Maldivdagi toshbo‘ron hukmi bekor qilindi

Image copyright Science Photo Library

Maldiv Oliy mahkamasi nikohsiz farzand ko‘rgan ayolni toshbo‘ron qilib o‘ldirish hukmini bekor qilgan.

Oliy mahkama hay‘ati e‘lon qilishicha, zinoda ayblangan ayol ustidan kechgan ilk mahkamada qator huquqiy protseduralar buzilgan.

Bunda ham shariat va ham huquqiy protseduralar buzilishiga yo‘l qo‘yilgani aytilgan.

Mahalliy matbuot zinoda ayblangan ayolni besh yashar bolaning onasi deb taqdim qilgan.

Mahkamada ayol go‘yo o‘ziga qo‘yilgan aybga iqror bo‘lgan.

Uning ustidan toshbo‘ron qilib o‘ldirish hukmi 18 oktyabr tunida e‘lon qilingan.

Hukm haqidagi xabar Internet ijtimoiy tarmoqlari orqali tezlikda tarqaldi.

Ko‘pchilik hukmdan g‘azabga kelganlarini izhor qildilar, xalqaro tashkilotlar ayol taqdiridan xavotir izhor qilib chiqdilar.

Rasman Maldiv respublikasi deb ataladigan mamlakat Hindistondan janubda, Hind ummonidagi orolchalardan tashkil topgan.

Bu mamlakatning yagona shahri bor, u ham bo‘lsa, mamlakat poytaxti Male.

Aholisi 340 ming kishini tashkil etadi va ularning aksari sunniy musulmonlardir.

Image copyright Getty

Mamlakatda islomiy ekstremizm kuchayib bormoqda deb ko‘riladi.

Mahalliy matbuotga ko‘ra, ayrim fuqarolar Suriyadagi jangari guruhlarga qo‘shilish uchun ketganlar.

Maldiv butun dunyo sayyohlarining sevimli dam olish joyi hisoblanadi.

Zinoda ayblangan Maldiv fuqarolari uchun qattiq jazolar ko‘zda tutilgan, biroq bu tartib-qoida sayyohlarga joriy etilmaydi.

2013 yili Maldivga bir milliondan ortiq sayyoh borgan.

2010 yili Maldiv jahon ommaviy axborot vositalari e‘tiboriga tushgan.

Bunga Maldiv hukumatining Tolibon va Afg‘on hukumati o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarida vositachi bo‘lishga rozi bo‘lgani sabab bo‘lgan.

Tolibon va Afg‘oniston hukumati hay‘atlari Maldivga borishgan.

Biroq, muxbirlarning yozishicha, hay‘atdagi ayrim kishilar sohil bo‘ylarida dam olayotgan yalang‘och insonlarni ko‘rib noqulaylik his qilganlar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio