Isroil politsiyasi Quddus mavzelarini o‘rab oladi

Isroil hukumati halokatli hujumlarning oldini olish maqsadida politsiya kuchlariga Quddusning ayrim hududlarini o‘rab olishga izn berdi. Favqulotda o‘tkazilgan yig‘ilishdan so‘ng, ayrim holatlarda harbiylarning politsiyaga yordamga kelishi ham belgilangan.

Politsiyaning aytishicha, Quddus va Isroilning markazida 3 odamning o‘limi va 20 kishining yaralanishiga sabab bo‘lgan o‘q otar qurol va pichoq bilan hujumlar ortidan ushbu choralar joriy qilingan.

Quddusda hujum qilgan ikki kishi falastinlik ekanligi oydinlashgan va politsiya tomonidan otilgan. Politsiya ularni avtobusdagi yo‘lovchilarga tajovuz solib pichoq ishlatganidan so‘ng otgan.

Yana bir isroillik pichoqlanganidan so‘ng qochib ketishga harakat qilgan joyida nobud bo‘lgan.

Sal keyinroq G‘arbiy sohildagi Betlehem shahrida Isroil politsiyasi bilan to‘qnashuv chog‘ida falastinlik o‘ldirilgan.

So‘nggi to‘rt kun ichida falastinliklar tomonidan pichoqlanish natijasida o‘nlab isroillik yaralangan va halok bo‘lgan. Bir nechta hujumchi va yana 18 falastinlik ham o‘ldirilgan.

Isroillik va falastinliklar o‘rtasidagi taranglik o‘tgan oydan boshlangan. To‘qnashuvlar Isroil hukumati tomonidan musulmonlar uchun muborak bo‘lgan Al Aqso masjidiga yahudiylarning ham kirishi uchun ruxsat berishi ortidan alanga olgan.

Hukumat yahudiylarning masjidga ibodat qilmaslik sharti bilan kirishiga ruxsat bergan va ushbu holat davomiy bo‘lishi mumkinligini bildirgan.

Bundan g‘azablangan falastinliklar isroilliklarga qarshi hujum qila boshlagan.

Isroil rasmiylarining aytishicha, hujum qiluvchilar aksari bosib olingan sharqiy Quddusdagi arab mahallalaridan.

Hukumatning ta‘kidlashicha, jamoat transportlarining xavfsizligini ta‘minlash uchun harbiylar jalb qilinadi. keyinchalik maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan posponlar guruhi ham jalb qilinishi mumkin.

Bosh vazir Benyamin Netanyahu ko‘ra, yangi xavfsizlik choralari "o‘ldirishga harakat qilayotgan va ularga yordam berayotganlarga qarshi" qo‘llaniladi. U o‘z navbatida Falastin muxtoriyati prezidenti Mahmud Abbosga murojaat qilib "yolg‘on gapirish va gij gijlashni" to‘xtatishga chaqirgan.

Janob Abbos zo‘ravonlikning ortishida Isroil hukumatini "tajovuzkorlik harakatlari" va yahudiy kelgindilarni ayblagan.

Ziddiyatning kuchayishi

Skshanba kuni falastinliklar tomonidan bir necha marotaba avtobusdagi yo‘lovchilarga nisbatan pichoq bilan hujum qilish hollari kuzatilgan. Politsiya tomonidan halok qilingan hujumchilarning sharqiy Quddusdan ekanligi aytilmoqda.

Faollar "qahr kuni" deya e‘lon qilganidan so‘ng seshanba kuni tushdan keyin G‘arbiy sohilda Isroil maxsus kuchlari va falastinlik namoyishchilar o‘rtasida to‘qnashuv kelib chiqqan.

Falastinlik shifokorlarning aytishicha, Isroil tomonidan o‘q otilishi natijasida kamida bir falastinlik o‘lgan va 15 tasi jarohatlangan.

AQSh davlat kotibi Jon Kerri "AQSh isroilliklarga bo‘layotgan terror hujumlarini qattiq qoralaydi. Kim bo‘lishidan qat‘iy nazar, ushbu zo‘ravonlik va unga gij gijlashlar to‘xtashi kerak", - degan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio