Yangi raqamlar: Hajda kamida 2.000 ziyoratchi o‘lgan

Image copyright AP

Bu esa, Saudiya Arabistoni rasman keltirayotgan raqamlardan kamida uch barobar ko‘p deganidir.

Bunday xulosaga o‘z izlanishlari ortidan, Amerikaning "Associated Press" axborot agentligi kelgan.

Agentlikka ko‘ra, o‘tgan oy Haj ziyorati chog‘ida Makka yaqinida yuz bergan izdihomda kamida 2.110 kishi qurbon bo‘lgan.

Bu esa, saudiyalik mas‘ullar aytayotgan raqamlardan ancha yuqori.

Agar, ular keltirayotgan raqamlarga tayanilsa, qurbonlar soni 769 nafardan ortmaydi.

"Associated Press" axborot agentligining bildirishicha, bu kabi xulosaga kelishlariga ommaviy-axborot vositalaridagi xabarlar va o‘z fuqarolarini qurbon bergan 30 davlat hukumatlarining bayonotlari asos bergan.

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, Makka yaqinidagi izdihom - musulmonlar uchun muqaddas yillik Haj ziyoratining bu yaqin chorak asrlik tarixidagi eng mudhish qonli voqea bo‘lgandi.

Image copyright Getty

Saudiya Arabistoni tomoni esa, 25 sentyabrdan buyon izdihom qurbonlari va jabrdiylariga oid rasmiy raqamlarini yangilagani yo‘q.

Ularning hisob-kitoblarida taloto‘p chog‘ida yaralanganlarning soni ham halicha 934 dan ortgani yo‘q.

465 nafar fuqarosini qurbon bergan Eron esa, bu mudhish izdihomdan eng ko‘p jabr chekkan davlat bo‘lib chiqqan.

Bundan tashqari, katta sondagi qurbonlar ko‘plab Afrika mamlakatlari hissasiga ham to‘g‘ri kelgan.

Agar, "Associated Press" axborot agentligi raqamlariga tayanilsa, Nigeriyadan 199, Malidan 198 va Misrdan 192 kishi Makka yaqinidagi izdihomda qurbon bo‘lgan.

Agentlikning yangi raqamlari saudiyalik mulozimlarning yana izdihom masalasiga bag‘ishlangan yakshanba tungi yig‘inlari ortidan e‘lon qilingan.

Saudiya Arabistoni davlat axborot agentligi SPA ning xabar berishicha, so‘nggi yig‘inga mamlakat Ichki ishlar vaziri ham bo‘lgan valiahd shahzoda Muhammad bin Naif bin Abdul Aziz boshchilik qilgan.

Yuz bergan izdihom yuzasidan Saudiya Arabistoni podshohi buyrug‘i asosida olib borilayotgan tergov ishlarining esa, hanuz davom etayotgani aytiladi.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, valiahd shahzoda "tekshiruvlar jarayonida anchagina narsani o‘rganishga muvaffaq bo‘lishgani"ni aytgan.

Bundan avval Haj ziyorati chog‘ida yuz bergan eng qonli hodisa 1990 yilga to‘g‘ri keladi.

O‘shanda ro‘y bergan izdihomning bir yarim mingga yaqin ziyoratchining umriga zomin bo‘lgandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq