Turkiya Anqara portlashlarida ID ni ayblamoqda

Image copyright epa

Turkiya Bosh vaziri Ahmad Dovudo‘g‘li shanba kuni 100 ga yaqin insonning umriga zomin bo‘lgan bomba portlashlarida "Islomiy davlat" guruhi asosiy gumondor ekanini aytgan.

Unga ko‘ra, hujumchilardan birining shaxsi aniqlanish arafasida.

Hozirga qadar bironta guruh hujum uchun ma‘suliyatni zimmasiga olmagan, ammo hukumat rasmiylarining ishonishicha, portlashlarni ikki erkak hudkush hujumchi amalga oshirgan.

O‘lganlarning rasmiy soni 97 nafarga yetgan, ammo yurishning asosiy tashkilotchilaridan biri qurbonlar soni 128 nafar ekanini aytgan.

Dushanba kuni qurbonlarning dafn marosimlari bo‘lib o‘tmoqda.

Portlashlar shaharning markaziy temir yo‘l stantsiyasi yonida odamlar tinch namoyishga to‘planayotgan mahal sodir bo‘lgan.

Marsh so‘lchi guruhlar tomonidan tashkillashtirilgan bo‘lib, ular kurd bo‘lginchilari va Turkiya hukumati o‘rtasidagi kuch ishlatishni to‘xtatish talabi bilan chiqayotgan edi.

Odamlar yurish uchun to‘plangan bir vaqt mahalliy vaqt bilan soat 10:00 da ikki portlash ro‘y bergan.

Havaskorlar tomonidan olingan video tasvirlarda birinchi bomba portlagan mahal yoshlar bir birining qo‘llarini ushlab kuylayotganini aks etgan.

Qurbonlarning aksariyati kurdparast Xalq-demokratik partiyasi faollaridir.

XDP barcha saylovoldi yurishlarini qoldirishni rejalayotganini aytgan.

Shanba kuni PKK (Kurdiston ishchi partiyasi) bir tomonlama otashkesim e‘lon qilgan, ammo Turk hukumati otashkesimni rad etgan.

Turk armiyasi yakshanba kuni Turkiya janubi va Iroqdagi PKK mavqe‘larini bombalagan.

Turkiya televideniyesiga gapirgan Bosh vazir Dovudo‘g‘li bomba hujumlaridan maqsad 1 noyabrga mo‘ljallangan saylov natijalariga ta‘sir ko‘rsatish bo‘lganini ta‘kidlagan.

Iyun oyidagi parlament saylovlarida bironta ham partiya aksariyat ko‘pchilik ovozni ololmagan va hukumat tuzishga muvaffaq bo‘lmagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio