Mamadali Mahmudov: "Qora ro‘yxatdagi hayot"

Britaniyada chop etiladigan "Tsenzura indeksi" (Index on censorship) jurnali atoqli o‘zbek adibi Mamadali Mahmudov (adabiy taxallusi-Evril Turon)ning "Qora ro‘yxatdagi hayot" nomli maqolasini chop etgan.

Unda muallif sho‘ro davrida Turkiston xalqlarining Chor Rossiyasiga qarshi milliy ozodlik kurashi tasvirlangan "Bog‘don qashqirlari" va "O‘lmas qoyalar" asarlari uchun sovet KGB sining ta‘qiblariga uchragani haqida yozadi.

"Sovet Ittifoqi parchalanib, men romanlarimda tasvirlagan milliy ozodlik va mustaqillik g‘oyalari davlat mafkurasiga aylanganidan so‘ng endi meni tan olib, xatto mukofotlashsa kerak, deb umid qilgandim. Ammo tom tersi yuz berdi. Ikki marta hibsga olinib, qamoqqa tashlandim. Ikkinchi martasida 14 yil qamoqda o‘tirdim", deb yozadi Mamadali Mahmudov.

U Xalqaro PEN va boshqa tashkilotlar olib borgan kampaniyalar natijasida 2013 yilda ozodlikka chiqarilgani, ammo hanuz to‘la ozod emasligi haqida yozgan.

"Men hamkasblarim bilan hech qursa, sovet davrida yozilgan asarlarimni chop etishlarini so‘rab, turli gazeta va jurnallar, nashriyotlarga murojaat qildim. Ammo ularning hammasi meni "qora ro‘yxat"dagi odam sifatida bilishadi va yozganlarimni chop etishga qo‘rqadilar".

"Tsenzura O‘zbekistondagi taraqqiyotning dushmanidir. U adolatning ildizlariga bolta uradi va haqiqatni o‘ldiradi", deya xulosa qiladi muallif Index on censorship jurnalida chop etilgan maqolasida.

Jurnal Mamadali Mahmudovning o‘zi she‘riy miniatyura deb atagan "Ot"nomli kichik hikoyasini ham ingliz tilida chop etgan.

Quyida adibning turli yillarda yozilgan, ammo matbuotda e‘lon qilinmagan she‘rlarini e‘tiboringizga havola qilamiz.

Qanotsiz burgut

(Qirqinchi yillar so‘nggidagi manzara)

Og‘izlar ko‘pirar, faqat bir kimsa

Maqtalar: "Buyuklar buyugi" deya.

Maqtalar: "Suyuklar suyugi" deya.

Istaysan sen:

"Vatan undan qutulsa!".

"Qonun-qonun!" deya jar solsa kimsa,

Uni qurol aylab, nafsiga bursa,

Qonun faqat kimsa yo‘liga yursa

Istaysan sen:

"Zolim qon qusib o‘lsa?"

Xotinlar o‘zlarin, erlarin sotsa,

Farzandlar o‘zligin, ellarin sotsa,

Har yonda razolat, harom bong ursa

Istaysan sen:

"Yurtda iymon uyg‘onsa!"

Zo‘rlik, xorlik, ochlik yoqadan olsa,

Yolg‘on chin ustidan xo‘jayin bo‘lsa,

Olchoqlar boylikdan itdek qutirsa

Istaysan sen:

"Dajjollarni yer yutsa!"

Qoni, dili yotlar yurtni boshqarsa,

Bor - budni o‘marsa, boshga kir to‘ksa,

Millat, o‘zlik, kechmish ustidan kulsa

Istaysan sen:

"Yotlar qirilib bitsa!"

Matbuot, radio to‘tilik qilsa,

To‘g‘rilar qamalsa, chetga quvilsa,

O‘g‘rilar bo‘kirib davrini sursa.

Istaysan sen:

"Erkin, hur zamon kelsa!"

Istak ne?

Qanotsiz burgutga mengzar.

Harakatga qotilmasa u agar

Hech zamon, hech zamon bermagay samar.

Voronej, 1962 yil.

To‘zon

(O‘ttizinchi yillar manzarasi)

Deraza oldida turibman yolg‘iz

Uni qoplab olgan qalin, xira muz.

Artaman, ununumsiz, tag‘in bosar muz.

Borliqni ayirar mendan yolmag‘iz...

Tashqari qo‘rqinchli, bo‘ron hukmron.

Vahshat-la bo‘kirar qorni uchirib.

Ko‘z ochib bo‘lmaydi va yoki yurib...

Har yoqni qurshagan qutirgan to‘zon.

Yerni bosgan tog‘ - tog‘ qor uyimlari.

Tirik jon yo‘q...

Yo‘l yo‘q...

Hatto yo‘q osmon.

Yiqilgan, to‘kilgan qishloq uylari

Muz ostida qotgan go‘yo go‘riston...

Qushlar ucholmaydi, qanotlari shol,

Jonzotlar tosh qotgan, o‘lgan ehtimol.

Uyimda na olov yonar, na chiroq...

Behad sovuq!..

Meni bosar qaltiroq.

Ochman!

Yemoq keltirmoqqa yo‘q imkon.

Yo‘q pul,

Yo‘q hol,

Yo‘q ko‘lik.

Har yoq to‘zon.

Ko‘rinmas jon, hamma uyida tutqun.

Yo‘q yer, jahon,

Borliq ingraydi dilxun.

Faqat bunda yayrar qarg‘alar tun, kun...

Bog‘don, 1975

Muqanna nidosi

Odamzotni yutayotgan go‘ristonlardek

Yorug‘likni yutayotir ko‘r qorong‘ilik.

Qor bo‘roni izg‘ir yeru - ko‘kni qaqshatib,

To‘kilgan kulbalar ko‘rinar mungli, g‘arib.

O‘latdek izillar, ne bor yanchib, bilmay chek,

Uvillar borliqni tilka - pora etgudek.

Sajdagohlar bir - bir qular, ingrab, sochilib.

Mazorlarni toptar, bog‘larni qilar vayron

Ne tirik jon bo‘lsa siqar, yitar beomon.

Olamni izmiga salmoq istar yosumon...

Bir yorug‘ ko‘rinmas, yo ko‘rinmas biron jon.

Faqat ko‘chalarda izg‘irlar ochofat itlar,

Badanlarda g‘ujg‘on o‘ynar qon tashna bitlar.

Yiqiq o‘tyonalar, qamoqlar, zindonlardan

Kelar yig‘i, nola, qarg‘ish, so‘kish, nidolar.

Qul, tul bozorlari bo‘zlayur bo‘g‘ovlardan

Hech biridan chiqmas, lek, "Erk" degan sadolar.

Gar chiqmasa quyosh, chekinmas qorong‘ilik,

Tinmas bo‘ron, davom etaverar dog‘ulik...

Bog‘don, 1971

Yorg‘uchoq

(O‘ttizinchi yillar manzarasi)

Horg‘in - horg‘in aylanadi yorg‘uchoq

Ming yil kecharoq...

Singan yorg‘uchoq...

Bug‘doy yanchgan edi unda Oyto‘ldi.

Arpa yanchar endi unda Oybo‘ldi.

Oybo‘ldining eri qamoqda o‘ldi,

Sho‘rlik xotin olti bola - la qoldi.

Millionlar kabi uning eri ham

Tuhmat bilan yopilgandi, ne alam!

Eshboy edi zo‘rlik, egrilik g‘ovi

Tuzum unga ayb qo‘ydi: "El yovi ".

Agar yurtda imon bo‘lsa omonat

Elni ich - ichidan yitar xiyonat...

Ona to‘ng‘ich qizin uzatdi erga,

Bir qashshoq kishiga, manglayi sho‘rga.

Toshboy, Qo‘shboy: "Non" deb ochlikdan o‘ldi,

Kenja qizi Guloy "Ota!" deb so‘ldi.

Mardikorga ketgan nori qaytmadi.

Uzun yillar shunqorini izladi.

Biroq hech kim aniq bir gap aytmadi

Yuzi samon ona kuyib bo‘zladi.

Qayg‘u - g‘amlar Oybo‘ldini qildi cho‘p,

Qo‘ni - qo‘shni urug‘lari bo‘ldi to‘p.

Tul xotinga achindilar, yordilar ko‘ngil:

" Elga kelgan balo..."

" Kimga ham yengil?.."

" Bu kunlar ham o‘tar - da,sal sabr qil..."

" O‘zingni ham o‘yla, umr kechmas bir xil..."

Ro‘zg‘or o‘lsin, tugab - bitdi yegulik,

Sotishga ham yo‘qda, sabil, degulik.

Kuni qoldi supurgining doniga,

Qasd etmoqchi bo‘ldi u o‘z joniga.

Ammo bolalarin o‘yladi ona,

Shayton vasvasini haydadi yona,

Tun-kun tikdi chopon, qavidi ko‘rpa,

Bunga bori berdi bir siqim arpa.

Qishloq oqsoqoli ham berdi taskin:

" El boshiga tushgan ish - da, chidagin.

Qara, pishak, eshak, itlar qoldi kam...

Kunjaradan shishib o‘ldi ko‘p odam.

Bola, badanlarin sotganlar tuman.

Yurtda kimga oson?

Kam qoldi imon..."

Horg‘in - horg‘in aylanadi yorg‘uchoq

Ming asr kecharoq...

Singan yorg‘uchoq...

Bog‘don, 1975

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio