"Biz hech kimdan kam emasmizmi?"

Yaqinda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov BMT Bosh Assambleyasida qilgan nutqida, O‘zbekiston aholisi 2030 yilgacha o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lgan daromadga ega mamlakatlar qatoriga kirajagini aytgan. Vazir janoblari bir necha xalqaro moliyaviy tashkilotlarga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiy o‘sish bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘rinda turmoqda deb aytgan. Ushbu nutq ijtimoiy tarmoqlarda va ilmiy markazlarda keng muhokama qilindi. Londondan tahlilchi Alisher Ilhomov "bunday ketsa 2030 yilda o‘zbekistonliklar paxta terimiga mersedeslarda borishadi" deya izoh qoldirgan. BBC London universitetida ishlayotgan Alisher Ilhomovni suhbatga tortdi.

BBC: Tashqi ishlar vazirining nutqidan O‘zbekiston iqtisodiyoti uzoq muddatga rejalashtirish usuliga o‘tayotgan degan ma‘no kelib chiqadimi?

Alisher Ilhomov: Agar haqiqatdan ham bunday bo‘lganda, buni faqat olqishlashimiz mumkin edi. Biroq O‘zbekiston hukumati ayrim bir urfga rioya qilayotganmikan, degan shubhalar paydo bo‘ladi. Masalan, Qozog‘iston yaqinda 2030 yilga qadar iqtisodiy rivojlanish borasida milliy dasturni qabul qildi. Ehtimol, Toshkentda "biz hech kimdan kam emasmiz" deya, "kelinglar biz ham shunga o‘xshash bir narsani o‘ylab topaylik " deya amal qilishgandir. Lekin uzoq muddatga rejalashtirish borasida qaror qabul qilinganida, avvalambor, aniq bir yo‘nalishni ishlab chiqarish kerak. Odatda bunday yo‘nalish davlatning iqtisodiy siyosati hamda ijtimoiy soha va barcha davlat tuzulmalarini qamrab oladi. Uzoq muddatni ko‘zlagan prognoz bugungi ahvolimizni sinchkovlik bilan qilingan tahlilga asoslanishi kerak. Qo‘pol qilib aytganda, qanday botqoqda yashayotganimizni anglab olishimiz lozim bo‘ladi. Lekin bunday tahlil yoki mavjud muammolarimizni tan olish hollari ro‘y bermayapti.

BBC: Biroq qator xalqaro moliyaviy tashkilotlarga ko‘ra O‘zbekiston iqtisodiy o‘sish bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘rinda turmoqda deb aytgan Abdulaziz Komilov. Har holda beshinchi o‘rinda turmasa ham, katta sur‘at bilan rivojlanayotgan mamlakatlar orasiga kirishi mumkin ku...

Alisher Ilhomov: Hamma gap shundaki, o‘zbek rasmiylari keltirayotgan statistik raqamlar bo‘rttirib qo‘rsatiladi. Iqtisodiy o‘sishga bog‘liq rasmiy statistika o‘ylab chiqilgan narsa. Xalqaro tashkilotlarga kelganda, ular O‘zbekistonga hamisha qarshi turmasliklari uchun hamda haqiqiy ahvol borasida o‘zlarining manbalari yo‘qligi tufayli , O‘zbekiston berayotgan raqamlardan foydalanishga majbur. Shuning uchun ular ham O‘zbekiston mulozimlari ketidan afsonaviy o‘sish borasidagi so‘zlarni takrorlaydilar. Aslida, mazkur raqamlar kundalik voqe‘likka to‘g‘ri kelmaydi. Davlat statistikasi har kungi kuzatuvlari bilan ifodalanishi kerak. Kuzatuvlarimdan birinchisi – O‘zbekiston tashqarisida ish ilinjida yurgan mehnat muhojirlarining yirik raqami. Ular 400 yoki 500 dollar ishlash uchun o‘z oilalari, turar joylarini tashlab ketib, g‘urbatda turli haqoratlarni boshlaridan kechirishga tayyor. Demak, shu 400 -500 dollarni o‘z vatanida ishlab topolmaydi. Agar ular o‘z yurtida hech bo‘lmasa 300 dollar topganlarida, o‘ylaymanki, hech qachon uzoq Rossiyada sarson sargardon bo‘lmagan bo‘lardi. "Mamlakatimizda biz yuqori daromadlarga erishdik" degan tezisning o‘zi afsona! Kuzatuvlarimning ikkinchisi – qora bozor nazorat qilayotgan konvertatsiya masalasi hamda muntazam gaz-elektr ta‘minotidagi uzilishlar bilan bog‘liq. Mamlakat ichida ishsizlik tufayli qashshoqlashib ketgan qatlamdan yirik sonda mardikorlar sinfi paydo bo‘ldi. Agar davom ettirsak, majburiy mehnat masalasi – xullas, bularning bari aholining turmush darajasi va sifatining ko‘rsatkichlari deb ta‘riflash mumkin. Bularning hammasini rahbariyat tan olib, muammolarni hal etish uchun bundan buyon qanday ish tutish kerakligini aniqlab olishi kerak.

BBC: Balki rasmiylar o‘zlari ichida tan olishayotgandir, aks holda bunday bayonotlar bilan yuqori minbarlardan chiqisharmidi? Misol uchun, yaqinda O‘zbekistonda ikkita yirik to‘qimachilik kombinati xorijiy investorlarga tekinga berilgani haqida xabarlar yangragan. Bu nimalarni anglatishi mumkin? Ya‘ni konvertatsiya muammosi tufayli sarmoyadorlardan hech kim o‘z pullarini kiritishni xohlamayotgani yoki hukumat aynan shu qadam orqali ishsizlik muammosini hal etmoqchimi?

Alisher Ilhomov: Avvalambor, bu erkin konvertatsiya yo‘qligi bilan, ikkinchidan, sarmoyalarni yotqizish uchun qulay sharoit hamon paydo bo‘lmagani bilan bog‘liq. Yuqori minbarlardan qonunchilikda xorijiy investorlar uchun sharoit yaratilgani hamisha ta‘kidlanadi. Biroq real vaziyatda sarmoyadorlar nimaga duch kelmoqdalar? Teliasonera mashmashasi –buning yorqin misollaridan biri. Mazkur shirkat turli bosimlar, pora berish, o‘z xodimlarini majburiy paxta terimiga yuborish kabi harakatlarga duch kelgan. Demak, qonunga rioya qilib mamlakatda biznes yuritish mumkin emas. Yuritgan taqdirda, albattaki, "krysha" ya‘ni himoyaga ega bo‘lish kerak. Yirik sarmoya kiritilganda "krysha" sifatida Prezidentning o‘zi chiqadi. "Men o‘zim nazorat qilaman yoki barcha savollarni mening darajamda xal etiladi" deb ishontiradi. Kichiqroq sarmoyalar kiritish masalasi esa vazirliklar va mahalliy hokimiyatlar darajasida hal bo‘ladi. Ular haqiqiy talon-taroj siyosatini olib borishadi. Mulozimlar o‘z ichki doirasida iqtisodiy muammolarni hal etishadi, deb faraz qildingiz. Har qanday ichki tahlillar va bashoratlar dastlabki bosqichda jamiyat bilan birgalikda muhokama qilinishi kerak. Turli xil analitik markazlar, mutaxassis-ekspertlar ishtiroki bilan keng davrada o‘tish lozim. Mazkur ekspertlar baho berib, tanqid qilib, tavsiyalar ishlab chiqaradi. Ularning nazarlari inobatga olingandagina, milliy dasturning kam-ko‘stini tuzatib, maromiga yetkazish mumkin bo‘ladi. Biroq bunday qilinmayapti va men o‘ylaymanki, rasmiylar o‘z ichlarida ham bu kabi tahlillarni o‘tkazmaydi. Muammolar borligi tan olinmas ekan, ularni hal etish yo‘llari ishlab chiqilmasligi aniq.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio