Shvetsiya: Qotil musulmonlarni yoqtirmagan

Qotil hujumdan oldin o‘quvchilar bilan suratga tushgan Image copyright AFP
Image caption Qotil hujumdan oldin o‘quvchilar bilan suratga tushgan

Shvetsiya sharqidagi maktablardan birida o‘qituvchi va bir o‘quvchini o‘ldirgan niqobli shaxs irqchi bo‘lgan.

Politsiya boshlig‘i Niklas Xalgrenning aytishicha, hujumchining uyi tintuv qilinganda va hujum vaqtidagi hatti harakatlaridan shunday xulosaga kelingan.

Shved matbuoti 21 yoshli jinoyatchining o‘ta o‘ng qanot qarashlarga ega bo‘lgani haqida yozmoqda.

Hujumchi "Yulduzlar jangi" filmi bosh qahramoni Dart Veyder kiyimini kiyib olgan. U Geteborgga yaqinidagi Trollxatten shahridagi maktabga qilich bilan qurollanib bostirib kirgan.

Guvohlarga ko‘ra, avvaliga u maktabning bir necha o‘quvchisi bilan suratga tushgan. O‘quvchilar uni Hellouin arafasida shunday kiyinib olgan, deb o‘ylashgan.

Shundan so‘ng u qilichini siltab sinflarga kirib borgan. O‘qituvchilardan biri va 17 yoshli o‘smir tig‘ zarbidan halok bo‘lgan. 15 yoshli o‘quvchi va 41 yoshli o‘qituvchi og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.

Image copyright EPA
Image caption Maktab oldida o‘tganlarni xotirlashgan

Hujumchining ismi oshkor qilingani yo‘q, biroq politsiya uning mahalliy aholi vakillaridan ekanligini aytmoqda.

Shvetsiya motamda

Politsiyaga mahalliy vaqt bilan soat 10:10 qo‘ng‘iroq bo‘lgan. Hodisa joyiga politsiya yetib kelganidan so‘ng niqobli shaxs otib o‘ldirilgan.

Maktabdagi fojea shved jamoatchiligini ruhiy larzaga solgan. Trolxattenga otlangan Shvetsiya Bosh vaziri Stefan Lyovan, bu mamlakat tarixidagi qora kun ekanligini aytgan.

"Maktab bolalar o‘qiydigan, o‘ynaydigan, qiziqish uyg‘otadigan va do‘stlashadigan joy bo‘lishi kerak. Shuning uchun ushbu fojea butun mamlakatimizga dahl qiladi", - degan Bosh vazir.

Payshanba kuni kechga tomon maktab devori oldida o‘nlab odam yig‘ilgan. Ular halok bo‘lganlarni xotirlagan, gullar qo‘ygan va sham yoqishgan.

Ayrim shaharliklar maktab oldida "Nima uchun o‘ldirish kerak?" degan yozuvlarni ko‘tarib tuni bo‘yi turishgan.

Shved matbuotining yozishicha, hujumchining Faceebook va Youtube dagi sahifalarida u Gitler shaxsi va fashist Olmoniyasi tarixi bilan qiziqqanini ko‘rsatadi. U shuningdek, Islom va muhojirlarga nisbatan sabrsizligini namoyish qilgan.

"Biz bu odam qotilligini irqchi qarashlaridan kelib chiqqaniga ishonamiz. Bunday xulosaga uyini tintuv qilganimizda va o‘z qurbonlarini tanlash asoslarini ko‘rib keldik", - degan mahalliy radioga gapirgan politsiya manbasi.

Niqobli shaxs oldin politsiya nazariga tushmagan.

"U hech kimga qo‘shilmasdi. Kompyuter o‘yinlari o‘ynar va o‘z dunyosida yashardi", - degan sobiq sinfdoshlaridan biri Expressen ro‘znomasiga.

Guvohlar jinoyatchi ikki sinf eshigini taqillatib, uni ochgan o‘quvchilarga hujum qilganida qanday tartibsizlik yuzaga kelganini gapirib bergan.

O‘smirlardan biri olgan jarohati natijasida nobud bo‘lgan.

Image copyright Reuters

Politsiya hujum qurbonlarining ham ismini aytgani yo‘q.

Shvetsiyaning TV4 kanaliga gapirgan 14 yoshli Leyt Alaze, do‘stlaridan biri hujumchini to‘xtatish uchun u tomon bormoqchi bo‘lgan. Biroq qotil o‘qituvchiga qilich tiqqanidan so‘ng hamma qocha boshlagan.

Yana bir o‘quvchining aytishicha, qora kiyingan shaxs "qilich bilan sollanib askar kabi yurgan".

Kronan maktabida 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan 400 o‘quvchi ta‘lim oladi. ularning ko‘pchiligi muhojirlarning bolalari.

Trolxatten - Shvetsiya sharqidagi sanoat shahri, mamlakatdagi ikkinchi yirik shahar Geteborgadan 75 chaqirimlik masofada joylashgan.

Maktablarda bu kabi hodisalar Shvetsiyada deyarli uchramaydi. Bir odamning o‘limi bilan yakun topgan shunga o‘xshash hodisa so‘nggi 20 yil ichida bir marta sodir bo‘lgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio