MDH davlatlari chegaralarni birgalikda qo‘riqlamoqchi

Image copyright akorda.kz

MDH davlat rahbarlari Afg‘onistondan keladigan tahdidni birgalikda bartaraf etishga kelishib olgani aytilmoqda. Qozog‘istonda o‘tayotgan sammit davomida xalqaro terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha bayonot qabul qilingan. Harbiy hamkorlik borasida hujjat imzolangan.

Qozog‘iston poytaxti Ostonadan 250 chaqirim masofada joylashgan Burabay oromgohida o‘tayotgan sammit mintaqadagi xavfsizlik masalalarini ham kun tartibiga qo‘ygan.

Unda Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston prezidentlari ishtirok etmoqda.

Moldova tomonidan Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari, Turkmanistondan esa Bosh vazir o‘rinbosari va Ukrainaning Qozog‘istondagi vaqtinchalik ishonchli vakili qatnashgan.

Sammitda eng muhim mavzularidan biri Afg‘oniston bo‘lgan. Vladimir Putin uni yaqin va keskin degan.

"Turli terrorist guruhlar katta ta‘sirga ega bo‘lmoqda va yangi hududlarni bosib olish rejalarini yashirmayapti. Ularning maqsadlaridan biri Markaziy Osiyo mintaqasiga kirish. Biz ushbu narsaga tayyor turishimiz va birgalikda harakat qilishimiz kerak", - degan Putin janoblari.

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev MDH davlatlari rahbarlari terror tahdidiga o‘z vaqtida va samarali javob berish masalasida yakdil ekanligini bildirgan.

Biroq sammit arafasida Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi Qozog‘istonga rasmiy norozilik bildirgan. Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov Qozog‘istonga kelmagan.

Yig‘ilish davomida MDH davlatlarining harbiy sohada 2020 yilgacha hamkorligi bo‘yicha hujjat imzolangan. Unga binoan hamdo‘stlik tashkilotiga a‘zo davlatlar tashqi chegara xavfsizligini ta‘minlashda yaqindan hamkorlik qiladi.

Sammit ishtirokchilari Suriyadagi vaziyatga ham e‘tibor qaratishgan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘zini Islomiy davlat deya nomlayotgan guruh tarkibida MDH davlatlaridan ketgan 5 mingdan tortib 7 minggacha jangari urush qilayotganini aytgan.

"Biz ularning Suriyada olgan harbiy tajribasini keyinchalik uyimizda qo‘llashiga yo‘l qo‘ya olmaymiz", - degan Putin.

Burabayda o‘tayotgan sammit davomida MDH davlat rahbarlari umumiy hisobda 16 hujjat imzolagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq