Belgiyalik "muslima": Ro‘mol o‘rab, do‘stlarimdan ajradim

Image caption Silkening aytishicha, atrofidagilarning uchdan biri u bilan aloqani butkul uzgan

Belgiyalik universitet talabasi Silke Raats bir tong musulmon ayollar singari ro‘mol o‘rab o‘qishga bordi-yu, hech kutilmagan munosabatlarga uchradi.

Yaqin atrofidagilar va o‘rtoqlari uni "aqldan ozdi" deb o‘yladilar.

"Yaqinda "Islomiy davlat" ga qo‘shilib ketsa ajablanmaymiz", deya zaxarxanda qilishdi.

Silkening aytishicha, atrofidagilarning uchdan biri u bilan aloqani butkul uzdi.

Ta‘tilni birga o‘tkazgan o‘rtoqlari ham uni ko‘rsa, ko‘rmaganga olib, qayrilib ketadigan bo‘ldilar.

Vaholanki, Silke bor-yo‘g‘i bir ijtimoiy tajriba o‘tkazmoqchi bo‘lgan edi, xolos.

Farmatsevtik laboratoriyalar texnikasi bo‘limi talabasi bo‘lgan 21 yoshli Silke o‘zi yashagan Viljrik mavzesidagi Yoshlar markazida asli turkiyalik bolalarning uy vazifalariga ko‘ngilli ravishda yordam berardi.

Oxirgi marta Bryusselda boshpana topgan qochqinlarga yordam berish uchun borgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin atrofi va universitetdagi o‘rtoqlari buning uchun uni malomat qilishgan.

Silke esa bu kabi bir tomonlama qarashlarga qarshi Islomning faqatgina radikal fikrlar va Suriyadagi urushdan iborat emasligini ko‘rsatishni istardi.

Shu maqsadda bir oy davomida har qanday oddiy musulmon ayol kabi boshini o‘rab yurish va odamlarning munosabatlarini videokameraga yozib olishga qaror qildi.

Onasi ham bu loyihani qo‘llab-quvvatladi.

Facebook dagi profiliga ro‘mol o‘rab tushgan suratini qo‘ydi.

Image caption Silke boshidan kechirganlarni "10 kun yopiqda" nomi ostida Youtube da chop qildi

Birinchi kuni ro‘molini boshiga o‘rab, igna qadab qo‘yishga qiynaldi.

Ro‘mol bilan ko‘chaga chiqib, o‘qishga borganidan keyin duch kelgan munosabati esa juda salbiy edi.

Ta‘na-yu dashnomlar

Silkening ro‘mol o‘ragani haqidagi xabar chor-tarafga yashin tezligida yoyildi.

Yaqin atrofidagilardan o‘zi va oilasiga dashnomlar yog‘ila boshladi.

"Hammaga o‘xshab yursa bo‘lmaydimi? Butunlay aqldan ozdi".

"Bironta musulmon bilan yurgani aniq. Unga tegsa, hech qachon erkin bo‘lolmaydi".

"Kelgindilar va musulmon tanishlarining ta‘siriga tushib qopti".

"Agar mening bolam uyga shunaqa kelsa, ko‘chaga quvib chiqarib qo‘yardim".

"Hech qachon ish topolmaysan. Shuni bilasanmi?".

"Tug‘ilgan kuniga Suriyaga chipta olib bera qolaylik. Ertaga IDga qo‘shilsa ajablanmagan bo‘lardim".

"O‘rtamizda hech narsa avvalgidek bo‘lmaydi endi, shuni bil".

"Menga ko‘p ham yaqinlashmasin, kim bilsin, balki bombasi bordir".

"10 kun yopiqda"

Silke Raats dashnomlar bilan qutulmadi. Bir qancha tanishlari u bilan aloqani uzdilar.

O‘zining aytishicha, 10 kun ichida u yaqin-atrofidagilar va do‘stlarining uchdan birini yo‘qotdi.

Ammo ozchilik bo‘lsa ham, ro‘mol o‘rashiga ijobiy qaragan do‘stlari bo‘ldi.

"Sen shunday baxtli bo‘lsang, men ham baxtliman".

"Bu sening qaroring. Hurmat qilaman".

"Ro‘molni deb seni tashlab ketganlar haqiqiy do‘stlaring emas", deya dalda berishardi do‘stlari.

Biroq dashnomlar kuchaygandan kuchayib borar va alal-oqibat Silke bir oyga mo‘ljallagan tajribasini 10 kunda to‘xtatishga majbur bo‘ldi.

U o‘z boshidan kechirganlarni "10 kun yopiqda" nomi ostida Youtube sahifasida chop qildi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio