FIFAda bo‘hron: Blatter, Platini va Valke chetlatildi

Blatter va Valke janoblari 3 oy futbol bilan shug‘ullanmaydi Image copyright AFP
Image caption Blatter va Valke janoblari 3 oy futbol bilan shug‘ullanmaydi

Shveytsariyadan olingan xabarlarga ko‘ra, FIFAning eng yuqori martabali uch rahbari bir vaqtning o‘zida vazifasidan 3 oyga chetlatilgan. So‘nggi yangilik FIFA tarixidagi korruptsiya bilan bog‘liq eng yirik mojaro manzarasida kuzatilmoqda.

FIFA prezidenti, vitse-prezidenti va bosh kotibi tashkilotning intizom qo‘mitasi tomonidan korruptsiyaga oid gumonlar yuzasidan tergov ostida.

Xabarlarga ko‘ra, shuningdek, FIFAning sobiq vitse-prezidenti Chung Mong Jung ham futboldagi faoliyatidan 6 yilga chetlatilgan va 100 ming Shveytsariya franki miqdorida jarimaga tortilgan.

Bu xususdagi rasmiy bayonotda aytilishicha, FIFA rahbarlarini vaqtinchalik vazifasidan chetlatish qaroriga ular ustidan borayotgan tergov jarayoni asos bo‘lgan.

So‘nggi yangilik tafsilotlaridan ayon bo‘lishicha, uchovlon 90 kun mobaynida futbol faoliyatidan butkul chetda turishadi.

Ammo ular biror bir qing‘ir ishga qo‘l urishmaganini ta‘kidlashgan.

O‘tgan oy oxirida Shveytsariyada FIFA prezidenti Zepp Blatterga qarshi rasman jinoiy ish ochilgan. Bundan avval uning ustidan Amerikada ham tergov jarayonlari borayotgani xabar berilgandi.

Shu yilning may oyida Zepp Blatter beshinchi bor FIFA prezidenti etib saylangan. Biroq oradan bir necha kun o‘tib, korruptsiyaga oid da‘volar manzarasida iste‘foga chiqishini e‘lon qilgan edi.

Amaldagi FIFA prezidentining vakolatiga oid so‘nggi qaror xalqaro tashkilotning kelasi yil 26 fevralga mo‘ljallangan yillik kongressi chog‘ida ma‘lum bo‘ladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio