Rossiya havo zarbalari: Markaziy Osiyo nega jim?

Image copyright RIA Novosti
Image caption Rossiya Prezident Asadning muhim ittifoqchisi hisoblanadi

Markaziy Osiyo davlatlari hozirga qadar Rossiyaning Suriyadagi havo zarbalari borasida sukut saqlamoqda.

Moskvaning Suriyadagi amaliyoti mintaqada "Islomiy davlat" guruhining ta‘siri borasida xavotirlar kuchaygan paytga to‘g‘ri kelgan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi o‘tgan hafta Toshkentga tashrif buyurgan Rossiya Mudofaa vazirining o‘rinbosari boshchiligidagi harbiy hay‘at Suriyadagi amaliyotlarning maqsadi borasida o‘zbek tomoniga tushuntirish berganini ma‘lum qilgan.

Ayrim tahlilchilarga ko‘ra, Rossiya qanotli raketalarining Kaspiy dengizidan otilishi Moskva bu kabi zarbalarni Markaziy Osiyoda ham amalga oshirishi mumkinligiga ishoradir.

Xo‘sh, Markaziy Osiyo davlatlari Rossiyani xavfsizlik kafolati sifatida ko‘radilarmi?

Biz ushbu savolni Londondagi Mudofaa masalalari bo‘yicha Qirollik instituti xodimi Igor Sutyaginga berdik.

Igor Sutyagin: Markaziy Osiyo respublikalaridan Rossiyaning bu hujumlari borasida hozircha hech qanday munosabatni eshitganim yo‘q. Menimcha bu holat asoslangan. Chunki ishonchim komilki, Markaziy Osiyoda siyosatchilar anchayin real jahonda yashaydilar va Rossiyaning bu hujumlari harbiy jihatdan katta ahamiyatga ega emasligini tushunib yetadilar. Rossiya tomonidan eng avvalo bu ichki "bozor"ga va bir qadar Ovro‘po va AQShdagilarga qaratilgan siyosiy qadamdir. Osiyoliklar buning o‘yin ekanligini yaxshi tushunadilar va ko‘ra biladilar, shuning uchun ham munosabat bildirish ma‘no kasb etmasligini biladilar.

BBC: Demak ba‘zi sharhlovchilar aytayotgan, "bu hujumlar nafaqat Yaqin Sharq, balki Markaziy Osiyo ham nishonga olinishini anglatadi" degan nuqtai nazar asossiz deb hisoblaysizmi?

Igor Sutyagin: Bu narsa ayon edi-ku, bu hujumlar biron yangi jihatni ochgani yo‘q. Bu raketalar Kaspiy Dengizi hududida uch yil avval paydo bo‘lgandi. Mintaqa mamlakatlari uchun bu yangilikni hazm qilib, o‘z siyosatlarida e‘tiborga olish uchun bu yetarli vaqt, menimcha. Shuning uchun mintaqa mamlakatlarini xavotirga soladigan jihati yo‘q.

BBC: Xavotirga o‘rin yo‘q deyapsiz, lekin xavotir emas, aksincha, qandaydir qo‘shimcha umidga asos bo‘la oladimi bu hujumlar. Ya‘ni bilamizki, Markaziy Osiyo davlatlari o‘zini Islomiy Davlat, deya atovchi guruhning Afg‘oniston orqali o‘z chegaralariga yaqinlashayotganidan xavotirda. Bu narsa "kerak bo‘lsa Rossiyadan so‘raymiz, Afg‘onistondagi nishonlarni ham urib beradi" degan umidga yetaklashi mumkinmi?

Igor Sutyagin: Gap shundaki, Markaziy Osiyo davlatlari avvallari ham Rossiyaga harbiy yordam va qo‘llov so‘rab murojaat qilganlar. Raketa hujumlari kabi yirik qo‘llov bo‘lmasa ham, bir qadar soddaroq yordam. Masalan, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi mexanizmlari asosida qandaydir ichki kuchlarga qarshi kurashda yordam uchun kuchlarni yuborishni so‘rashgan. Rossiya esa bunga javob bermagan. Shuning uchun Markaziy Osiyo davlatlari uchun balki Rossiya raketa hujumlari bilan yordam beradi degan umidga borishlari bir qadar asossiz bo‘lishi mumkin. Rossiya, ehtimol bunga qodirdir, lekin bu qadamga boradimi-yo‘qmi, katta savol ostida.

BBC: Nima uchun buning ehtimoli kam deb o‘ylaysiz, Suriyadagi "Islomiy Davlat"ni nishonga olgan Rossiya Afg‘onistondagi "Islomiy Davlat"ni nima uchun nishonga olmasin?

Igor Sutyagin: Chunki birinchidan, Rossiyada huda-behuda kuch qo‘llayverish odati yo‘q. Ikkinchidan, raketa hujumlari moddiy va harbiy-iqtisodiy jihatdan u qadar ham muvaffaqiyatli amaliyot bo‘ldi, deb aytib bo‘lmaydi. Bitta raketa hujumi Rossiyaga unga qadar tayyorgarlik vaqtida bir hafta mobaynida ketgan mablag‘dan qimmatroqqa tushdi. Bu hujumlar Rossiyaga 64 million dollarga tushdi.

BBC: Demak, Markaziy Osiyo davlatlari bu kabi so‘rov bilan murojaat qilgan vaqtda Rossiya harajat nuqtai nazaridan ham kelib chiqib, rad etishi mumkin, shundaymi?

Igor Sutyagin: Rossiya yana bir sabab tufayli rad etishi mumkin, u ham bo‘lsa, bu raketa hujumlari eng avvalo siyosiy-targ‘ibot qadami edi. Bu Rossiya tomonidan jahondagi yirik qudrat ekanligini ko‘rsatib qo‘yish yo‘lida qo‘yilgan oxirgi qadamlardan biri edi. Umuman, Rossiyaning Suriyadagi amaliyotlarining asosiy maqsadi ham shunda. Rossiya ham mamlakat ichida va ham xorijda AQShdan qolishmasligini namoyish etib qo‘ymoqchi. Shuning uchun ham Rossiya harbiylari tomonidan oshkor etilgan tasvirlar Amerika harbiylarining o‘z hujumlari haqida oshkor qilgan tasvirlariga o‘xshaydi. Bu Rossiyaning "Bizning sizdan qolar yerimiz yo‘q, shuning uchun bizga ham quloq tuting" degan mujdasidir.

BBC: Ana shu mujdani yetkazishda Rossiya muvaffaqiyatli bo‘layapti, deb o‘ylaysizmi?

Igor Sutyagin: Bu yerda Rossiya uchun bir muammo bor. Bu muammo shundaki, ham ichkaridagilar va ham tashqaridagilarga biz yirik qudratmiz, deb ishontirish yo‘lida oxirgi choradir. Lekin qudratli davlatga mos atributlar bormi bu mamlakatda, yo‘qmi-ana shunisi bosh og‘riq. Rossiyaning o‘zida qudratli davlat ekanligiga ishonch yo‘q, chunki uning yirik qudrat ekanligi faqat tashqi atributlarga asoslangan. Aksar rossiyaliklar o‘ylashi mumkin "agar bizning amerikadan kam yerimiz yo‘q bo‘lsa, nima uchun biz amerikaliklardek yashamayapmiz, nima uchun muzlatgichimiz bo‘sh?" deb. Boshqa tomondan, Rossiya Bosh qo‘mondonligi yaxshi biladiki, raketa hujumlari bilan ko‘p narsa hal qilinmaydi. Agar hal qilinganda, ID ham allaqachon bo‘lmasdi, Fors ko‘rfazida ikki urushni olib borishga ham hojat qolmagan bo‘lur edi. Hammaga ma‘lumki, tasvirlarda risoladagidek ko‘ringan raketa hujumlari bilan muammoni yechib bo‘lmaydi. Shuning uchun men o‘ylaymanki, Rossiya bundan buyog‘iga markaziy osiyoliklarning harbiy qo‘llov haqidagi murojaatlariga yanada kamroq e‘tibor qaratadigan bo‘ladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio