"Qo‘shnining qarzi deb butun uy suvsiz qolmasin"

Image copyright THINKSTOCK

O‘zbekiston Davlat raqobat qo‘mitasi "Toshissiqquvvati" ishlab chiqarish birlashmasiga ogohlantirish xatini yo‘llab, birlashma ba‘zi xonadonlar qarzdorligi sabab butun uyni issiq suvdan mahrum etishga haqqi yo‘qligini aytgan.

Podrobno.uz saytining "Pravda Vostoka" gazetasidan iqtibos keltirib yozishicha, qator fuqarolar o‘z turar joylaridagi issiq suv ba‘zi qo‘shnilarining qarzi tufayli o‘chirib qo‘yilayotganidan qo‘mitaga shikoyat qilganlar.

Raqobat qo‘mitasining "Toshissiqquvvati"ga yo‘llagan xatida qarzi bo‘lmagan xonadonlarni issiq suvdan mahrum etmaslik talab qilinadi.

Maqolada aytilishicha, oxirgi to‘qqiz oy davomida raqobat qo‘mitasi va uning hududiy bo‘linmalariga 3,6 mingta shikoyat va arizalar kelib tushgan.

Kommunal xizmatlar ustidan shikoyatlar o‘tgan yilgidan biroz kamaygan bo‘lsa-da, bu soha arzlar ro‘yxatida 58,2 foiz bilan baribir ilg‘orlik qilmoqda.

Qolgan shikoyatlarning 18,9 foizi savdo va oziq-ovqat ta‘minoti, 9,8 foizi esa transport va aloqa sohalariga taalluqlidir.

Kommunal xizmatlaridagi qarzdorlik tufayli ko‘p qavatli uylardagi xizmatlarning uzib qo‘yilishi yangi hol emas. Ammo, davlat idorasining bu tajribani to‘xtatishni talab qilayotgani yangilikdir.

Munosabat

Ushbu xabar Toshkent shahar aholisi duch kelayotgan ijtimoiy muammolardan birining yechimi sifatida ko‘rilishi mumkin.

Biroq, unga ijtimoiy tarmoqlarda bo‘layotgan munosabatlar turlicha.

Facebook tarmog‘idagi "Novosti Uzbekistana" guruhi foydalanuvchilari uni biroz shubha bilan qarshi olishgan.

"Qanaqa yana ogohlantirish?! Ularning ogohlantirishlari muammoni hal qiladimi?! Bu esa yillar davomida yechimi topilmayotgan muammolarning kichik bir qismi xolos!!! Nahotki shunday kichik bir shaharda aholi uchun qulay yashash sharoitini qilish qiyin bo‘lsa??" deydi Gayana Avanesyan.

O‘z fikrida davom etarkan, Avanesyan yana shuni qo‘shimcha qiladi: "Afsuski, bu kabi xizmatlarda o‘z ishini chindanam halol va vijdonan bajaruvchi ishchilar yo‘q. Agar bo‘lsalar ham, ularning xizmatlari nazardan chetda qolib ketadi va ular asta-sekin qo‘llarini qo‘ltiqlariga urib qolaveradilar... Juda afsus. Juda ham".

Boshqa bir foydalanuvchi esa issiqlik ta‘minoti sifatini so‘roq ostiga oladi. "Issiqlikni juda kech berishadi, batareyalar doim sovuq, sizning uyingiz issiqlik trassasining oxirida joylashgan deb aytishadi, lekin to‘lov majburiy, nima uchun?" deb so‘raydi Lolita Arolita.

Ba‘zi yuzerlar esa tashkilotning issiq suv va issiqlik iste‘moli uchun to‘lovlarni aholidan yig‘ib yurivchi xizmatchilari xatti-harakatlaridan arz qilishgan.

"Ular o‘zlarini xuddi reketyorlar kabi tuta boshladilar. Ularning butun tashkilotlarini tekshirish vaqti allaqachon kelgan", deydi Dilya Abdullayeva.

Tatyana Yakunina uning fikriga qo‘shilib, shunday deydi: "Ular ko‘proq kollektorlarga o‘xshashadi. Chegara bilmaslar".

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio