O‘ztransgaz: "Gaz yo‘qligi uchun aholi aybdor"

Gaz tanqisligi O‘zbekistonda muntazam muammoga aylangan Image copyright bbcuzbek
Image caption Gaz tanqisligi O‘zbekistonda muntazam muammoga aylangan

Samarqand shahrida uch kundan beri gaz yo‘qligi odamlarni qiyin ahvolga solib qo‘ygan. Jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayevning yozishicha, shahar gaz idorasi norozi odamlar bilan to‘lib toshgan. "O‘ztransgaz" muammoda aholining o‘zi aybdor ekanligini aytmoqda.

"Hatto yoz oyida ham qadimiy shaharning ayrim mavzelarida tabiiy gaz bo‘lmadi. Yomg‘irli sovuq kunlar kelishi bilan ahvol yanada yomonlashdi. Hali havo harorati minus darajaga tushib ketmagan bo‘lsa-da, "zangori olov" bilan muammolar paydo bo‘ldi. Odamlar haqli ravishda "endi nima bo‘ladi", deb so‘rashmoqda", - deb yozadi Toshpo‘lat Rahmatullayev Facebook dagi sahifasida.

Samarqand shahar gaz idorasi yuzaga kelgan muammoni havoning sovib ketishi bilan bog‘lagan.

"Go‘yoki shahar oldin qancha gaz olgan bo‘lsa, hozir ham shuncha gaz olyapti, lekin sarflash ko‘paygan. Bu bosimning tushib ketishiga olib kelgan. Shahar gaz idorasining ishontirishicha, yaqinda hammasi joyiga tushadi. Chunki "O‘ztransgaz" shirkatiga viloyat hamda shahar oladigan gaz hajmini ko‘paytirish so‘rab xat yozilgan", - deydi Toshpo‘lat Rahmatullayev.

Jurnalist "O‘ztransgaz" aholining ehtiyojiga jiddiy munosabatda bo‘lishiga umid qilishini yozgan.

"O‘ztransgaz" tashkiloti gaz yetishmayotganidan xabardor

Shirkatning matbuot kotibi Botir Ziyoyev BBC bilan suhbatda mamlakatning ayrim joylarida gaz yetishmaslik muammosi borligini tan oldi.

Kompaniya vakiliga ko‘ra, ushbu muamoning kelib chiqishida ko‘proq aholi aybdor.

"Gaz yo‘qligiga sabab odamlar katta katta 10 xonali uy qurib olishgan va hammasini isitishni istaydi. Yana noqonuniy ravishda gazli issiqxonalar qurib olishgan. Natijada ayrim joylarga gaz yetishmay qolayapti", - deydi Botir Ziyoyev

Ehtiyoj ortayotgan bo‘lsa, gaz taqsimotini ko‘paytirish kerakligi aytiladi.

Biroq kuzatuvchilarga ko‘ra, hukumat gazni milliy valyuta - so‘mda arzon bahoga sotgandan ko‘ra, xorijga eksport qilib valyuta tushimini orttirishga ko‘proq e‘tibor qaratadi.

O‘zbek gazi Rossiya va Xitoyga sotiladi.

O‘zbekistonda gaz tanqisligi muammosi har yili kuzatiladi. Biroq aholini gaz bilan uzluksiz ta‘minlash borasida zarur choralar ko‘rilmaydi.

"O‘ztransgaz" shirkati matbuot kotibi Botir Ziyoyev bilan suhbatdan anglashilishicha, gaz taqsimotini ko‘paytirish kun tartibiga qo‘yilmagan. Aksincha aholini energiya bilan ta‘minlashning muqobil variantlari ko‘rib chiqilyapti va amalga oshirilayapti.

"Hozir bu kabi muammoni bartaraf etish uchun davlat tomonidan suyultirilgan gaz quyish shahobchalari ko‘paytirilmoqda. Odamlar o‘sha yerdan gaz sotib olib ovqat pishirib turishi mumkin", - deydi Botir Ziyoyev.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq