Gollandiya MN17 qulashi sabablari haqida hisobot beradi

Image copyright AP

Gollandiya Xavfsizlik kengashi Malayziya havo yo‘llarining MH17 parvozi 2014 yilda Ukrainada qulashi sabablari borasida o‘z yakuniy hisobotini chop qilishi kutiladi. Hodisada uchoq ichidagi 298 odam halok bo‘lgandi.

Ilk xulosalar uchoq "yuqori quvvatli tashqi jihozlar" bilan urib tushirilganiga ishora qilishi unga raketa bilan hujum qilingani borasidagi shubhalarni urchitgandi.

G‘arb va Ukrainaga ko‘ra, Rossiya qo‘llab-quvvatlayotgan isyonchilar mazkur Boing 777ni urib tushirganlar, ammo Rossiya Ukrainani ayblaydi.

Gollandiya hisoboti kim aybdor ekani borasida fikr bildirishi ko‘zda tutilmaydi.

Ayni damda Rossiya o‘z hisobotini chop qilishi kutiladi.

Amsterdamdan Kuala Lumpurga uchayotgan samolyot Ukrainaning isyonchilar nazorati ostidagi sharqiy hududida 2014 yilning 17 iyulida qulagandi. Bu davrda ukrain qo‘shinlari va Rossiyaparast isyonchilar o‘rtasidagi janglar keskin avj olgandi.

Qurbonlar orasida 196 Gollandiya fuqarosi bo‘lgan.

To‘rtta savol

Image copyright .

Gollandiya Xavfsizlik kengashi Gilze-Riyyen harbiy bazasida qurbonlarning oilalariga o‘z hisobotini taqdim etishi rejalangan.

Kengash, shuningdek, isyonchilar nazorati ostidagi Donetsk viloyatidan olib kelingan uchoqning qayta tiklangan qismlarini ko‘rsatadi.

Hisobot to‘rtta muhim nuqtaga asosiy e‘tiborni qaratadi:

Uchoq havoda parchalanib ketishiga nima sabab bo‘ldi?

U nima uchun mojaro hududi uzra uchayotgandi?

Nima uchun ba‘zi qurbonlarning oilalari o‘z yaqinlari uchoqda bo‘lgani haqidagi xabarni olish uchun to‘rt kun kutdilar?

Yo‘lovchilar va ekipaj oxirgi soniyalarda nimalar yuz berayotganidan qanchalar xabardor bo‘lishgan?

Uchoqlar qulashi borasidagi xalqaro tergovlarni boshqaruvchi qonunlarga binoan, Kengash qaysidir tomonga aybni qo‘yish huquqiga ega emas.

Ayni damda Gollandiya MH17 parvozi bo‘yicha yana boshqa tergovga boshchilik qilayapti. U bir necha oydan so‘ng chop etilishi kutiladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio