Tojikiston O‘zbekiston yo‘lidan boradimi?

Image copyright none
Image caption Islom Uyg‘onish partiyasi rahbari Muhiddin Kabiriy hozir xorijda

Bugunga qadar Tojikistonda Islom Uyg‘onish partiyasining o‘nlab a‘zolari hibsga olingan.

Norasmiy ma‘lumotlarga qaraganda, qama-qamalar va bosimlar avjiga chiqqan.

Sobiq Sho‘ro hududidagi birinchi, yagona va rasmiy diniy firqa sanalgan Islom Uyg‘onish partiyasi bundan bir oy avval ham qonunan faoliyatda edi.

Firqa o‘laroq rasman ro‘yxatga olingan kunidan beri turfa bosimlar ostida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Islom Uyg‘onish partiyasi bugun terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga qo‘shilgan.

Mamlakatdagi yuzlab masjidlarda kechadigan Juma namozlaridagi matni "tepadan" kelgan ma‘ruzalar shu kunlar faqat Islom Uyg‘onish partiyasiga qarshi targ‘ibot bilan sug‘orilgan.

Sho‘rochasiga fosh qiluvchi uslubda bitilgan bu ma‘ruzalarda hozir terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kirgan ayni partiya rahbarlari, xususan, Muhiddin Kabiriyning davlat to‘ntarishi uyushtirishga harakat qilgani, bu yo‘lda nomi zikr etilmaydigan "xorijiy homiylar" bilan til biriktirgani aytiladi.

Kechikayotgan Hayit va Juma namozlari

Dushanbedagi masjidlardan birida Hayit namozi o‘qilar ekan, imom asosan Islom Uyg‘onish partiyasi va Mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari, marhum Abduhalim Nazarzodaga qarshi targ‘ibot ma‘ruzasini o‘qib tugatishga ulgurmagan.

Masjiddagi ma‘ruzani tinglagan namozxonlardan biriga ko‘ra, namoz vaqti kechikib borarkan, ibodatga kelganlar bezovta bo‘lishgan.

Nihoyat, bir necha namozxon: "Etar, namozni boshlang! Bas qiling!" deb qichqirgan.

"Imom ma‘ruzani tugatmasdan, namozni boshlashga majbur bo‘ldi", deydi u.

Boshqa bir namozxon esa, matbuotda va bu kabi ma‘ruzalarda marhum generalning qo‘sha-qo‘sha hovlilari, shaxsiy shirkatlari, behisob boyligi bo‘lganiga qaramay, "noshukr"lik qilgani haqidagi targ‘ibotga ishonmasligini aytadi.

"Xo‘p, hukumatning mulozimi buncha boylikni oylik maoshiga to‘plaganmidi? Nima uchun uning jinoyatlari avvalroq fosh qilinmadi?" deb savol beradi.

"Tinchligimizni ko‘rolmaydiganlar ko‘p"

Image copyright none

Ommaviy axborot vositalari tomonidan Islom Uyg‘onish partiyasiga qarshi qaratilgan va avvallari misli ko‘rilmagan targ‘ibotga aksariyat tojikistonliklar ishonishadi.

Ham o‘qituvchilik va ham bozorda guruch oldi-sotdisi bilan shug‘ullanadigan Rahimboy aka: "Bu nahzatiylar (tah –Islom Uyg‘onish partiyasi) vaqt poylab turgan, saylovda yutqizib qo‘yib, keyin davlatni bosib olishga harakat qilgan. General bo‘lsang, Janobi Oliy (tah – Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon) shuncha boylik to‘plashingga qo‘yib bergan, o‘zini yonida ishlatayotgan bo‘lsa, shukr qilmaysanmi, mana oqibati nima bo‘ldi?" deb norozi bo‘ladi.

Ikki o‘g‘li Rossiyada mardikorlik qiladigan, o‘zi esa uyda olti nafar nevarasi bilan qolgan Muhayyo opaning aytishicha, Islom Uyg‘onish partiyasi Tojikistonni "Afg‘onistonga aylantirmoqchi" bo‘lgan.

Viloyatdagi mahalliy jurnalistlaridan biri esa, yarim kinoya, yarim hazil bilan: "Qarang, elektr energiyasiga cheklov kechikmoqda, xalq turib ketib qolmasin, deb o‘ylashdimi, zora bu yil uzluksiz berishsa", deydi.

Tojikistonning "o‘zbekona" yo‘li

Shunday qilib, rasman bo‘lmasa ham, amalda Tojikistonda kuchli bir muxolif guruh qolmadi.

Mavjud muxolifat guruhlarning xalq orasidagi obro‘si haminqadar.

Ismi sir qolishini so‘ragan nodavlat tashkilotlardan biri bilan hamkorlik qilayotgan faoldan ko‘ra, "mavjud tuzum hech qanday muxolifatga toqat qilmasligini ochiq namoyish qilmoqda".

"Avvallari faolroq bo‘lgan insonlar ham so‘nggi qama-qamalardan keyin hayiqib qolishgan. Sanoqli mustaqil matbuot ham bundan bir necha oyga nisbatan ancha "o‘chib" qoldi", deydi u.

Uning fikricha, hukumat O‘zbekiston yo‘lini tanlagan. Ehtimol, bir necha oy ichida muxolifatga umuman toqat qilinmaydigan holat yuzaga keladi.

Xalq esa hali fuqarolar urushini unutgani yo‘q.

"Norozi qatlam yashirin faoliyatni davom ettiradi, afsus, ularning deyarli barchasi radikal diniy guruhlardan tashkil topgan. Hozirda nafaqat Islom Uyg‘onish partiyasi va yo boshqa dindorroq guruhlar, balki hukumatdan mustaqil badavlatroq shaxslar ham nazorat ostiga olinmoqda. Viloyatlarda biznes yuritishning imkoni qolmagan. Xalq mardikorlar yuborgan pulga umrguzaronlik qilmoqda. Har qanday biznes va har qanday tadbirkor porasiz bir qadam oldinga qadam qo‘yishi misli ko‘rilmagan holat, korruptsiya ayrim holatlarda ochiq ko‘rinadi, ammo faqatgina hukumatga bo‘ysunmagan, pora berishdan bosh tortganlargina jazolanadi. Uy-joylarini, mulkni va biznesni tortib olish odatiy holatga aylanmoqda. Garchand, Rossiyada iqtisodiy mushkulliklar bo‘lsa ham, aksariyat muhojirlikni tanlamoqda".

Muqaddam hukumat tizimida ishlagan mulozimlardan birining aytishicha, avvallari Tojikiston siyosatida bir qadar atayinchilik bilan O‘zbekiston hukumati siyosatiga ziddi amal an‘anasi bor edi.

"O‘zbekistonda muxolifat yakson qilingani, mustaqil matbuot yo‘qligi biz uchun G‘arb diplomatlari qarshisida maqtanishga mavzu edi. Tepadagilar qo‘yib berishgandi... Ammo, endilikda, agar joriy Prezident o‘zi va ehtimolki, farzandlarining ham qudratda muqim qolishini istaydi, bu sir emas, buning uchun esa, raqobatbardosh har qanday kuchni yo‘qotish kerak. Buning eng maqbul yo‘li - "o‘zbekcha usul", ya‘ni, muxolifat va mustaqil matbuotga toqat qilmaysiz, terrorga qarshi kurash bahonasida ularni poymol etasiz, jamiyatda yoppasiga qo‘rquv muhitini shakllantirasiz va bilganingizni qilasiz".

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio