Iroq bo‘yicha tadqiqotchi Turkiya aeroportida o‘lik holda topilgan

Image copyright Facebook

Britaniya Tashqi ishlar vazirligi sobiq BBC jurnalisti, Urush va Tinchlik muammolarini yoritish instituti(IWPR)ning Iroq bo‘limi rahbari vazifasini bajaruvchi Jeki Satton jasadi Istanbul aeroportida topilganini tasdiqlagan.

Xabarlarga ko‘ra, 50 yoshli Jeki Satton jasadi Istanbulning Otaturk havo qo‘nalg‘asining hojatxonasida topilgan.

U 17 oktyabr tunida Londondan uchib borgan, Istanbuldan Iroq shimolidagi Irbilga borish uchun safarga chiqqan.

Irbilga uchoq ikki soatdan keyin uchishi kerak bo‘lgan.

Tarqatilayotgan xabarlarga ko‘ra, Jeki Satton uchoqqa kechikkan.

Turkiya matbuotida turli taxminlar asosidagi xabarlar paydo bo‘lgan, biroq hozircha jurnalist va Iroq bo‘yicha ekspert o‘limiga nima sabab bo‘lgani noma‘lum.

Ayrim xabarlarda go‘yo parvozidan kechikkan Jeki Sattonning yonida yangi chipta sotib olish uchuye puli bo‘lmagani, shundan xafa bo‘lib o‘zini o‘zi o‘ldirgani aytilgan.

Lekin jurnalistni yaqindan bilgan tanishlari Internet ijtimoiy tarmoqlarida Jeki Sattonning Afg‘oniston va Iroqda faoliyat yuritganini, uning o‘limini o‘z joniga suiqasd sifatida taqdim etilishi shubhali ekanligi haqida yozmoqdalar.

Britaniya Tashqi ishlar vazirligi Satton oilasiga konsullik yordamini ko‘rsatayotganini ma‘lum qilgan.

Jeki Satton qarorgohi Londonda joylashgan Urush va Tinchlik muammolarini yoritish instituti (IWPR)ning Iroq bo‘yicha bo‘limi direktori vazifasini bajaruvchi edi.

IWPRning Iroq bo‘yicha oldingi rahbari Ammor al-Shohbander shu yil 2 may kuni Bag‘dod shahrida ro‘y bergan portlashda halok bo‘lgan.

Jeki Satton Avstraliya Milliy universiteti Arab va islomshunoslik markazida dissretatsiya yoqlagan, ilmiy tadqiqoti mavzusi iroqlik va afg‘on jurnalist ayollarga bag‘ishlangan.

IWPR rahbari Amin Sayqal, Jeki Satton nafaqat ulkan tadqiqotchi, balki institut faoliyatiga salmoqli hissa qo‘shgan qadrli hamkasb va do‘st edi, deb aytgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio