"Paxta pulimiz ovqatimizga ketyapti"

Image copyright talaba.96.lt

O‘zbekistonda davlatga paxta topshirish rejasi borasida axborot oshkor qilinmayotgan bir vaqtda, dalalarda paxta qolmagani aytilmoqda. BBC bilan gaplashgan terimchilar paxta o‘rniga ko‘sak terishga majbur bo‘layotgani va tergan pullari ovqatlanishga arang yetayotganini bildirishdi.

Andijon viloyatining davlatga paxta topshirish rejasini bajargani to‘g‘risidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarda 9 oktyabr kuni chiqdi. Biroq oradan 4 kun o‘tgan bo‘lsa-da, bu borada rasmiy xabar chop qilingani yo‘q.

BBC Andijon viloyat hokimiyatiga bog‘lanib paxta rejasi borasida so‘raganida, go‘shakni ko‘targan xodim reja bajarilganini va nima uchun matbuotda chiqmayotganligi borasida ma‘lumotga ega emasligini bildirdi.

Xodim davlatga qancha paxta topshirilgani va hasharchilarning ortga qaytishi borasida izoh bermadi.

"Dalada paxta yo‘q, ko‘cak terib yuribmiz"

Sirdaryo viloyatidagi talabalardan birining aytishicha, paxta rejasi to‘lgan to‘lmaganligi va yana qancha paxta terish haqida terimchilarga hech qanday ma‘lumot berilmaydi.

"Bizga yana qancha paxta terishimiz va viloyat rejasi qancha bo‘lganligi borasida hech narsa aytishmaydi. Faqat paxta terish kerakligini aytishadi. Kunlik majburiyatni bajarmagan talabalarni shtabda izza qilishadi", - deydi talaba.

Uning aytishicha, dalada paxta qolmagan. 1 oktyabrdan boshlab ikkinchi terimga tushishgan. Ammo paxta hosili ozligi sabab, odatga zid ravishda ikkinchi terimni chanoqlari bilan terib ola boshlashgan. Kunlik majburiyat 80 kilodan 60 ga tushirilgan.

"Bir haftadan so‘ng chanog‘i bilan qo‘shib tersak ham bir kunlik majburiyatni bajarolmay qoldik. 8 oktyabrdan boshlab majburiyatni 50 kiloga tushirishdi va ko‘sak qo‘shib terishga ham ruxsat berishdi. Endi 40 kilo ko‘sak terib uning ustiga 10 kilo chanoqli paxta teryapmiz. Ammo mehnat haqqimizga bir tiyin ham olmayapmiz", - deydi suhbatdoshimiz.

Ma‘lum bo‘lishicha, terilgan bir kilo paxta uchun 250 so‘mdan narx belgilangan. Ammo turli chiqitlar uchun qaytarilgandan so‘ng, terimchining qo‘liga kilosiga 230 so‘mdan beriladi.

Erkin bozordagi kurs bo‘yicha bir dollar topish uchun 21 kilo paxta terishingizga to‘g‘ri keladi.

Terilgan paxtadan terimchilarning kunlik ovqati uchun 6 ming so‘mdan urib qolinadi.

"Nonushtaga haftada bir marta sariyog‘, qolgan vaqtlari buxanka non va shakar choy berishadi. Tushlik va kechki ovqatga makaronli va guruch sho‘rvani har kuni o‘rnini almashtirib pishirishadi. Ovqatning ta‘mi umuman yo‘q. Payshanba va yakshanba kuni palov damlashadi", - deydi talaba.

Terimchilar ikkinchi terimga o‘tishi bilan mehnat haqqini olish imkonsiz bo‘lib qolgan. Ularning topgan puli faqat ovqatiga yetmoqda.

"Faqat qornimiz to‘yishi uchun ishlashga majburmiz. Chunki biz terayotgan ko‘sak va chanoqli paxta laboratoriyadan o‘tkanidan so‘ng ko‘pi chiqitga chiqib ketayotgan ekan. Qo‘limizga pul bermay qo‘yishdi", - deydi talaba.

"Odam yollasak ham ishga chiqyapmiz"

Paxtaga chiqarish majburiy tus olar ekan, tashkilot xodimlari terimga chiqmagan taqdirda o‘z o‘rniga odam chiqarishi majburiy qilingani aytiladi.

Biroq ushbu majburiyatni bajarganlik bilan xodim ishdan ozod qilinmayapti.

"Paxta terimiga pul yollab odam chiqarsak ham, yakshanba kuni ham ishga chiqishimizga to‘g‘ri kelyapti. Rahbariyatning aytishicha, ko‘pchilik paxtada bo‘lganligi bois asosiy ishimiz qolib ketayapti va o‘rnini to‘ldirish uchun dam olishsiz ishlayapmiz. Tashqaridan qarasangiz, bir maoshga ikki odamning ishini qilyapman. Ham paxtaga odam yolladim, ham ishxonada ishlayapman", - deydi shifokorlardan biri.

Paxta kampaniyasi avj olayotgan bir mahalda ijtimoiy tarmoqlarda o‘tgan yillari kuzatilmagan o‘ziga xos noroziklikni ko‘rish mumkin.

Facebook ijtimoiy tarmog‘ida fikr bildirgan va O‘zbekistonda yashayotganini bildirgan foydanuvchilar paxta siyosatini so‘roq ostiga ola boshlashgan.

"Muammo nima sababdan paxta terimiga odamlar majburiy chiqarilayotganida. Daromadini fermer ko‘radimi? Fermer tersin! Bir o‘zi eplay olmaydimi? Unda pulini to‘lasin! Puli yo‘qmi? Paxta ekmasin! Qanaqasiga paxta boylik, agar o‘z terimiga pul yetkazib berolmasa? O‘zbekiston fuqarosi paxta terishga majbur degan qonun bormi? Paxta bozor shart sharoitlariga mos ravishda o‘stirilishi va sotilishi kerak!!! Paxta rizq - ro‘zimiz, boyligimiz ekanligini menga isbotlab ko‘radigan bormi?", - deydi Alisher Abdujabbarov.

Ayrimlar paxta milliy boylik ekanligi va uni terib olmaslikka chaqirish, siyosiy norozilik vaziyatning izdan chiqishiga olib kelishini yozgan.

Biroq davlatning paxtaga majburiy-ixtiyoriy chiqarishi yoki ommaviy ravishda paxta yetishtirish O‘zbekiston iqtisodi uchun foydali ekanligini dalillar bilan ko‘rsatib bermagan.

"Baraka topgurlar, paxta terishdan bosh tortishim mani Vatanimni sevmasligimmas. Mantiqni bunaqa tushunish noto‘g‘ri. Kimdir borib majburan paxta terib Vatanini sevsa man paxta terishdan bosh tortibam Vatanimni sevaveraman. Zato qo‘llarim qadoq bo‘lmaydi", deydi Dilnur Kamilov.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio