujumlari bir necha oy amalga oshirilishi rejalangan.

O‘tgan hafta Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Rossiyaning Suriyadagi aralashuvini "yirik xato" deya tasvirladi va bu Moskvani yanada yakkalab qo‘yishini aytdi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq