Turkmaniston: Prezident yana bir iqtidorini namoyish etdi

Turkmanistondan olingan xabarlardan prezident Gurbanguli Berdimuhammedovning yana she‘r yozishi ham ma‘lum bo‘ldi.

Turkman rahbarining she‘ri uning hali u, hali bu iqtidoridan "ogoh etib" kelayotgan davlat nashrlaridan birida paydo bo‘ldi.

Ayon bo‘lishicha, kundalik "Neytralniy Turkmenistan" gazetasining old sahifasida chop etilgan to‘rt misr she‘r aynan prezident Gurbanguli Berdimuhammedov qalamiga mansub.

Va, agar, "Chrono-tm.org" web sahifasi tarqatgan xabarga tayanilsa, rahbarlarining ilk "ijod mahsuli" turkmanistonlik mulozimlarning ham e‘tiborlaridan chetda qolmagan.

Ular yangi muzeyning ochilishi marosimi chog‘ida bu to‘rt misr she‘rni omma ko‘z o‘ngida jo‘ravozlikda o‘qib berishgan.

Mulozimlarning bu ishlari esa, ushbu tadbir aks etga televizion lavhadan ma‘lum bo‘lgan.

Xabarlarga ko‘ra, prezident Berdimuhammedovning "Olg‘a, olg‘a! Faqat olg‘a, ona Vatanim – Turkmaniston!", deb nomlanuvchi bu she‘ri vatanparvarona ruhda yozilgan.

She‘rning o‘zi esa, "Oh, mening jonajon vatanim, sen do‘stsan va bahorsan!" kabi misralar bilan boshlanib, "Tinchligimiz va qalblarimiz bitta bayroq bilan bog‘langan, hamda sen butun olamu jahon nishonisan!", kabi so‘zlar bilan yakun topadi.

Turkmaniston prezidenti o‘zining turfa qobiliyatlarini bundan avvl ham namoyon etgan.

Jumladan, 2011 yilda "Oq gullarim, sizlar uchun", deb nomlanuvchi ishqiy qo‘shig‘ini shaxsan o‘zi qo‘liga gitara olib, ijro etib bergandi.

Turkmaniston davlat televideniyesi bu qo‘shiqning ham prezident Berdimuhammedov tomonidan bitilgani haqida xabar bergandi.

Ammo ayrim tahlilchilar esa, shunga o‘xshash qo‘shiq bundan oldin ham bo‘lganini aytib, bu kabi xabarlarni savol ostiga ham olishgandi.

Qo‘shni Turkmanistonning 58 yoshli prezidenti, ayniqsa, o‘zining poygachilik "mahorati" bilan ancha tanilgan.

Ya‘ni, prezident Berdimuhammedovning turli avto va ot poygalaridagi ketma-ket g‘alabasiga oid xabarlar turli ommaviy-axborot vositalari uchun odatiy tus olib ulgurgan.

Bundan uch yil muqaddam esa, Turkmanistonda prezidentning dorivor giyohlarga bag‘ishlangan ilmiy ishlarining turkman, rus va ingliz tillaridagi uchinchi jildi keng jamoatchilikka taqdim etilgandi.

Turkmanistonning amaldagi prezidenti yana qator asarlar muallifi hisoblanadi.

Janob Berdimuhammedovning, bundan tashqari, "Turkmanistonda sog‘liqni saqlash tizimi rivojlanishining ilmiy asoslari", "Turkmaniston - sog‘lom va yuksak axloqli insonlar mamlakati", "Axaltekin otlari - bizning shon va sharafimiz" va "Taraqqiyotning yangi cho‘qqilari sari" degan kitoblari ham nashrdan chiqqan.

O‘tgan yil oxirlarida esa, turkman rahbarining "Odamdan yaxshi nom qoladi", degan ilk romani dunyo yuzini ko‘rgandi.

Prezident o‘z romanini o‘qituvchi bobosi Berdimuhammad Annayevga bag‘ishlagandi.

Gurbanguli Berdimuhammedov 2012 yilgi saylovlarda ikkinchi bor Turkmaniston prezidenti etib saylangandi.

U marhum Turkmanboshi Saparmurot Niyozovning kutilmagan o‘limi ortidan 2007 yilda ilk bor qudratga kelgandi.

Prezident Berdimuhammedov, bundan tashqari, Turkmaniston Fanlar akademiyasining akademigi, tibbiyot fanlari doktori va professor sanaladi.

U 90-yillar oxirlarida Turkmaniston Sog‘liqni saqlash vaziri bo‘lib ham ishlagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq