BMT O‘zbek hukumatidan Tojiboyeva ishi bo‘yicha tergovni talab qildi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari qo‘mitasi Mo‘‘tabar Tojiboyevaning qiynoqqa solingani ishini ko‘rib chiqib O‘zbekiston hukumatidan aybdorlarni javobgarlikka tortishga chaqirgan.

O‘zbekistonlik taniqli inson huquqlari himoyachisi, "O‘tyuraklar klubi" rahbari Mo‘‘tabar Tojiboyeva o‘z ixtiyoriga qarshi sterilizatsiya qilingani, shafqatsiz qiynoqlarga tutilgani yuzasidan O‘zbekiston hukumatiga qarshi shikoyat bilan murojaat qilgan.

Tojiboyeva xonim ishini ko‘rib chiqqan BMT Inson huquqlari qo‘mitasi qator huquq poymol etilishi holatlari yuz bergan, degan qarorga kelgan.

Va xalqaro majburiyatlarni o‘z zimmasiga olgan O‘zbekiston hukumatidan Mo‘‘tabar Tojiboyeva ishi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishga hamda aybdorlarni javobgarlikka tortishga chaqirgan.

"Kelishuvning 2-bandi, 3-xatboshisiga muvofiq, Qo‘mita o‘ylaydiki, Davlat tarafi shikoyat muallifiga nisbatan samarali chora ko‘rish, shu jumladan, qiynoq va noinsoniy muomala da‘volari yuzasidan xolis, samarali va mufassal tergov o‘tkazish va bunga javobgarlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish; muallifga munosib tovon puli berish majburiyati ostidadir. Shuningdek, Davlat tarafi kelajakda bunga o‘xshash zo‘ravonliklar yuz berishi oldini olish choralarini ko‘rish majburiyati ostidadir", deyiladi BMT Inson huquqlari qo‘mitasi qarorida.

BMT qo‘mitasi Mo‘‘tabar Tojiboyeva vatanida faoliyat yuritgan 2002-2009 yillari O‘zbek rasmiylari tomonidan tahqirlashlar va zo‘ravonlik va qiynoqlar kampaniyasi qurboniga aylangan deb hisoblaydi.

Inson huquqlari qo‘mitasi qarori Mo‘‘tabar Tojiboyeva O‘zbekistonda hibsga olinganiga 10 yil to‘lgan kunda e‘lon qilingan.

Tojiboyeva xonim 2005 yildan 2008 yilgacha tutqunlikda saqlangan.

U o‘zining ayollar qamoqxonasi nozirlari tomonidan kaltaklangani, jinsiy zo‘rlangani, behush holatida bo‘lgan paytida bachadoni olib tashlangani, qish kunida bir ko‘ylakda qaqshatqich ayozda tutib turilgani va o‘zini o‘ldirishga majburlangani holatlarini o‘z shikoyatiga kiritgan.

2009 yilda O‘zbekistonni tark etganidan keyin inson huquqlarini himoya qilish "O‘tyuraklar klubi" tashkiloti faoliyatini Parij shahridan yuritib keladi.

BMT Inson huquqlari qo‘mitasi O‘zbekistonning inson huquqlari vaziyatini tanqid qilgan, inson haqlari faollari, xususan, ayol faollarga ko‘rsatilayotgan munosabatni o‘zgartirishga chaqirgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq