"Valyuta bozoriga davlat aralashuvi zarur"

Kuzatuvchilar 22 oktyabrni "qora payshanba" deb atashmoqda
Image caption Kuzatuvchilar 22 oktyabrni "qora payshanba" deb atashmoqda

O‘zbekistonda dollar narxining ko‘tarilishi aholini sarosimaga solib qo‘ygan. Erkin bozorda o‘zbek so‘mi qadrining tushib ketishidan oddiy odamlardan tortib, tadbirkorlargacha aziyat chekayotgani aytilmoqda. Kuzatuvchilar valyuta bozoriga davlat tomonidan aralashuv bo‘lishi kerakligini ta‘kidlashmoqda.

O‘zbek so‘mi so‘nggi 10 kunning ichida qariyb ming so‘mga qadrsizlangan. Ayniqsa, 22 oktyabr kuni dollar narxi soat sayin qadrsizlandi.

Ertalab 5520 so‘mdan sotilgan bir dollar, kechki soat 18:30 ga borib 5900 so‘mga chiqib ketgan.

BBC bilan gaplashgan tadbirkor va oddiy odamlarning aytishicha, o‘zbek so‘mining so‘nggi 10 kunning ichida qariyb ming so‘mga qadrsizlanishi aholi orasida sarosima paydo qilgan.

Oziq ovqat mahsulotlarining narxi hozircha ko‘tarilmagan bo‘lsa-da, shu kunlarda ko‘tarilishi aytilmoqda. Chunki O‘zbekistonda iste‘mol qilinadigan xaridorgir un va yog‘ mahsulotlari asosan chetdan dollar evaziga olib kelinadi.

Ammo texnika mahsulotlarinnig narxi dollar bahosi o‘zgarishi bilan o‘zgarmoqda, ya‘ni qimmatlashmoqda.

Bir ayolning aytishicha, iqtisodiy ahvolning yomonlashuvi va so‘m qadrining tushib ketishi natijasida u yashab turgan shaharda nochor odamlar soni ko‘paygan. Qornini to‘ydirish uchun pul topsa, kiyim bosh qilishga qiynalib qolayotgan odamlar soni ortgan.

Poytaxt Toshkentda ham dollarning ko‘tarilib ketishi ijarada turuvchi odamlarning ahvolini tang holatga keltirib qo‘ygan. Shaharda o‘rtacha ikki xonali uyni ijaraga olish ayni damda 200 dollarni tashkil qiladi. Poytaxtda uy-joy dollar bilan hisob kitob qilingani uchun ijarachi arenda haqqini dollarda to‘lashi kerak.

Poytaxtda boshqa shaharlardan farqli ravishda o‘rtacha oylik balandroq va 1 million so‘mni tashkil qiladi.

Image caption Besh mingtalikka bir dollar beriladigan kunlar tarixga aylangan

200 dollarni ayni vaqtda 1 million 180 ming so‘mga olish mumkin. Ko‘rinib turibdiki, ijarada yashovchi oiladagi bir kishi ishlab topgan pul kvartira puliga ham yetmaydi.

O‘zbek so‘mi bir yilning ichida qariyb 2 barobar qadrsizlandi. Biroq oylik maoshlarda sezilarli ko‘tarilish bo‘lgani yo‘q.

Kasodga uchrayotgan tadbirkorlar ko‘paymoqda

O‘zbek rasmiylari erkin bozordagi dollar kursini tan olishmaydi. Hukumat o‘zini bunday bozor yo‘qdek tutadi.

Har zamonda huquq tartibot organlari tomonidan o‘tkaziladigan reydlarda dollar sotishga uringan shaxslardan ma‘lum miqdorda pul musodara qilingani haqida xabarlar chiqib turadi.

Ammo ushbu hisobotlardagi dollar kursining erkin bozordagi kursga to‘g‘ri kelmasligi bu borada ham korruptsiya borligini ko‘rsatishi aytiladi.

BBC bilan suhbatlashgan tadbirkor, jamiyatda dollarga talab kattaligi uchun ham narxi oshib ketayotganini aytadi. Unga ko‘ra, hukumat erkin bozorga qo‘shimcha dollar chiqarib vaziyatga aralashmasa ahvol yanada yomonlashishi mumkin.

Bundan avvalo, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami aziyat chekishi mukinligi aytiladi. Bunday qatlam O‘zbekistonda oxirgi vaqtlarda ko‘paygan.

Fergana.ru internet saytining yozishicha, dollarning qimmatlashib ketishi o‘zbek tadbirkorlariga qattiq zarba bo‘lgan. Toshkent shahar soliq inspektsiyasi tadbirkorlar tomonidan kasodga uchrashlik to‘g‘risidagi arizalarni qabul qilishga ulgurmayapti.

Xabar agentligiga ko‘ra, 21 oktyabr kuni birgina Yunusobod tumanida 80 ortiq ana shunday arizalar qabul qilingan.

O‘zbekistondagi tadbirkorlardan birining BBCga aytishicha, xususiy tadbirkorlarning aksariyati chetga eksport bilan shug‘ullanmaydi. Bu ish bilan faqat yirik yirik davlat korxonalari shug‘ullanadi.

Tadbirkorlar esa o‘z mahsulotlarini faqat O‘zbekiston ichida sotgani bois ularga so‘mning qadrsizlanishidan foyda yo‘q. Balki ziyon ham ko‘rishlari mumkin. Sababi ishlab chiqarish uchun ketadigan mahsulotlar yoki uskunalar dollar evaziga chetdan keltiriladi. Dollarning qimmatlashuvi ularning ham mahsulotlari narxiga bevosita ta‘sir qiladi.

Umuman O‘zbekiston ichida dollar bilan bilan savdo qiluvchi sohalar ko‘payib borayotgani aytiladi. Mashina, uy-joy oldi sotdisi, ijara dollarda hisob kitob qilinadi. Chetdan keladigan tovarlarning aksariyati dollarda.

Undan tashqari davlat nazorati ostida bo‘lgan ayrim yo‘nalishlarga avia chipta sotish, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yangi mashinalarning ba‘zilarini faqat dollarda olishingiz mumkin. Biz bilan suhbatda bo‘lganlarning aytishicha, hatto pora berish ham ko‘p hollarda o‘zbek so‘mida emas, dollarda amalga oshirilmoqda.

Bularning hammasi bankdan dollarni erkin sotib olishning imkoni yo‘q bir sharoitda sodir bo‘lmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq