Toshkent-Ashxobod munosabati: Sizdan ugina, bizdan bugina

Image copyright none
Image caption Gurbanguli Berdimuhammedov hokimiyatga kelishi bilan O‘zbekiston va Turkmaniston munosabatlari iliy boshlagan

Afg‘on-turkman chegarasidagi xavfsizlik ta‘minoti, O‘zbekistonning yonilg‘i ehtiyojlari va Rossiyaning kun sayin tajovuzkor tus olayotgan geosiyosati Toshkent- Ashxobod muloqotida katta ahamiyat kasb etadi.

Turkman Orqatog‘i va O‘zbek Yurtboshisining Toshkentda kutilayotgan uchrashuvi, aksar kuzatuvchilarga ko‘ra, xuddi ana shu masalalarni qamrab oladi.

To‘g‘ri na Turkmaniston va na O‘zbekistondagi matbuot uchrashuvlarning to‘liq kun tartibi hamda ko‘tarilajak masalalar haqida batafsil ma‘lumot bergan.

"Kun tartibi e‘lon qilinmaydi, ammo chegaralar xavfsizligi hozir iqtisodiy masalalarga aralashib ketmoqda" - deydi Toshkentdan Turkmaniston masalalari bo‘yicha jurnalist Mekan Navro‘zov.

Turkmandan- neft, o‘zbekdan - madad

Suhbatdoshimizga ko‘ra, Turkmaniston o‘zidagi ortiqcha yoqilg‘ini hozir chetga keragicha eksport qila olmayapti.

Shundoqqina chegaraning naryog‘idagi qo‘shnisi - O‘zbekistonga esa ana shu yoqilg‘i kerak.

"O‘zbekistondagi Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga Turkmaniston har oyda 55 ming tonna neft jo‘natib turgan. Balki shuni ko‘paytirishmoqchidir" - deydi suhbatdoshimiz.

"O‘zbekistonda uchta neftni qayta ishlash zavodi bo‘lsa, ular to‘la quvvat bilan ishlamayapti. Chunki neft xomashyosi yetishmaydi".

Shuningdek, Turkmanistonning eng yirik gaz koni joylashgan mintaqasi Afg‘oniston shimolidagi notinch Faryob viloyatiga chegaradosh.

"Xitoy gaz olayotgan, kelajakda Pokiston sari zangori olov yuborish rejalangan bu konlar xavfsizligi bobida xavotirlar katta" - deydi Mekan Navro‘zov.

Xuddi shu o‘rinda Ashxobod Toshkentning dastagiga ehtiyojmand.

"Xabarlarga ko‘ra, afg‘on-turkman chegarasini mustahkamlash uchun Toshkentdan ham mutaxassislar borishi kerak".

Image copyright Reuters
Image caption Turkmaniston - eng gazga boy to‘rt davlatdan biri, lekin xalqi kambag‘al

Suhbatdoshimizga ko‘ra, o‘tgan yil yozidagi chegara to‘qnashuvlarida bir nechta turkman askari halok bo‘lgani aytilgan va endi o‘z sarhadlarini ham ko‘kdan, ham yerdan himoya qilish uchun Turkmaniston chegara hududlariga zirhli harbiy texnika safarbar etmoqda.

Harbiy texnika va malaka masalada esa O‘zbekiston - mintaqadagi eng kuchli hamda yetakchi mamlakat.

Qo‘shnilar qo‘rqishmasin

Tolibon Afg‘oniston shimoliy viloyatlarida jangarilik faoliyatini olib borayotgan bo‘lsa-da, biroq "qo‘shni davlatlar xavotirlanishmasin, biz ularga hujum qilmaymiz" deya bir necha marotaba aytib chiqdi.

Qolaversa, Turkmaniston har doim Tolibon bilan do‘stona munosabatlarda bo‘lib kelgan.

"Biroq gap bu yerda O‘zbekistonga qarshi bo‘lgan jangari guruhlar ustida ketmoqda" - deydi Mekan Navro‘zov - "Jangarilar Turkmaniston orqali O‘zbekistonga o‘tishga intilishlari mumkin".

Afg‘onistonda hamon O‘zbekiston Islomiy Guruhi jangarilari borligi aytiladi. Ammo ularning Markaziy Osiyodagi tuzumlarga qanchalik jiddiy tahdid sola olishi - boshqa masala.

"O‘zbekistondek 30 milliondan ko‘p aholiga ega bir mamlakatda tuzumni o‘zgartirish uchun nafaqat yuzlab yo minglab, balki bir necha yuz minglab jangari birlashishi kerak bo‘ladi" - deydi Ovro‘podan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov.

"Hozirgi bir necha yuz jangari O‘zbekistonda ahyon-ahyon beqarorlik paydo qilishi mumkindir, lekin keskin siyosiy o‘zgarishlarga qodir bo‘la olishmaydi" - deydi siyosatshunos.

"O‘zbekiston xalqi ularni hech qachon istamaydi va biron kor-hol bo‘lsa, albatta , xalq O‘zbekiston hukumatini qo‘llaydi".

Xavf Tolibonmi yo Rossiya?

Toshkent va Ashxobod oldida turgan xavfsizlik masalasi birgina janubdan, ya‘ni Afg‘onistondagi jangarilardan kelmaydi.

Qator kuzatuvchilar bu o‘rinda Rossiyaning tobora tajovuzkorona tus olayotgan tashqi siyosatini ham urg‘ulashadi.

Image copyright AP
Image caption Saparmurat Turkmanboshi o‘rniga kelgan Gurbanguli Orqatog‘ endi o‘z shaxsini ko‘kka ko‘tarmoqda...

"Mintaqada aynan Turkmaniston va O‘zbekiston Rossiyaning hozirgi gesosiyosati masalasida bir-biriga ancha yaqin" - deydi Kamoliddin Rabbimov.

"Toshkent Moskvadan mustaqil ravishda siyosat yuritishga intilib, aksilrossiya mavqeida turadi, Turkmaniston ham Moskvani qo‘llamaydi, chunki betaraf davlat".

Mazkur voqelik ikkovlonni sobiq Sovet hududlaridagi so‘nggi voqealar manzarasida yanada yaqinroq hamkorlikka chorlashi mumkin.

Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, o‘zbeklar ham, turkmanlar ham hali Ukraina inqirozi bir yoqlik bo‘lmasdan, Suriya mojarosiga aralashgan Rossiyaning neqadar qiyin ahvoldaligini yaxshi tushunishadi.

"Ammo hozirgi Rossiya istalgan paytda kutilmagan hatti-harakatlarga borishi ehtimolini ham bilishadi" - deydi siyosatshunos.

"Shu bois Ukraina inqirozi boshlanishida Moskvaga qarshi keskin munosabat bildirgan O‘zbekiston hukumati, hozir o‘z mavqeini qat‘iy bayon etayotgani yo‘q".

Eslanmaydigan o‘zbeklar

O‘zbekiston va Turkmaniston munosabatlari hozir iliyotgandek ko‘rinsa-da, ikki qo‘shnining mustaqillik yillaridagi aloqalari anchayin murakkab kechgan.

1990-yillariyoq Turkmaniston chegara bo‘ylab simto‘r tortib, O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan viza tizimi joriy etgan.

Shuningdek, o‘zbeklar zich yashovchi ko‘plab hududlarning tarixiy nomlari o‘zgartirildi, o‘zbek tilida ish yuritish, ijod qilish yo bilim olish imkonlari cheklandi.

O‘zbekistonlik kuzatuvchilarga ko‘ra, marhum prezident Saparmurat Turkmanboshi Buxoro va Xorazmga chegaradosh Toshhovuz va Chorjo‘yda zich yashovchi o‘zbeklarning Toshkentga moyilligi ehtimolidan xavotirda bo‘lgan.

Shu bois u yerdagi o‘zbeklarni rahbarlik lavozimlariga keltirishmagan, keyinroq amalida qolishni istagan o‘zbeklar pasportida o‘z millatini o‘zgartirishga majbur bo‘lgan.

Hatto o‘sha paytlari mamlakatning o‘zbek millatiga mansub sobiq muftiysi ham qamoqqa tashlangandi.

Image copyright bbc
Image caption Turkmanistonda bugun hamma turkman bo‘lishi kerak...

Shuningdek, O‘zbekistondan kelin bo‘lib tushgan o‘nlab ayollar bir necha yillik oilasi va bolalari bo‘lsa-da, Turkmaniston fuqaroligi yo hatto yashash huquqi berilmasdan, O‘zbekistonga chiqarib yuborilgan.

Munosabatlar sovuqlashishi jarayonida chegara hududlarida bir necha bor kichik otishmalar ham yuz bergan edi.

Lekin 2002 yil kuzidagi voqelar to‘lgan kosaga quyilgan so‘nggi tomchi bo‘ldi.

Ashxobodning iddao qilishicha, o‘sha paytdagi prezident Saparmurat Niyozov joniga suiqasd qilish niyatidagi turkman muxolifati rahbari O‘zbekiston hududi orqali kirib kelgan.

Boris Shixmuradov bir necha kun davomida Ashxoboddagi O‘zbekiston elchisi qarorgohida boshpana topgan, degan da‘volar ham aytilgandi.

Saparmurat Turkmanboshi o‘limidan keyin, joriy prezident Gurbanguli Berdimuhammedov hokimiyatga kelgach, Toshkent va Ashxobod o‘rtasidagi munosabatlar iliy boshladi.

Biroq Turkmanistonda bo‘lgan sayyohlarga ko‘ra, amalda bu mamlakatdagi ikkinchi yirik millat bo‘lgan o‘zbeklarning haq-huquqlari hali-hamon kamsitiladi.

Dunyoning eng yopiq davlatlaridan biri bo‘lgan Turkmanistonda aslida nimalar bo‘layotganini bevosita o‘rganish esa deyarli imkonsiz.

Lekin rasmiy Toshkent hech qachon chetdagi o‘zbeklar haq-huquqlarini ochiq-oydin himoya qilib chiqmagan va shu bois Turkmaniston o‘zbeklarining qay ahvolda yashashi yo qanday haq-huquqlari kamsitilishi ikki davlat munosabatlariga ta‘sir o‘tkaza olishi amrimahol.

O‘zbekiston davlatining mazkur siyosatini mintaqadagi eng ko‘p sonli millat bo‘lmish o‘zbeklar yashaydigan boshqa ko‘shni mamlakatlar ham yaxshi bilishadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq