O‘zbekiston paxta plani bajarildi

Image copyright AP

Deya e‘lon qilgan O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev. Bu haqda Bosh vazir Toshkentda ochilgan paxta yarmarkasida gapirgan.

O‘zbekiston va Rossiya nashrlarining xabar qilishlaricha, o‘n birinchi marta Toshkent shahrida tashkillashtirilgan xalqaro paxta va tekstil yarmarkasining ochilish marosimida Bosh vazir Mirziyoyev ma‘ruza qilgan.

O‘z chiqishida janob Mirziyoyev O‘zbekiston hukumati rejalagan yillik plan bajarilganini ma‘lum qilgan.

Bosh vazir so‘zlariga ko‘ra, terib olingan hosilning 98 foizini oliy va birinchi navli tola tashkil qilgan.

Ommaviy axborot vositalari bu yilgi davlat rejasi 3 million 350 ming tonna qilib belgilangani haqida xabar tarqatganlar.

O‘tgan yili hukumat fermerlar uchun shartnoma majburiyatini 3 million 400 ming tonna etib belgilagandi.

Bundan 1 million 200 ming tonna atrofida tola chiqadi deb kutiladi.

Shundan 550 ming tonnasini O‘zbekiston hukumati qayta ishlangan mahsulot emas, yana tola sifatida xorijga eksport qilishni rejalamoqda.

Image copyright Malohat Eshonqulova

O‘zbekiston hukumati qariyb 20 yildan buyon mamlakatda yetishtirilgan paxta tolasining 60 yoki 70 foizini O‘zbekistonning o‘zida qayta ishlash niyatida ekanini e‘lon qilib keladi.

Biroq hamon O‘zbekiston o‘z paxtasini chetga asosan xomashyo sifatida sotayotgan mamlakat bo‘lib qolmoqda.

Paxta va don xarid narxlarini erkinlashtirish, fermerlarga erkinlik berish chaqiriqlarini hukumat rad etib keladi.

Buning natijasida paxta va g‘alla yetishtirish o‘zbekistonlik fermer uchun daromad keltirmaydigan soha hisoblanadi.

Paxta tannarxi arzonligini ta‘minlash maqsadida yoshu-qari sentyabr-oktyabr oylarida paxta dalalariga "haydaldi".

Bu yil ham Xalqaro Mehnat Tashkiloti O‘zbekistonda majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmaganiga ishonch hosil qilish maqsadida monitoring o‘tkazdi.

Kuzatuvchilar borgan dalalardan o‘z ixtiyoriga qarshi paxta terishga olib chiqilganlar qaytarib olib kelindi.

Bu yilgi mavsumda fohishalar ham paxta dalasiga olib chiqilgani va chanoqlarga paxta yopishtirib chiqilgani dunyo matbuoti sahifalariga ham chiqib ketdi.

Image copyright Malohat Eshanqulova

Yo‘l qo‘yilayotgan majburiy mehnat tufayli Jahon Bankidan O‘zbekistonga moliyaviy yordamni to‘xtatish talablari ham yangradi.

Bu yil ham paxta terimi insonlar o‘limiga olib keldi.

Majburiy mehnat holatlarini aniqlashga qaror qilgan huquqbonlar tahqirona tekshirildilar.

O‘zbekiston hukumati SSSR zamoniga qiyos bo‘lmasin uchun "plan" so‘zini qo‘llashni taqiqlagan.

Ammo mohiyatan paxta kampaniyasi Sho‘ro zamonidan hech farq qilmaydi.

Tobora ko‘p kuzatuvchilar O‘zbekiston paxtasidan xalqqa emas, "yuqoridagi amaldor"ga foyda, degan xulosaga kelmoqdalar.

Bunday xulosaga biror marta ham O‘zbekiston parlamentida yillik byudjet muhokama qilinayotgan paytda paxtadan qancha daromad tushgani va bu daromad qaysi maqsadlarga sarflangani ko‘rsatilmagani undaydi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq