"Chegara bilmas shifokorlar" mustaqil tekshiruvni talab qilmoqda

Image copyright AP

"Chegara bilmas shifokorlar"(MSF) tashkiloti Afg‘onistonning Qunduz shahridagi shifoxonaga hujumni shu paytgacha foydalanilmagan xalqaro tashkilot tekshirishi lozim demoqda.

"Chegara bilmas shifokorlar"ga ko‘ra, 22 inson o‘limiga olib kelgan havo hujumlari bo‘yicha tekshiruvni Faktlarni aniqlash bo‘yicha Xalqaro insonparvarlik komissiyasi (International Humanitarian Fact-Finding Commission (IHFFC) o‘tkazishi lozim.

Xalqaro xayriya tashkiloti o‘zining 12 xodimi va 10 bemorni o‘ldirgan hujumlar bo‘yicha na AQShning, na NATO yoki Afg‘on harbiylarining tekshiruviga ishonmasligini bildirgan.

"Chegara bilmas shifokorlar"tashkiloti rahbari Joanna Lyu aytishicha, Faktlarni aniqlash bo‘yicha Xalqaro insonparvarlik komissiyasi Jeneva konventsiyasi xalqaro insonparvarlik qonunchiligi buzilishi holatlarini tekshirishga qodir yagona amal qiluvchi tashkilot hisoblanadi.

Faktlarni aniqlash bo‘yicha Xalqaro insonparvarlik komissiyasi 1991 yili tashkil qilingan, biroq bu komissiya faoliyatidan hech foydalanilmagan.

Bu mahkama emas, faqat faktlarni yig‘adi va tavsiyanomlar beradi.

Bu komissiya faoliyat yuritishi uchun mamlakatning bu boradagi xalqaro hujjatni imzolashi talab etiladi.

Bu hujjatni shu paytgacha dunyoning 76 mamlakati imzolagan, biroq imzolagan mamlakatlar orasida Afg‘oniston bilan AQSh yo‘q.

Komissiya tekshirishni boshlashi uchun tomonlar roziligi talab qilinadi.

Amerika harbiylari Qunduz shahrida Afg‘on hukumat kuchlariga qarshi jang qilayotgan Tolibon jangarilarini nishonga olib havo hujumlarini amalga oshirganlarini, bu hujum "Chegara bilmas shifokorlar" shifoxonasiga atayin maqsad qilinmagan shikast yetkazgan bo‘lishi mumkin deb aytganlar.

Dushanba kuni Afg‘onistondagi AQSh qo‘shinlari qo‘mondoni general Jon Kempbell aytishicha, Qunduzga havo hujumi Afg‘on harbiylarining so‘rovi bo‘yicha amalga oshirilgan va Afg‘on harbiylari o‘zlarining Tolibon jangarilari tomonidan hujumga tutilayotganini xabar qilib yordam so‘raganlar.

General Kempbell so‘zlariga ko‘ra, Amerika harbiylari shifoxonaga atayin hujum qilmaganlar.

Nishonga shifoxonaga yaqin joydagi Tolibon jangarilari olingani aytilgan.

"Chegara bilmas shifokorlar" tashkiloti esa shifoxona hududida Tolibon jangarilari bo‘lmagan, demoqda.

Xalqaro xayriya tashkiloti aytishicha, Amerika harbiylari shifoxonaning qayerda joylashganidan juda yaxshi boxabar bo‘lganlar va shifoxona aniq nishonga olingan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq