Guatemalada olomon hokimni urib o‘ldirgan

Guatemala g‘arbidagi shahar hokimi mahalliy aholining hujumiga uchrab halok bo‘lgan.

Konsepsion shahrining hokimi Bazilio Xurakanni olomon o‘z siyosiy raqibiga hujumni buyurishda ayblab do‘pposlagan va yoqib yuborgan.

Mahalliy yashovchilar mazkur hokim ikki ayolning o‘limi va besh kishining jarohatlanishi ortida turganida ishonadilar.

Guatemala Lotin Amerikasining zo‘ravonlik eng keng tarqalgan mamlakatlaridan biridir.

Ammo, xalq saylagan davlat arbobining olomon tomonidan bu kabi jazolanishi g‘ayrioddiy holdir.

Pistirma

O‘tgan oy janob Xurakan poytaxtdan 100 kilometr uzoqlikda joylashgan Konsepsion shahri hokimligiga saylovda Lorenzo Sekuekni mag‘lub qilgandi.

Mag‘lub bo‘lgan nomzod Sekuek janob Xurakanni davlat pullarini talon-taroj qilishda ayblab, tergov talab qilgan.

Yakshanba kuni janob Sekuek oila a‘zolari bilan mashinada safar qilayotganda, ularning yo‘lini boshqa mashina to‘sib olgan.

Noma‘lum kishilar u mashinadan chiqib janob Sekuekning mashinasiga qarata o‘t ochganlar.

Hujumda nomzodning 17 yoshli qizi va 16 yoshli qiz jiyani halok bo‘lishgan, janob Sekuek va to‘rt qarindoshi jarohat olganlar.

Pistirma hujumi haqida xabar tarqalar ekan, g‘azablangan mahalliy yashovchilar hujum ortida hokim turganini shubha qilib, uni qidirishga tushganlar.

Ular janob Xurakanning qator qarindoshlari uylariga o‘t qo‘yib, so‘ngra uning o‘zini uyidan topib olganlar. Olomon so‘ng uni tashqariga olib chiqib do‘pposlagan va yoqib yuborgan.

Hujum sahnasiga yetib kelgan politsiya janob Xurakanning hayotini saqlab qola olmagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio