Karimov bilan Nazarboyevning merosxo‘rlari kimlar?

AQShda joylashgan Stratfor markazi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining merosxo‘rlari kim bo‘lishi mumkinligi haqida tahliliy maqola chop etgan.

Unda aytilishicha, O‘zbekiston va Qozog‘istonning ko‘p yillik rahbarlari nihoyat siyosiy merosxo‘r kim bo‘lishi kerakligi borasida bir qarorga kelganliklari haqida mish-mishlar oxirgi vaqtlarda yana urchimoqda.

"Sentyabr oyida janob Nazarboyev qizi Darig‘ani Bosh vazir o‘rinbosari etib tayinladi. Qo‘shni O‘zbekistonda esa muxolif websahifalardan biri janob Karimov o‘zining kenja qizi Lolaga "kursi"sini tashlab ketishga qaror bergani haqida maqola chop etdi".

Bu kabi mish-mishlar avvallari ham tarqalgan, ne qadar haqiqatga mos kelishini aytish qiyin, lekin har bir mamlakatdagi siyosiy kurash haqida ma‘lumot berishi mumkin", deyiladi Stratfor tahlilida.

"Ikkala rahbarning ham yoshi o‘tib bormoqda. Nazarboyev 75 da, Karimov 77 da. Ikkalasi ham nazoratni qattiq qo‘lda ushlaydi va barqarorlikni saqlash uchun turli klanlar o‘rtasidagi muvozanatni o‘rnatishga muvaffaq bo‘lib kelganlar".

Qozog‘istondagi muvozanat

Maqolada aytilishicha, janob Nazarboyev Darig‘adan tashqari yana uch qizi va ikki kuyovini, shuningdek yana qator yaqinlarini mamlakatdagi muhim soha va shirkatlar rahbarlari sifatida tayinlagan.

Lekin ulardan birontasi haqiqiy qudratga ega yoki siyosiy merosxo‘r bo‘lish belgilarini namoyon etmaydilar.

Yillar mobaynida neft narxlarining yuqori bo‘lishi qozoq Prezidenti uchun o‘z tarafdorlari va yaqinlari o‘rtasida qudratni bo‘lib berish vazifasini osonlashtirgandi.

Lekin 2014 yildan beri iqtisodiy o‘sish sur‘atlari sustlashdi.

Stratfor ning da‘vo qilishicha, bu omil Nazarboyev yaqinlari va elita orasidagi raqobatni kuchaytirigan.

Stratfor manblarining aytishicha, Bosh vazir Karim Masimov bilan Prezident kuyovi Timur Kulibayev o‘rtasida kelishmovchiliklar yuz bergan. Masimovning 2014 yili Bosh vazirlikka qayta tayinlanishi Kulibayevning davlat energiya sektori ustidan millatchi qarashlari bilan to‘qnash kelgan.

Stratfor ga ko‘ra, ko‘rinishicha, ana shu kabi kelishmovchiliklar janob Nazarboyevni qizi Darig‘ani Bosh vazir o‘rinbosarligiga tayinlashiga turtki bergan.

Mamlakat siyosiy hayotida anchadan beri muhim rollarni o‘ynab kelgan Darig‘a uchun bu kelajakda balki-da Bosh vazir bo‘lish uchun ham eshiklarni ochishi mumkin.

Stratfor tahlili Darig‘a Naraboyevaning kelgusi siyosiy "o‘sishini" bundan-da yuqoriroq ko‘radi.

O‘zbekistondagi bo‘linishlar

Qozog‘istondagi merosxo‘rlik mish-mishlarini biron hodisa yoki qadamlarga bog‘lash mumkindir, lekin O‘zbekistondagi gaplar anchayin g‘aliz va mavhum.

Stratfor ning yozishicha, Islom Karimovning mamlakatdagi boshqaruvi anchayin mushkulliklarga to‘la va qudrat qator mahalliy klanlar o‘rtasida taqsimlangan. Ular resurslar va xavfsizlik sohasidagi hodisalarda o‘z ulushlari uchun kurash olib boradilar.

Image copyright BBC World Service
Image caption Lola Karimova otasiga merosxo‘rmi?

"Janob Karimov uch asosiy klan, Toshkent, Samarqand va Farg‘ona klanlari o‘rtasida "vositachi" rolini o‘z bo‘yniga olgan. Uning o‘zi Samarqanddan bo‘lsa ham oxirgi yillari Toshkent klaniga o‘zini yaqin tutgan".

"Klanlar o‘rtasidagi ashaddiy raqobat Karimov nazoratni yo‘qotsa yoki qudratdan ketsa beqarorlikka olib kelishi mumkin degan xavotirlarga sabab bo‘lgan. Nazarboyevdan farqli o‘laroq, Islom Karimov aniq merosxo‘rlik "tizimini" ishlab chiqmagan. O‘zbekistondagi klanlar Qozog‘istondagi elitadan ko‘ra ashaddiyroq kurashadigan ko‘rinadilar. O‘zbekiston hukumatida, Karimov ketsa, o‘rnini bir kishi olmasligi uchun parlament tizimiga o‘tish kerakmikan, degan bahslar mavjud, lekin bu yo‘nalishda biron amaliy islohotlar yo‘lga qo‘yilmagan".

Sentyabrda muxolif web sahifalardan birida janob Karimov qizi Lolani merosxo‘r qilib tayinlash haqida qaror bergani borasida maqola chop etildi.

Maqola muallifi Usmon Haqnazarov tahallusi ostida ko‘pdan beri maqolalar chop etib keluvchi shaxs, Stratfor ning manbalariga ko‘ra, O‘zbekiston elitasining o‘z "mujdasini" oshkor etish yo‘lida foydalanadigan shaxsdir.

Haqnazarovning maqolasida aytilishicha, Milliy Xavfsizlik Xizmati rahbari va Toshkent klani "rahbari" Rustam Inoyatov go‘yoki Lola Karimova "nomzodini" qo‘llaydi.

Boshqa manbalarga ko‘ra, janob Inoyatov oxirgi yillarda o‘z qudrat bazasini kengaytirib kelgan va hozirda uning qudrat ko‘lami balki deyarli janob Karimovnikiga teng.

"Lekin Inoyatovning Karimovning o‘zi bilan aloqalari uncha yaxshi emas va Prezidentning o‘rnini egallash uchun yoshi keksa bo‘lishi mumkin. Shuning uchun Toshkent klaniga yaqin va sodiq "nomzod"ni qo‘llash uning uchun qulayroq. Boshqa tomondan Lola Karimovaning oxirgi oylarda televideniye orqali tez-tez ko‘rinish berishi ham bu mish-mishlarni urchitayotgan omillardan biri".

"Lekin Lola Karimovaning siyosiy merosxo‘r bo‘lishi yo‘lida talay to‘siqlar bor. U asosan O‘zbekistondan tashqarida yashaydi va o‘zbek tilida ravon so‘zlasha olmaydi. Bundan tashqari hech qachon hech qanday siyosiy maqomni egallamagan".

Bu o‘rinda savol tug‘iladi. Nima uchun bu kabi noreal "nomzod" haqida "takliflar" o‘rtaga chiqmoqda?

Toshkent klanida kimdir boshqa klanlarning munosabatini bilib qo‘yish uchun buni qilyaptimikan?

"Lola Karimovaning o‘zi Farg‘ona klaniga yaqin ko‘rilgan opasi Gulnora bilan oralari yaxshi emasligini tan olgan. Gulnora Karimova anchadan beri uy qamog‘ida va ko‘plab farg‘onalik biznes hamkorlari hibsga olingan. Lolani ilgari surish Gulnoraning qolgan hamkorlarini ham itarib chiqarish urinishi bo‘lishi mumkin" - deb yakunlaydi o‘z tahlilini Stratfor.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio