Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Rossiya musulmonlari Suriyadagi havo zarbalari haqida qanday fikrda?

Rossiyaning Suriyadagi havo zarbalari mamlakat musulmonlari orasida qaraam-qarshi munosabatlarni uyg‘otgan.

Rossiya Bosh muftiysi Ravil Gaynuddin musulmonlarni terrorchilikka qarshi kurashdek murakkab masalani siyosiylashtirmaslikka chaqirgan.

BBC muxbiri Olga Ivshinaning yozishicha, bu boradagi bayonot va sharhlarni uch guruhga bo‘lish mumkin.

Birinchisi- Kremlning qarorini qo‘llab-quvvatlovchilar, ikkinchisi-Prezident Asadning dastaklanishini qoralayotgan, ammo "Islom davlati"ga qarshi hujumni ma‘qullaydiganlar hamda uchinchi guruh, bu- ID ni qo‘llab-quvvatlovchilar.

Muxbirimizning qayd etishicha, Rossiyadagi musulmon ummati tarqoq.

Mamlakatda 80 dan ortiq muftiylar bo‘lib, ularning siyosiy vazni turlicha.

"U yoki bu muftiy "musulmonlar nomidan" bayonot berarkan, uning faqat o‘ziga tobe‘ musulmonlar nomidan gapirayotganini tushunish kerak", - deydi muxbirimiz.

Image copyright youtube
Image caption Bahrom Hamroyevga ko‘ra, musulmonlar Kremlga ochiqchasiga qarshi chiqishga qo‘rqadilar

Rossiyadagi masjidlarning eng ko‘pi-3000 ga yaqinini Shimoliy Qafqos musulmonlarining Muvofiqlashtiruvchi Kengashi raisi Ismoil Berdiyev nazorat qiladi.

Ulardan 2500 tasi Dog‘iston hududida bo‘lib, Dog‘iston muftiysi Ahmed Abdullayevga bo‘ysunadi.

Tatariston muftiysi Komil Samigullin 1500 ga yaqin, Rossiya Oliy muftiysi Talgat Tadjuddin 1200, Rossiya Muftiylar kengashi raisi Ravil Gaynuddin esa 700 ta masjidni nazorat qilishlari aytiladi.

Bu muftiylarning barchasi Kremlga u yoki bu darajada sadoqatli va Rossiyaning Suriyadagi havo zarbalarini qo‘llab-quvvatlaganlar.

Ayni paytda ularning birontasi ham o‘z bayonotlarida havo zarbalari muxolifat mavqe‘larini nishonga olishi mumkinligi borasida lom-mim deyishmagan.

Muxolifatning aksariyati esa ham rasmiy Damashq va ham IDga qarshi jang qilayotgan sunniy musulmonlardir.

Tahlilchilarga ko‘ra, Suriyadagi havo zarbalari Rossiyaning 20 millionlik aksariyati sunniy musulmonlari orasidagi bo‘linishlarni yanada kuchaytiradi.

Moskvalik faol Bahrom Hamroyevning aytishicha, musulmonlarning aksariyati Moskvaning Suriyadagi amallaridan norozi, ammo Kremlga ochiqchasiga qarshi chiqishga qo‘rqadilar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio